19:10 / 19.04.2017
4 417

Navalniy: «Migrasion vaziyatni nazoratda ushlash uchun Markaziy Osiyoga viza rejimini joriy etish kerak»

Navalniy: «Migrasion vaziyatni nazoratda ushlash uchun Markaziy Osiyoga viza rejimini joriy etish kerak»
Rossiyalik bloger Yuriy Dud o‘zining «VDud» kanalida rossiyalik muxolifatchi, yurist va bloger, «Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi» asoschisi Aleksey Navalniy bilan katta intervyu uyushtirdi deb ma’lum qiladi Kun nashri. 2018 yilgi Rossiya prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surayotgan Navalniy, jumladan, markaziy osiyolik mehnat migrantlari haqidagi fikrlarini ham ochiqlagan.
Quyida intervyuning ana shu qismida aytilgan gaplarni e’tiboringizga havola etamiz.

Yuriy Dud.: - Siz millatchimisiz?
Aleksey Navalniy.: - Juda ko‘pchilik meni shunday inson, deb biladi. Boz ustiga, jamoatchilikning liberal qismi meni ko‘pincha millatchi, deb hisoblaydi, millatchilar esa liberast, deb ta’na qilishadi. Begonalar ichra o‘zimniki, o‘zimnikilar ichra begonadekman. Bu mafkuraviy tamg‘alarning birortasini menga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Mening saylovoldi dasturimda bir punkt bor va uni millatchilik ruhida, deb hisoblashadi. Bu — Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy qilish. 

Yu.D.: - Kavkazorti davlatlari bilan ham...
A.N.: - Ha, Kavkazorti davlatlari bilan ham va bu erda hech qanday millatchilikni ko‘rmayapman. Chunki Germaniya menga vizasiz kirishga ruxsat bermaydi-ku? Men esa davlatimizga O‘zbekiston va Tojikistonning fuqarolari vizasiz kirib kelishini istamayman. Bu mutlaqo me’yordagi, Evropaga xos chora. 

Yu.D.: - Bu holatda siz Evropa ittifoqi bilan vizalar bekor bo‘lishini istaysiz-a?
A.N.: - Albatta.

Yu.D.: - Xo‘sh, tojikning nemisdan nimasi yomon?
A.N.: - Chunki nemis rivojlangan davlatda yashaydi, iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlangan mamlakatda. Men tojik inson sifatida, shaxs sifatida, mavjudot sifatida nemisdan yomonroq, deb hisoblamayman, aslo. Lekin bir narsasiz shubhasiz fakt sifatida qayd etmoq kerakki, men real hayotda yashayapman va ko‘ryapmanki O‘zbekiston va Tojikiston kamroq rivojlangan davlatlar, u tomonlardan narkotrafik keladi, u erdan kelayotgan insonlar yurtida maoshlar kam bo‘lgani sababli, yaxshiroq hayotni izlab kelishadi, u erda yashash xavfli, shu sababli biz migrasion vaziyatni nazorat ostiga olish uchun viza rejimini joriy etishimiz kerak.

Yu.D.: - Siz hech qachon o‘ylab ko‘rmaganmisiz, bunaqa yondashuv bilan birozdan so‘ng Germaniya bilan o‘rtaga to‘siq qo‘yishga to‘g‘ri keladi, u yoqda qancha qochqinlar yurgani e’tiborga olinsa...
A.N.: - Lekin qochqinlar Rossiya tomon qochishayotgani yo‘q. Farazlarni emas, real narsalarni muhokama qilaylik. Men real migrasion oqimni ko‘rib chiqqanman: bizga Germaniyadan hech kim qochib kelayotgani yo‘q. Bizning rus kishilarimiz Germaniyaga borishmoqda, bizga esa Markaziy Osiyo davlatlaridan juda ko‘p sonli odamlar kelishmoqda. Buning hech bir yaxshi tomoni yo‘q, shu sababli biz migrasion oqimni nazorat ostiga olishimiz kerak. 

Yu.D.: - Keling, shu mamlakatlarni sanab chiqamiz. Demak, Markaziy Osiyo — bu Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Kavkazorti davlatlari — Ozarboyjon va Armaniston. Gruziya-chi?
A.N.: - Gruzinlar bilan allaqachon vizi tizimi joriy qilganmiz, bunga hojat yo‘q. Qozog‘istonni sanamadingiz...

