00:20 / 09.10.2021
2 281

Samvel Babayan: jamoani keyingi o‘yinlarga tayyorlamasligi va futbolchilarga boshqa ko‘rsatma bermasligi haqida

Samvel Babayan: jamoani keyingi o‘yinlarga tayyorlamasligi va futbolchilarga boshqa ko‘rsatma bermasligi haqida
O‘zbek futbolidagi taniqli mutaxassislardan biri Samvel Babayan shu yilning yozida "Navbahor" futbol klubida ish boshladi.
Bilasiz, "Navbahor" bungacha faqat bir marta - 1996 yil O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Jamoaning dastlabki va yagona chempionligida bugun klubda mehnat qilayotgan kishilarning ham hissasi bor. Gap 1996 yil "Navbahor"da faoliyat olib borgan Viktor Jalilov va Samvel Babayan haqida boryapti. Klubning hozirgi rahbariyati bejizga Viktor Jalilov bilan Samvel Babayanni taklif etgani yo‘q, bundan ko‘rinib turibdiki namanganliklar yana chempion bo‘lishni maqsad qilgan.

Lekin bu mavsum orzu amalga oshmaydigan bo‘ldi. Chunki "Navbahor" birinchi davrani bir tekis o‘tkazmadi va ko‘p ochkolar boy berilgani tufayli hozir turnir jadvalining 8-pog‘onasida boryapti. Balki keyingi yilga chempionlik maqsadi qo‘yilar.

FIFA kunlari sabab Superligada tanaffus yuzaga kelgan. Ushbu tanaffusdan unumli foydalanib, "Navbahor" maslahatchi murabbiyi Samvel Babayanni suhbatga tortdik. Suhbat davomida Samvel Vyacheslavovich qog‘ozda maslahatchi murabbiy bo‘la turib, nima uchun jamoani boshqarayotgani, qo‘l ostida "Navbahor" qanday natija ko‘rsatganini aytib berdi va eng qizig‘i, keyingi bahslarda jamoaga yaqindan yordam bera olmasligini ma’lum qildi. Unga atrofdan bosim bo‘ldimi? Buni intervyuni o‘qigach bilib olasiz.

- Samvel Vyacheslavovich, keling suhbatimizni biroz ortga nazar tashlash bilan boshlasak. 2019 yil “Lokomotiv”da faoliyat olib bordingiz va chempionat tugashiga bir tur qolganida Namanganda bo‘lib o‘tgan “Navbahor” - “Lokomotiv” uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumanida shunday degansiz: "Menga katta futbol sari ilk qadamni “Navbahor” ochib berdi, shu bois bu klubdan minnatdorman va doim qarzdorman. O‘ylaymanki, bir kun kelib “Navbahor”ga qaytaman va bu jamoa bilan yuksak natijalarga erishamiz". Taqdirni qarangki, o‘shanda aytilgan gap oradan ikki yil o‘tmasdan haqiqatga aylanib, Siz “Navbahor”da ish boshladingiz. 2019 yilning kuzidagi bu gaplar tez amalga oshishi shunchaki tasodifmi yoki o‘ylangan rejamidi?

- Shuni aytishim mumkin, men bu gaplarni shunchaki havoga gapirmaganman, balki yurakdan aytganman. Chindan ham “Navbahor” faoliyatimdagi ilk katta klub hisoblanadi va bu jamoa oldida har doim qarzdorman. Men futboldagi ilk sovrinni 1996 yil “Navbahor” bilan qo‘lga kiritganman, o‘shanda mamlakat chempioni bo‘lgandik.

“Navbahor”ga qaytishdan maqsad - klubning oldingi mavqeini tiklash. Namanganda juda ajoyib ishqibozlar bor va ular o‘z suyuklilarini doim yuqori o‘rinlarda va ayniqsa Osiyo chempionlar ligasida ko‘rishni xohlashadi. Namanganda futbolni muxlislarsiz tasavvur qilish qiyin, hatto pandemiya payti o‘yinlar yopiq tarzda o‘tkazilganida ham ishqibozlar stadionga kirishga harakat qilishdi, kerak bo‘lsa stadion tashqarisida jamoani qo‘llab turishdi. Bunaqasini kamdan kam klublarda ko‘rasiz.

