Kichik korpusda 100 W quvvat: Baseus EnerFill FH22 taqdim etildi

Baseus kompaniyasi oʻzining yangi va ixcham EnerFill FH22 quvvatlantirish adapterini namoyish etdi. Qurilmaning asosiy oʻziga xosligi uning 100 W quvvatga ega ekanligi va oʻta kichik oʻlchamlaridir. Yangi gadjet allaqachon JD.com platformasida 89 yuan (taxminan 13 dollar) narxida sotuvga chiqdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
EnerFill FH22 modeli 36,5 × 36,5 × 48 mm oʻlchamga ega boʻlib, ogʻirligi bor-yoʻgʻi 104,5 grammni tashkil etadi. Baseus vakillarining taʼkidlashicha, ushbu qurilma noutbuklar uchun moʻljallangan odatiy 96 vattli quvvatlagichlardan taxminan 65 foizga kichikroqdir. Adapter yigʻiluvchan vilka va bitta USB-C porti bilan jihozlangan.
Texnik jihatdan qurilma PD 3.0, QC 5.0, PPS va UFCS kabi asosiy tezkor quvvatlash standartlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu esa uni noutbuklar, Apple, Samsung, Xiaomi va OnePlus kabi brendlarning smartfonlari uchun universal yechimga aylantiradi.
Shuni taʼkidlash joizki, adapter 200–240 V kirish kuchlanishiga moʻljallangan. Shu sababli u Shimoliy Amerika kabi 110 V kuchlanishli tarmoqlar ishlatiladigan hududlarda ishlash uchun mos kelmaydi. Bu jihat xalqaro sayohatchilar uchun muhim cheklov boʻlishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!