Yu.D.: - Nima? Qozog‘iston bilan ham viza joriy qilamizmi?
A.N.: Albatta! Men bunga javoban nima deyishingizni juda yaxshi bilaman — Qozog‘istonda yashash darajasi baland, bizga u erdan mehnat migrantlari kelayotgani yo‘q va hokazolarni misol keltirishingiz tabiiy. Lekin baribir normal migrasion siyosat bo‘lishi shart. Normal migrasion siyosatning asosi — viza rejimining joriy etilishidir. Qozog‘iston bilan bu borada bizda muammo yo‘q, bor deyish ahmoqlik bo‘lar edi, lekin baribir biz yuqorida tilga olgan davlatlarning migrantlari Qozog‘iston orqali yurtimizga kirib kelishlari mumkin. Shu sababli, Qozog‘iston bilan ham viza rejimi joriy etilishi kerak, deb hisoblayman.

Yu.D.: - Yaxshi... Ona Rossiya ichidagi «Kavkaz masalasi»ni qanday hal qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
A.N.: - «Kavkaz masalasi» deganda nimani nazarda tutayapsiz?

Yu.D.: - Aytmoqchimanki... Keling, muayyan misol keltiraman: Ramzan Qodirov — Vladimir Putinning sodiq askari...
A.N.: - Hah, u erda hamma o‘zini sodiq askar hisoblaydi.

Yu.D.: - Aytaylik, 2018 yilda Putinning kursisini Navalniy egallaydi. Ramzan Qodirov shu holatda siz bilan birga ishlaydi, deb o‘ylaysizmi?
A.N.: - Demak, Rossiyadagi har qanday gubernator va boz ustiga, Kavkaz respublikasidagi gubernator — Putinning sodiq askari. Ularning har biri Putinga saylovlarda 99 foiz ovozni kafolatlaydi. Kemerovoda ham 99 foiz, Mordoviyada ham. Shu sababli Ramzan Qodirov gubernator Merkushkindan sodiqroq askar, degan xayolga bormaslik kerak. Bu — birinchisi. Ikkinchisi — Kavkaz respublikalari va «Kavkaz masalasi» men uchun Rossiyaning boshqa hududlaridagi «Rossiya masalasi»dan mutlaqo farq qilmaydi. Shunchaki u erlarda ahvol yanada yomonroq, maoshlar boshqa hududlarga nisbatan kam, korrupsiya ko‘lami ham kengroq, mana qarang, hozir butun mamlakatda yuk tashuvchi avtomobil haydovchilarining norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda. Haydovchilarning asosiy yadrosi dog‘istonliklar, Maxachqal’a shahridan. U erda hokimiyat haydovchilar — bechora qora ishchilarga qarshi qanday kurashayotganini ko‘ryapsizmi? Ularni hibsga olishmoqda, kaltaklashmoqda. Kavkaz Rossiya muhtoj bo‘lgan narsaga yanada kuchliroq muhtoj.

Yu.D.: - Bu gaplarning barchasi chiroyli saylovoldi shiorlari. 
A.N.: - Bu hayotiy haqiqat.

Yu.D.: - Yana bir karra takrorlayman: siz Ramzan Qodirov bilan qanday uchrashasiz va muammolarni muhokama qilasiz?
A.N.: - Ramzan Qodirovning birinchi navbatda Nemsovning o‘limi va boshqa jinoyatlarga bog‘liqligi tekshirilishi kerak. Uning faoliyati to‘liq surishtirilishi kerak. Bu — Ramzan Qodirovga nisbatan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan birinchi ish. Uning o‘zi meni tekshiringlar, deb yotibdi-ku? Shunchaki, uni hech kim tekshira olmaydi. E’tibor qiling, yaqinda Nemsovning o‘limi yuzasidan bir jarayon bo‘lib o‘tdi va unda FSB tezkor xodimlaridan so‘rashdi: Sizlar Geremeev (Qodirovning qarindoshi) ni ushlash uchun chiqqansizlar. Nega uning kvartirasida tintuv o‘tkazmadingizlar? Ular esa, biz borganimizda kvartira yopiq ekan, eshikni taqillatganimizda hech kim ochmadi va biz ketdik, deb javob berishdi. Mana, mening uyimda bir necha marta tintuv o‘tkazishgan va bu hol mutlaqo boshqacha yuz beradi. Eshikni ochmasang — arraning ovozini eshitasan va eshikni arralay boshlashadi. Bu surishtiruvlar bilan hech kim shug‘ullanmayapti, lekin bu ishlar amalga oshirilishi shart, jumladan, Ramzan Qodirov shaxsiga nisbatan ham. Kavkazning barcha etakchilari, hozirgilari ham, kelgusidagilari ham doim oddiy odam bo‘lishmaydi va murakkab vaziyatda ishlashadi. Ular bilan boshqa gubernatorlar singari qonunga asoslanib gaplashish kerak bo‘ladi. 

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Navalniy: «Migrasion vaziyatni nazoratda ushlash uchun Markaziy Osiyoga viza rejimini joriy etish kerak»