“Navbahor”ga qaytib ish boshlashdan avval Namangan viloyati hokimi Shavkat Shokirjonovich Abdurazzoqov bilan gaplashdim. U kishining gaplaridan ko‘rinib turibdiki, “Navbahor”ni chempion jamoa sifatida ko‘rishni xohlaydi. Shavkat Shokirjonovichda futbolga qiziqish va ishtiyoq yuqori, o‘zlari ham juda yaxshi futbol o‘ynaydilar, u kishi klubning yangi tarixini yozishga harakat qilyapti. Shu bois ham men ayni payt “Navbahor”da faoliyat olib boryapman. Bu yerda maslahatchi murabbiy bo‘lib ish boshladim va ishim faqat asosiy jamoadan iborat emas. Ish jarayonim asosiy jamoadan tashqari keng qamrov hosil qilgan. Masalan, klub tizimi va strategiyasini rivojlantirishda o‘z bilimim bilan foyda qo‘shish, yoshlar va bolalar guruhlari o‘yinlarini kuzatish, seleksiya ishlarini olib borish, iqtidorli futbolchilarni asosiy tarkibga jalb qilish va hokazo.

- Klub rasmiy sayti bergan ma’lumotga ko‘ra, Siz 10 iyuldan “Navbahor”da maslahatchi murabbiy bo‘lib ish boshladingiz.
- Ha, shunday. Men ishga kirishganimda “Navbahor” Superliga turnir jadvalining 10-o‘rnida edi. Jamoa oldida ikkita yo‘l turardi: yo yuqori pog‘onalarga ko‘tarilish, yoki Superligada qolish uchun kurashish. Albatta, “Navbahor”dek jamoaga pastki o‘rinlar yarashmaydi. Qolaversa muxlislar ham buni qabul qilmaydi. Shu bois yeng shimarib ishga kirishdik va jamoani yuqoriga ko‘tarish harakatini boshladik.

Murabbiylar shtabi bilan birgalikda eng avvalo o‘yinga tayyorgarlik rejasini ko‘rib chiqdik, ba’zi narsalarni muhokama qilib oldik. Jamoa uchun har bir o‘yinga taktik sxema ishlab chiqdik, zaxiradan tushadigan futbolchilar evaziga o‘yinni kuchaytirish yo‘llarini o‘ylay boshladik. Bo‘lajak raqiblarni o‘rgandik, ularning kuchli va kuchsiz tomonlarini topish ustida ish olib bordik.

Bu holat men jamoaga yaqindan yordam berib kelishni boshlagandan toki 21-turning “Surxon” - “Navbahor” o‘yinigacha davom etdi. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra, Termizdagi o‘yinga bora olmadim. “Navbahor” bilan 8 tur birga ishlagan bo‘lsam, mana shu sakkiz turda jamoa ochko yig‘ish bo‘yicha “Paxtakor”dan keyin ikkinchi bo‘ldi. “Paxtakor” 19 ochko to‘plagan bo‘lsa, “Navbahor” 15 ochko yig‘di.

Men jamoaga yordam bergan o‘yinlarda to‘rt marta g‘alaba qozonib, uch bor durang o‘ynadik va faqat bitta o‘yinda mag‘lub bo‘ldik. Menimcha, buni yaxshi ko‘rsatkich desa bo‘ladi. Qolaversa o‘yinlarimiz grafigi juda murakkab edi. Biz chempionat yetakchilariga qarshi bahs olib bordik: “Paxtakor”, “Nasaf”, “So‘g‘diyona”, AGMK, “Lokomotiv” va bu jamoalarga qarshi bahslar oson o‘tmasligini yaxshi bilasiz. Aksar uchrashuvlarda birinchi davradagi futbolchilardan foydalanganimizni hisobga olsak, hozirgi “Navbahor” yulduzli tarkibsiz ham natija ko‘rsata olishini namoyish etdi. Shu payt yodimga 2014-2015 yilgi mavsumlar tushadi, o‘shanda ham “Paxtakor” tarkibi yulduzli emasdi, biroq yakunda chempion bo‘lgandik.

