Xiaomi Mijia Refrigerator Pro 508L: Muz generatorli aqlli muzlatgich sotuvga chiqdi

Xiaomi kompaniyasi Xitoy bozorida oʻzining yangi Mijia Refrigerator Pro 508L muzlatgich modelini sotuvga chiqardi. Ushbu qurilmaning asosiy oʻziga xosligi avtomatik muz generatori bilan jihozlanganligidir. Yangi model ikki xil variantda taqdim etilgan boʻlib, ularning narxi 615 va 645 dollarni tashkil etadi, biroq milliy subsidiya dasturi doirasida narxlar mos ravishda 525 va 550 dollargacha pasayishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Muzlatgich Global Ion Purification 4.0 havo tozalash tizimi bilan taʼminlangan. Alohida ventilyatorga ega ion generatori yoqimsiz hidlarni va zararli moddalarni samarali yoʻqotish qobiliyatiga ega. Sovutish va muzlatish kameralari mustaqil bugʻlatgichlar hamda ventilyatorlar yordamida ishlaydi, bu esa mahsulotlar hidining bir-biriga aralashib ketishining oldini oladi.
Qurilmaning umumiy hajmi 508 litrni tashkil etsa-da, korpus kengligi nisbatan ixcham — 792 mm qilib ishlangan. Ichki qismda namlik darajasini sozlash imkoniyati (quruq/nam rejimlar) va qulay tortma qutilar mavjud. Shuningdek, xaridorlarga qoʻshimcha 2 yillik kafolat muddati ham taklif etilmoqda.
Mijia Refrigerator Pro 508L toʻliq Xiaomi ekotizimiga integratsiya qilingan boʻlib, masofaviy boshqaruvni qoʻllab-quvvatlaydi. Qurilma korpusida smartfonsiz sozlamalarni oʻzgartirish uchun maxsus displey oʻrnatilgan. Ishlash vaqtidagi shovqin darajasi esa bor-yoʻgʻi 31 dB ni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!