Go‘zallik g‘olibasi novvoyxonada: hayot kutilmagan tomonga burildi

Turkiyada go‘zallik tanlovlari g‘olibasi, model va tarjimon Irmoq O‘ztosh novvoyxonada ish boshlagani bilan jamoatchilik e’tiborini tortdi. Bu haqda Odatv ma'lum qildi.
U 2022 yilda “Best Model” milliy tanlovida “Janubi-Sharqiy Anadoluning eng yaxshi modeli” unvonini qo‘lga kiritgan, shuningdek, Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “World Miss University” tanlovida ham ishtirok etgan. Keyinchalik u aktyorlik va modellik orzulari bilan Istanbulga ko‘chib borgan, biroq u yerda ish topish imkoniyatlari yuzaga kelmagan.
So‘ngra u tug‘ilib o‘sgan shahri Izmirga qaytadi. Izmir iqtisodiyot universitetining tarjimonlik yo‘nalishini tamomlagan bo‘lsa-da, 7 oy davomida o‘z mutaxassisligiga mos ish topa olmaydi.
Irmoq O‘ztosh ilgari ingliz tilidan turk tiliga ikki kitob va bir hujjatli filmni tarjima qilganini ham ma’lum qilgan. U sun’iy intellekt rivoji ham ayrim kasblarda ish topishni qiyinlashtirayotganini ta’kidlaydi.
Oxir-oqibat u barqaror daromad topish maqsadida novvoyxonada ishlashga qaror qiladi. Uning tanishi ham aktyorlik orzusi bilan Istanbulga borgani, biroq hozir novvoyxonada ishlayotgani aytilgan.
“Aktyorlikni o‘rganmoqchi edim, lekin otam o‘qishni tugatishni maslahat bergan. Hozir esa o‘z nonimni topyapman”, deydi Irmoq O‘ztosh.
Uning hikoyasi Turkiyada mehnat bozori va yoshlar bandligi muammolarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!