- “Surxon” - “Navbahor” uchrashuvini o‘tkazish uchun Termizga bormaganingiz sababi nimada?
- Buni shunday izohlashim mumkin. “Navbahor” qiyin o‘yinlarni o‘tkazib oldi va bu mavsum chempionatni o‘rta o‘rinlarda tugatadi. Viloyat rahbari keyingi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash haqida topshiriq bergan. “Navbahor” kelasi mavsum o‘z oldiga jiddiy vazifalarni qo‘yishi uchun bugundan qadam tashlashi kerak deb hisoblaymiz. Buning uchun birinchi navbatda katta hajmdagi seleksiya ishlarini olib borishga to‘g‘ri keladi.

Bizga qiyin vazifalarni uddalay oladigan futbolchilar zarur. Kelasi yil jamoaning futbol falsafasi va tarkibi qanday bo‘ladi, bu haqda hozirdan o‘ylashga to‘g‘ri kelyapti. Shu bois men asosiy jamoadan uzoqlashgan holda boshqa ish bilan mashg‘ul bo‘laman. Termizga bormaganimning ham sababi shu.

So‘rashingiz mumkin, buyog‘iga nima bilan shug‘ullanasiz? Birinchi navbatda o‘yinlarni tahlil qilaman, boshqa uchrashuvlarga tashrif buyuraman. Ehtimol “Navbahor” o‘z maydonida o‘ynayotgan mahal men boshqa shaharda bo‘lib, umuman boshqa jamoalar o‘rtasidagi o‘yinni kuzatayotgan bo‘lishim mumkin.

Qisqacha aytganda, ko‘proq keyingi mavsum uchun seleksiya bilan mashg‘ul bo‘laman, “Navbahor”ni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan nomzodlarni qidiraman, jamoaga biz taklif etmoqchi bo‘lgan futbolchilar ro‘yxati bor, ko‘proq shular bilan shug‘ullanaman. Yana bir gap, bu orada chetga chiqib legionerlarni ham ko‘rib kelishim mumkin, chunki meni agentlar yuboradigan videorolik qoniqtirmaydi, men jamoaga kerakli futbolchining qanday o‘yin namoyish etishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, shundan keyin taklif etishni xohlayman.

"Navbahor"ning keyingi o‘yinlarida na mashg‘ulot jarayonida, na futbolchilarga ko‘rsatma berish chog‘ida men bo‘lmayman. Klub rahbariyati bilan kelishgan holda shu to‘xtamga keldik. Aytib o‘tganimdek, buyog‘iga eng asosiy ishim keyingi mavsum uchun kuchli jamoani shakllantirish bo‘ladi.

- Asosiy jamoadan birdaniga uzoqlashingiz ba’zi savollarni keltirib chiqaryapti. Masalan, sizga O‘FA yoki PFL tomonidan bosim bo‘ldimi?
- Yo‘q. Menga hech kim jamoadan chetda yur degani yo‘q. Lekin ikkinchi tomondan hammamiz musobaqalar o‘tkazish Reglamentini hurmat qilishimiz kerak. O‘yin payti texnik hududda faqat bosh murabbiy futbolchilarga ko‘rsatma berishi mumkinligi haqidagi band Reglamentga kiritildi. Buni ham to‘g‘ri deb hisoblayman. Bunday qilishdan maqsad, ko‘p yillardan beri ba’zi klublarda bosh murabbiy bo‘lmagan kishilar jamoani boshqarib keldi.

Men bilan yuzaga kelgan vaziyatda “Navbahor” bosh murabbiyi Viktor Jalilov bo‘la turib, mana shu 8ta uchrashuvda jamoani men boshqardim va futbolchilarga ko‘rsatma berdim. Bu bilan bosh murabbiylikka da’vo qilganim yo‘q, balki o‘z bilimim va tajribam orqali jamoaga yordam berishni xohladim.

