date

Riyeltorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha yangi qonun maʼqullandi

Riyeltorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha yangi qonun maʼqullandi

Bugun, 7 aprel kuni Senat yalpi majlisida ko‘chmas mulk sohasidagi muhim qonun — «Riyeltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi hujjat muhokama qilindi va maʼqullandi. Ushbu qonunning asosiy maqsadi, ko‘chmas mulk bozorida shaffoflikni taʼminlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faol rivojlanib, yangi turar joylar qurilmoqda va ipoteka bozori kengaymoqda. Biroq, ushbu jarayonning surʼati bilan birga, norasmiy vositachilarning ko‘payishi va ayrim hollarda fuqarolarning huquqlari buzilishi kabi masalalar ham kuzatilmoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, mavjud normativ-huquqiy baza zamonaviy talablarga javob bermagani sababli, riyeltorlik faoliyatini tartibga solish zaruriyati vujudga kelgan.

Yangi qonunga ko‘ra, riyeltorlik faoliyatining asosiy prinsiplari, jumladan, qonunga rioya qilish, xolislik, halollik, axborot maxfiyligini saqlash va manfaatlar to‘qnashuvini yo‘l qo‘ymaslik kabi talablar belgilab berildi. Bu, o‘z navbatida, riyeltorlarning mijozlar oldidagi masʼuliyatini oshiradi va ularga xizmat sifati bo‘yicha katta talablar qo‘yadi.

Shuningdek, qonunda professional jamoat birlashmalarining o‘rni ham alohida eʼtirof etilgan. Ular riyeltorlarni sertifikatlash, malakasini baholash va kasbiy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda muhim rol o‘ynashi belgilangan.

Ushbu qonunning maʼqullanishi ko‘chmas mulk bozoridagi muammolarni hal qilish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Riyeltorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha yangi qonun maʼqullandi