Ingliz tili shart emas: Xitoy koinot stansiyasiga boruvchilar xitoy tilini oʻrganadi

Ilgari Xitoy kosmonavtlari Xalqaro koinot stansiyasi bilan harakatlarni muvofiqlashtirish uchun ingliz tilini oʻrganishga majbur boʻlgan boʻlsalar, endilikda vaziyat oʻzgardi. Endi boshqa mamlakatlardan kelgan kosmonavtlar Xitoy koinot stansiyasi bortiga chiqishdan avval xitoy tilini mukammal oʻzganishlari shart etib belgilandi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yaqinda ikki nafar pokistonlik kosmonavt Xitoy kosmonavtlarni tadqiq qilish va tayyorlash markaziga yetib keldi. Ular koinot stansiyasi missiyalari doirasida xitoylik hamkasblari bilan birgalikda mashgʻulotlar oʻtkazadilar. Kelishilgan rejaga koʻra, pokistonlik mutaxassislardan biri qisqa muddatli missiyada foydali yuk boʻyicha mutaxassis vazifasini bajaradi.
Hozirda xorijlik kosmonavtlar uchun maxsus ishlab chiqilgan oʻquv dasturi amalga oshirilmoqda. Bu dastur aerokosmik sohadagi professional texnik tayyorgarlik bilan bir qatorda, xitoy tilini chuqur oʻrganishni ham oʻz ichiga oladi. Barcha mashgʻulotlar missiya bosqichlarini benuqson bajarish uchun amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Rasmiy vakillarning taʼkidlashicha, barcha xorijlik kosmonavtlar jamoaga qoʻshilgandan soʻng boshlangʻich davrda intensiv xitoy tili kurslaridan oʻtadilar. Ular nafaqat kundalik muloqot, balki parvoz paytida ishlatiladigan barcha professional buyruqlar va terminologiyani yod olishlari kerak. Bu ekipajning koinotdagi barcha operatsiyalar davomida oʻzaro aniq muvofiqlashuvini taʼminlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!