O‘yin payti hissiyotlarni ushlab turish qiyin va ko‘p hollarda o‘rningizdan turib gapirib yuborasiz. “Paxtakor” va “Lokomotiv” bilan bahslarda haddan tashqari hissiyotga berildim, buni tan olaman, chunki natija ko‘rsatishimiz kerak edi. Reglamentda faqat bosh murabbiy ko‘rsatma berishi kerak degan bandni buzib, futbolchilarga ko‘rsatma berdim va buning uchun jarima ham to‘ladim. Biz bu mavzu bo‘yicha PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev bilan gaplashib oldik. Men Reglamentni hurmat qilaman va bu borada savollar yo‘q.

- O‘yin payti faqat bosh murabbiyning texnik hududda erkin harakat qilishi va futbolchilarga ko‘rsatma berishi tushunarli. Lekin ikkinchi tomondan olib qaraydigan bo‘lsak, hammamiz ham odammiz. Bosh murabbiylar 90 daqiqa o‘rnidan turib gapiraversa toliqib qolishi mumkin. Misol uchun Viktor Jalilov yosh emas, u kishida ham charchoq alomatlari ko‘rinadi.
- Bu yangilikdan shu ma’no chiqyaptiki, agar yordamchi murabbiy Babayan emas, boshqa inson bo‘lganida bunday sanksiya balki qo‘llanilmasdi. Meni hayron qoldirgan tomoni Reglamentga shu o‘zgartirish kiritilgandan so‘ng yozilgan xabarda bu o‘zgarishning Babayanga sira aloqasi yo‘q deb qo‘shib qo‘yilgani bo‘ldi. Tushunmadim, nima uchun faqat men bilan bog‘lashdi? Vaholanki, ko‘p o‘yinlarda ko‘ryapmiz, yordamchilar turib gapirsa ham hech kimga jarima solinmayapti.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Roma” - “Empoli” bahsida Joze Mourino qanchadir payt o‘z joyida o‘tirdi va uning yordamchisi futbolchilarga ko‘rsatma berdi. Taxminan 10 daqiqacha shu hol davom etdi. Lekin to‘g‘ri aytdingiz, har doim ham bosh murabbiy o‘rnidan turib ko‘rsatma bera olmasligi mumkin va shu payt yordamchilarning gapirishini tushunsa bo‘ladi.

- Qiziq, buyog‘iga asosiy jamoaga aralashmasangiz, ish jarayoningiz qanday ko‘rinish oladi?
- Aytib o‘tganimdek, oldimizda turgan eng asosiy vazifa bu - keyingi yil uchun aniq maqsad va vazifalarni belgilab olish. Bu mavsum deyarli o‘tdi hisob. Shunisi aniqki, “Navbahor” chempionatni o‘rta pog‘onalarda yakunlaydi.

Viloyat hokimi Shavkat Shokirjonovichning fikricha, tezroq bu mavsumni yakunlab, keyingi yil uchun jamoa tuzishimiz kerak. “Navbahor” kelasi yil o‘z oldiga chempionlikni qo‘yadigan va Osiyo chempionlar ligasi uchun kurashadigan jamoa sifatida qaytishi kerak. Agar klub tanlayotgan yo‘l imkoniyatlar darajasiga to‘g‘ri kelsa, mana ko‘rasiz “Navbahor” juda kuchli va raqobatbardosh klub bo‘lib qaytadi.

- Yaqinda bir gap eshitdik. Ya’ni, siz Toshkent shahar hokimi va “Paxtakor” futbol klubi raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashgansiz va uchrashuv chog‘ida “Paxtakor”ga qaytishingiz mumkinligi haqida gap borgan. Bu qanchalik to‘g‘ri?
- Men shahar hokimi bilan uchrashganim yo‘q, faqat “Paxtakor” klubi rahbariyati bilan suhbatlashdim. Lekin bu suhbat klubga qaytishim haqida bormadi, balki men ochgan xususiy bolalar akademiyasini “Paxtakor” tarkibiga o‘tkazish haqida bordi. Toshkentda xususiy maktab tashkil qilib, 8 oy boshqardim va shundan so‘ng “Paxtakor”ga berib yubordim. Nima uchun aynan “Paxtakor”ga? Buning sababi oddiy, birinchidan, “Paxtakor” yuragimga juda yaqin jamoa, ikkinchidan maktabdagi yosh futbolchilarni atayin “Paxtakor” uchun tarbiyalab bordik. Men aynan shu mavzu bo‘yicha klub rahbariyati bilan uchrashdim.

