Hayit arafasida xushxabar: 8 ming nafar bolaga 200 dollardan mablag‘ ajratildi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim takliflar ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 8 ming nafardan ortiq yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlarning farzandlariga 200 AQSH dollaridan mablag‘ ajratiladi. Ushbu pullar ularning omonat hisobvaraqlariga o‘tkazib beriladi.
Shuningdek, hayit munosabati bilan sog‘liqni saqlash yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Jumladan, 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlari o‘tkazish, minglab onkologik va gematologik bemorlarni davolash hamda kamida 350 nafar bemorga jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda tahoratxonalar qurish va ta’mirlash, qabristonlarni obodonlashtirish, ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ham rejalashtirilgan.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan amalga oshiriladi.
