Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Ispaniya chempionati o‘z boyligini oshirmoqda, lekin u APL bilan raqobatlasha olmaydi.
2018 yilning yozida Ispaniya La Ligasi jiddiy zarbaga uchradi – "Santyago Bernabeu"ning portugaliyalik yulduzi Krishtianu Ronaldu 9 ta yorqin mavsumdan so‘ng Madridning “Real” klubini tark etdi.
Shundan keyin navbat butun professional faoliyatini "Barselona"da o‘tkazgan argentinalik 34 yoshli "echki"ga yetib keldi, u 2021 yilda birdan muammoli Kataloniyani tark etishga va "Parij Sen-Jermen" bilan shartnoma imzolashga rozi bo‘ldi, bu har tomonlama (va avvalo, moliyaviy jihatdan) ancha yoqimli edi.
Aynan Messi va Ronaldu tufayli Ispaniya La Ligasining xorijdagi nufuzi uzoq yillar davomida saqlanib qolgandi. Chunki Xitoy, Yaponiya, AQSH va Yevropa davlatlaridagi ko‘plab muxlislar Ispaniya chempionatidagi turnirlarni argentinalik yoki portugaliyalikning muvaffaqiyati nimada ekanligini bilish uchun kuzatib borishdi. Messi va Ronaldu "Barselona" hamda "Real" sharafini himoya qilgan kezlarda "El Klasiko"ning butun dunyo bo‘ylab ko‘rilish reytingini ochiqlashga hojat yo‘q, nazarimizda...
Ammo hozir jahon futbolining so‘nggi o‘n yillikdagi asosiy shaxslari Ispaniya chempionatida yo‘q, shuning uchun liga rahbariyati va unda ishtirok etuvchi klublar ko‘zdan yiroq bo‘lmaslik, moliyaviy jihatdan kuchliroq musobaqalar, masalan, Angliya Premer-ligasi soyasi ostida qolib ketmaslikning yangi yo‘llarini izlashi kerak.
"Ueska"ning sobiq xo‘jayini Xaver Tebas 2013 yildan beri La Liga prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U, ayniqsa, asosiy masalalarda qattiqqo‘lligi, prinsiplarga sodiqligi, pichandan igna topa bilishi sababli olqishlanadi. Minimal imkoniyatdan maksimal foyda olish imkoniyatini topish ham Tebasga tegishli xislat. Koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘plab futbol ligalari o‘z daromadlarining katta qismini yo‘qotishdi, biroq Ispaniya chempionati bu davrda biznes daromadini 33 foizga oshirib, foydani 140 million yevroga yetkazdi.
Albatta, Tebas va uning sheriklariga Angliya Premer-ligasining kuchi va imkoniyatlari bilan raqobatlashish nihoyatda qiyin. Xususan, so‘nggi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, orolliklar o‘z chempionatini xorijda sotishni ancha samarali o‘zlashtirishgan. La Liga AQSH teleradiokompaniyalari bilan 8 yil davomida ushbu shtat bozorida televideniye huquqlarini 1,5 milliard yevroga sotish bo‘yicha kelishuvga erishgan bo‘lsa (tender g‘olibi ESPN bo‘lgan), u holda APL NBC Sports bilan hamkorlikdan 2,12 milliard yevro ishlab oldi. APL bu orqali keyingi 6 yil davomida turnirning rasmiy translyatsiyachisi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Umuman olganda, APLning 6 mavsumi Shimoliy Amerika bozorida Yevropa ligalari uchun juda jozibali ko‘rinadi, ammo umumiy daromad nuqtai nazardan hech qanday ahamiyatga ega emas.
La Liga prezidenti uchun chempionatdagi alohida jamoalar, ayniqsa, rahbariyat xatolari tufayli og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotgan top-klublar rivojlanishiga ta’sir o‘tkazish haqiqatdan ham juda qiyin. Masalan, "Barselona" bunga yaqqol misol.