- Agar savolni ochiqroq beradigan bo‘lsam, “Paxtakor” futbolchilari olayotgan maosh kattaligi klubning hozirgi rahbari Jahongir Ortiqxo‘jayevga yoqmagan va shunda Siz kamroq budjet bilan ham klubni boshqara olaman degan gapni aytgansiz.
- Yo‘q, shahar hokimi bilan hech qanday muloqot qilmadim. Lekin menimcha, hokim ertami-kechmi o‘zbek futboli bayroqdori “Paxtakor” o‘z paytida qanday budjet bilan chempion bo‘lgani hamda terma jamoalarga nechta futbolchi yetkazib bergani haqidagi aniq va xolis axborotga ega bo‘ladi deb o‘ylayman.

Hozirgi “Paxtakor” sarflayotgan mablag‘dan besh barobar kam budjet bilan mamlakat chempioni bo‘ldik, Kubokni qo‘lga kiritdik, Osiyo chempionlar ligasida qatnashdik. Jamoa o‘zagini klubga sadoqat ruhida tarbiyalangan akademiya tarbiyalanuvchilari tashkil etardi.

Bundan tashqari kamtarin budjet bilan “Paxtakor” ikki bor Osiyo chempionlar ligasi yarim finaliga chiqdi, Osiyoning eng yaxshi jamoasi bo‘ldi va MDH Kubogida zafar quchdi. Dastlabki besh yillik tarixida juda katta pullarni sarflagan “Bunyodkor” ham keyinchalik mablag‘ni tejash yo‘liga o‘tdi, chunki ko‘pchilik aksionerlar klubdan ketib bo‘lgandi.

“Paxtakor” esa asosiy urg‘uni o‘z tarbiyalanuvchilariga qaratib, bundan sira yutqazmadi. Biz akademiya - yoshlar - farm klub – o‘rinbosarlar va asosiy jamoa o‘rtasidagi bog‘liqlikni yuzaga keltirib, shuning evaziga katta natijalarga ega chiqdik. Shunday o‘yinlar bo‘ldiki, maydonga faqat 11 nafar “paxtakorchi” tushdi.

Dunyo futbolida faqat o‘z tarbiyalanuvchilariga tayanib, qiyin sharoitda ham chempion bo‘lgan jamoa kam uchraydi. Asosan o‘zidan chiqqan futbolchilarni o‘ynatadigan klublar bor, lekin chempion bo‘lganlari kam. “Paxtakor” o‘sha yillari kam budjetli professional klub, shu bilan birga ahil oila ham edi.

- Kelasi yil “Paxtakor”ga qaytishingiz mumkinmi?
- Men - professionalman. Hozirgi faoliyatim “Navbahor” bilan bog‘liq ekan, boshqa klub haqida gapirish odob-axloq va madaniyatga to‘g‘ri kelmaydi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkinligi haqida doim gapirib kelinadi, mening oldimda har doim variantlar bo‘lgan: xoh o‘zimizdan, xoh chetdan.

- “Navbahor”dagi birinchi kuningiz va birinchi mashg‘ulotni eslab o‘tsangiz.
- Mashg‘ulotimizni ko‘rish uchun ko‘p muxlislar keldi. Qirg‘iziston klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida ham ko‘pchilik o‘yinimizni kuzatdi. Men ishqibozlar oldiga borib, ular bilan gaplashdim, birgalikda ishlashimizni va yaxshi natija ko‘rsatishimizni aytdim. O‘zaro suhbat chog‘ida muxlislarning menga nisbatan hurmatini va ularning qo‘llab-quvvatlashini his qildim. Bu eng asosiysi.

Termizga bormaganimdan xabar topganlar menga sms yozdi: nima uchun bormadingiz, siz bormaganingiz uchun yutqazib qo‘ydik deganlar bo‘ldi. O‘ylaymanki, muxlislar ishlaydigan va ishlamaydigan murabbiylarni ajrata oladi. Dunyoda murabbiylar ko‘p, men hammani hurmat qilaman, chunki murabbiylik kasbi naqadar og‘irligini juda yaxshi bilaman.

Lekin hamma joyda murabbiylar ikki xil bo‘ladi: natija ko‘rsatadigan va natija ko‘rsata olmaydigan. Men 8ta o‘yinda “Navbahor”ni boshqarib, mashg‘ulotlarda ishtirok etib, murabbiylarga yaqindan yordam bergan bo‘lsam, faqat bitta bahsda mag‘lub bo‘ldik. Jizzaxda juda og‘riqli mag‘lubiyatni qabul qilib oldik, vaholanki mag‘lubiyatga loyiq emasdik. Raqib darvozasiga ikkita aniq penalti berilmadi, yana nima deyishim mumkin.

- “Navbahor”ning safarda “Surxon”ga imkoniyatni boy berishi kutilmagan hol bo‘ldi. Chunki kuchlilar bilan ochko olgan jamoa autsayderga yutqazib qo‘ydi.
- Men jamoani bu o‘yinga tayyorlamaganim va Termizga bormaganim uchun u yerda nimalar bo‘lganini bilmayman. Shu bois bu savolga boshqalar javob bergani ma’qul. Faqat shuni aytishim mumkin, ikki nafar asosiy himoyachimiz o‘yinda ishtirok eta olmadi. Davron Hoshimov diskvalifikatsiya, Igor Golban esa o‘yin kuni isitmasi chiqishi tufayli bahsni majburan o‘tkazib yubordi. Balki shu ham sabab bo‘lgandir.

- Aytaylik keyingi o‘yinlarda “Navbahor” yana ochko yo‘qotsa va klub rahbariyati Sizdan jamoaga yordam berishni so‘rasa qanday yo‘l tutasiz?
- Men klubdan ketayotganim yo‘q, faqat ish funksiyam o‘zgardi. Baribir murabbiylar shtabi Termizdagi mag‘lubiyat sababini o‘rganadi, o‘yin tahlil qilinadi. Lekin aytib o‘tganimdek, keyingi uchrashuvlarda natija qanday bo‘lmasin, jamoani men boshqarmayman, zaxira o‘rindig‘ida o‘tirmayman va futbolchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazmayman. Hatto o‘yin kuni men boshqa shaharda bo‘lishim mumkin.

- Siz boshqargan 8 o‘yida “Navbahor” faqat bitta mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Bu yaxshi ko‘rsatkich.
- Ha, Jizzaxda juda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Uchrashuv bosh hakami raqib darvozasiga ikki bor penalti bermadi. Keyinchalik O‘FA Hakamlar qo‘mitasi hakamning harakatlarini ko‘rib chiqib, uni jazoladi. Bundan tashqari men boshqargan oltita uchrashuvda jamoa gol o‘tkazmadi. Bu esa himoya tartibli o‘yin namoyish etganini bildiradi. Bizda hujumda muammolar bor, chunki kam gol urdik, lekin birinchi navbatda himoyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishimiz lozim edi. Umumiy hisobda 5ta gol urib, faqat ikkita gol o‘tkazganimiz ham himoyadagi muaamolar bartaraf etilganini ko‘rsatyapti.

- Mutaxassis sifatida VARga munosabatingiz qanaqa?
- VAR tizimi hakamlarning xatosini tuzatish yoki oldini olish uchun olib kelindi. VAR kerak, ammo monitor orqali takroriy lavhani ko‘rish ko‘p vaqtni olmasligi lozim. Ba’zi o‘yinlarda ko‘rdik, VAR sabab 5-6 daqiqa to‘xtab qolyapti. Bu o‘z navbatida o‘yin tempi tushishiga olib keladi.