2017 yilda "Barsa" ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha (hech bo‘lmaganda kadrlar masalasida) sayyoramizdagi eng kuchli futbol klublaridan biri bo‘lib tuyulardi. U yerda Lionel Messi, Luis Suares va Neymar — afsonaviy MSN hujum uchburchagini tashkil qilgan edi. Biroq "ko‘k-anorranglilar"da asta-sekin kadrlar o‘zgarishni boshladi, bu ham klub imijiga, ham jamoa natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Birinchi "qaldirg‘och" Neymarning 222 million yevro evaziga PSJga ketishi hammasini o‘zgartirib yubordi. Kataloniyaliklar buning ortidan braziliyalik futbolchining o‘rniga kimnidir olib kelish "missiya"siga kirishishdi. Yakunda u qadar muvaffaqiyatli bo‘lmagan transferlarga qo‘l urildi – "Liveprul"dan Filippe Koutino va "Borussiya" Dortmunddan Usmon Dembele olib kelindi.
Natijada "Barselona" ulkan qarzlarga (taxminan 1,35 milliard yevro, bu AQSH va Shimoliy Amerikada La Liganing 8 mavsumini namoyish qilish huquqi narxiga deyarli teng) va o‘ta yomon natijalarga erishdi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, kataloniyaliklar 2021/22 yilgi Chempionlar ligasi guruh bosqichining dastlabki ikki turida birorta ham gol urishmadi, nafaqat “Bavariya”ga (0:3), balki “Benfika”ga ham yutqazishdi (0:3). Muvaffaqiyatsizliklar Ronald Kumanning mavsum o‘rtasida ishdan bo‘shatilishiga va futbol maydonida "Barselona" afsonasi bo‘lgan 41 yoshli Xavining murabbiylik ko‘prigiga kelishiga olib keldi.
"Barselona"ning azaliy raqibi – "Real Madrid"da vaziyat ancha yaxshi. Karlo Anchelotti shogirdlari La Ligada ishonchli tarzda peshqadamlik qilishmoqda. "Qirollik klubi" ikkinchi davrada "Sherif"dan uchralgan shov-shuvli mag‘lubiyatga (1:2) qaramay, hech qanday muammosiz Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga chiqdi.
"Real Madrid" prezidenti Florentino Peres klubni juda yaxshi biladi va uning barcha tuzilmalari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ygan. Madridliklar "galaktikos" davridan keyin strategiyani o‘zgartirib, istiqbolli yoshlarga sarmoya kiritishga harakat qilishyapti. Jamoada aynan shundaylardan Vinisius Junior, Rodrigo va Eduardo Kamavinga paydo bo‘ldi. Ular bilan birga "blankos"ning ba’zi sobiq yetakchilari avjiga chiqishda davom etishmoqda, ayniqsa, Karim Benzema ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda desak xato bo‘lmaydi. Ispaniya va Fransiyadagi ko‘plab mutaxassislar uni "Oltin to‘p-2021"ni yutishga haqiqiy da’vogar deb bilishgani bejiz emas.
Biroq Tebas uchun, shuningdek, butun ispan futboli uchun "Real Madrid"ning hozirgi muvaffaqiyatli odimi g‘ururlanishga sabab bo‘lmasa kerak. Undan ko‘ra Madrid klubining ichki maydonda munosib raqibi yo‘qligini anglash muhimroq. “Barselona” vaqtinchalik "safda emas", qolganlar esa yetib kela olishmayapti. Ha, “Atletiko” o‘tgan yili Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgandi, ammo hozir Diyego Simeone shogirdlari ancha yo‘qotishlarga uchrab, naq 7 ochko ortda qolishmoqda.
Aynan shu sabablar tufayli hatto La Liga kapitallashuvini tashqi bozorlarda oshirishga erishayotgan Tebasning ishi maksimal tahsinga loyiq. Tajribali menejer endi juda kam va eksklyuziv bo‘lib ko‘rinmaydigan mahsulotdan ko‘proq pul topishni o‘rgandi va o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir oz yuqori darajaga chiqdi.
Hozirgi paytda Messi va Ronaldusiz La Liga o‘zi arziydigan marradan ko‘prog‘ini zabt etmoqda. Ammo Tebasning bunday tendensiya bardavom bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlari ertami-kechmi yetarli bo‘lmay qoladi. Shunday ekan, "Barselona", "Atletiko", "Sevilya", "Valensiya", "Vilyarreal" va boshqalar bu jarayonga albatta, qo‘shilishlari kerak yoki ular APL bilan raqobatlashishni abadiy unutishlari lozim.
Sherzod Nurmatov tarjimasi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"