Futbol xatolar ustiga quriladi. Maydonda futbolchilar va hakamlar yo‘l qo‘ygan xatolarni tahlil qilib, o‘z mahoratlarini oshirib borishadi. Yana qaytaraman, o‘zbek futboliga VAR kerak, faqat undan to‘g‘ri foydalanishni ham o‘rganishimiz lozim. Qolaversa VARga murojaat vaqtini cheklashimiz zarur, ikki-uch daqiqa qilsa bo‘ladi. O‘yin payti o‘n daqiqacha tanaffus yuzaga kelishi futbolimiz o‘sishiga yordam bermaydi.

- O‘zbek futbolida inqilob qila olgan ikki nafar menejer bor deb hisoblasak, biri Siz, ikkinchisi Bahrom Davlatov. Hozirgi menejerlar haqida fikringiz qanday?
- Men ishlagan yillari “Paxtakor” budjeti cheklangan bo‘lib, u qadar katta emasdi. Shunga qaramay erishgan natijalarimizni hamma biladi. Hozir men zamonaviy futbol menejeri mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yozyapman.

Menejerning asosiy vazifasi bu - klubdagi barcha yo‘nalish va jamoalardan xabardor bo‘lish va boshqarish. Zamonaviy menejerdan talab qilinadigani – klubning moliyaviy-xo‘jalik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, klub xodimlari va jamoa a’zolari bilan suhbatda kuchli psixolog va pedagogik xususiyatlarga ega bo‘lish hamda eng avvalo o‘z kasbini sevishi o‘ta muhim hisoblanadi.

Men kamdan kam kabinetda o‘tiraman va doim tashqarida ish bilan band bo‘laman. Endilikda klublarning mustaqil faoliyat yuritishiga to‘g‘ri kelyapti. Klub faoliyatida o‘z tarbiyalanuvchilarini tarbiyalash va ularni asosiy jamoa darajasiga chiqarish juda muhim rol o‘ynaydi.

Ko‘p uzoqqa bormasdan 2014 yilni olaylik. “Paxtakor” kam budjetga ega edi. Masalan, o‘sha yilgi “Lokomotiv” bilan solishtiradigan bo‘lsak, uch barobar kam edi. Unda qanday qilib “Paxtakor” chempion bo‘ldi? Birinchidan, o‘sha yil jamoada ko‘plab tarbiyalanuvchilar o‘ynagan, ularning shartnomasi ham yuqori emasdi. Ammo ular maydonga tushganda “Paxtakor” uchun borini berardi.

Endilikda “Navbahor”da ham shu tizimni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib boryapmiz. O‘z vaqtida Bahrom Boyjonovich bilan maydonda raqobatchi bo‘lganmiz. Afsuski, hozir u kishi o‘zbek futbolida ishlamayapti. Bahrom Davlatov o‘z paytida kuchli menejer edi. Hozirgi menejerlar haqida esa gapirishni unchalik istamayman. Lekin ish faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olgan klub sifatida “Nasaf”ni ko‘rsatsa bo‘ladi. Bilishimcha, “Nasaf”da oylik maoshlar yuqori emas va ular ham birinchi navbatda o‘z futbolchilariga e’tibor qaratib kelyapti.

- Zamonaviy futbolda menejer qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaysiz?
- Birinchi navbatda futbolni sevishi, chunki busiz iloji yo‘q. Ikkinchidan, haftasiga yetti kun dam olmasdan ishlay olish. Yaxshi futbolchilarni tarbiyalash va ular orqali natija ko‘rsatish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi.

Men kuchli mutaxassislar va murabbiylar suhbatini olishdan hech qachon erinmaganman. Doim o‘zaro suhbatlarda nimadir o‘rganishga harakat qilganman. Faqat kabinetda o‘tirib kuchli menejer bo‘lish qiyin. Menejer klubga keldimi, ishni birinchi navbatda bolalar futboliga e’tibor berishdan, ularning muammosini hal qilishdan boshlashi kerak deb hisoblayman.

Men qayerda ishlamay, bolalar futboliga alohida e’tibor qaratib kelaman. 2019 yil “Lokomotiv”da ishlaganimda ham klub rahbariyati bilan bolalar futbolini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish uchun bir qancha ishlarni amalga oshirdik. Murabbiylar mashg‘ulotga boshqacha yondasha boshlashdi, 2006 yil tarbiyalanuvchilar shahar chempionligini qo‘lga kiritdi, 2007 yilgi guruh yaxshi futbolchilarga ega bo‘ldi. Biz har kuni ertalab murabbiylar bilan yig‘ilib, kun davomida qilinadigan ish va mashg‘ulotlar rejasini muhokama qilib olardik. Shunday ekan, “Lokomotiv”dagi qisqa muddatli faoliyatimdan ham mamnunman.

- Ma’lumki, o‘tgan yil shartnoma muddati tugamasdan Xitoydan qaytib keldingiz. Siz boshqargan “Chanchun Yatay” klubining natijalari yaxshi edi, biroq kutilmaganda Xitoyni tark etishga majbur bo‘ldingiz. Buning sababi nimada?
- Mening o‘zimga xos hayotiy va professional tamoyillarim bor, ulardan hech qachon chekinmayman. “Chanchun Yatay” klubi bilan 2+1 ko‘rinishida shartnoma tuzgandim va jamoa mening boshqaruvimda oxirgi o‘yinni 4:1 hisobida yutgan bo‘lishiga qaramay, o‘z xohishim bilan ishdan ketdim.

Nima uchun bunday bo‘lganini batafsil ochiqlash niyatim yo‘q, faqat shuni aytishim mumkin, klub bilan o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qildik. Birinchi o‘rinda borayotgan jamoa bosh murabbiyning o‘z xohishiga ko‘ra, ishdan ketishi Xitoy futbolida ilk bor ro‘y berdi, vaholanki biz juda yaxshi seleksiya ishlarini olib borib, mavsumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rgandik.

Bu o‘rinda pandemiya tufayli oila a’zolarim bilan ko‘risha olmasligim ham sabab bo‘ldi, lekin eng asosiysi mening o‘zgartirib bo‘lmas tamoyillarim. Men hatto shartnoma bekor qilinganidan keyin klub to‘lashi kerak bo‘lgan tovon pulidan voz kechdim. Bu ham Xitoyda birinchi marta ro‘y berishi ekan, lekin hozirgi jahon futbolida ko‘pchilik bu ishni qilmaydi.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.

MA’LUMOT UCHUN
Samvel Vyacheslavovich Babayan 1971 yil 19 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.
O‘zbekiston davlat Jismoniy tarbiya institutida murabbiylik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan.

Erishgan yutuqlari:
- 10 karra O‘zbekiston chempioni (9 marta "Paxtakor" bilan, 1 marta "Navbahor" bilan).
- 10 karra O‘zbekiston Kubogi sohibi (8 marta "Paxtakor" bilan, 2 marta "Navbahor" bilan).
- 2007 yil "Paxtakor" bilan MDH Kubogi sohibi.
- Ikki bor Osiyo chempionlar ligasi yarim finalchisi - 2002/03 va 2004.

"Paxtakor" Samvel Babayan boshqaruvida 2002 yil "Osiyoning eng yaxshi klubi" deb topilgan hamda 2002-2014 yillar oralig‘ida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 42 nafar, yoshlar va o‘smirlar terma jamolariga esa umumiy hisobda 200 nafardan ko‘p futbolchi yetkazib bergan.

Samvel Babayan xorijda faoliyat yuritgan ("Spartak" (Yurmala, Latviya), "Chanchun Yatay" (Xitoy) kam sonli o‘zbekistonlik murabbiylardan, shuningdek Osiyoning eng kuchli futbol menejerlardan biri.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: jamoani keyingi o‘yinlarga tayyorlamasligi va futbolchilarga boshqa ko‘rsatma bermasligi haqida