Shimoliy Koreya armiyasida xizmat qilish qanchalik qiyin?

  • 26-11-2017, 19:57
  • 2 278
  • Dunyo
  • Shimoliy Koreya armiyasida xizmat qilish qanchalik qiyin?
    2017 yilning 22 noyabrida OAVda KXDR askarining chegara orqali Janubiy Koreyaga qochishi aks etgan video keng tarqaldi. U o‘z hamkasblari tomonidan olti marta yaralanib, halok bo‘lishiga bir baxya qoldi, biroq hozir uning hayoti xavf ostida emas.

    Bu askar bilan yuz bergan holat - birinchi bunday holat emas. 2009 yilda KXDRlik harbiy Li So Yon armiyada 9 yillik xizmatdan so‘ng mamlakatni tark etishga muvaffaq bo‘ldi. Qizning so‘zlariga ko‘ra, bu uzoq va iztirobli yillar bo‘lgan. U va sheriklari nafaqat og‘ir sharoitlarga, balki sobiq rahbariyatning zo‘ravonligiga ham dosh berishlariga to‘g‘ri kelgan. So Yon hikoyasi BBC tomonidan yozib olingan. Maqola mualliflarining ta’kidlashicha, ular sobiq harbiyga intervyu uchun pul to‘lashmagan.

    Qanday qilib So Yon armiyaga kelib qoldi?

    Sobiq harbiy KXDR shimolida universitet professori oilasida dunyoga kelgan. Uning aksariyat erkak-qarindoshlari armiyada xizmat qilishgan, shu bois u ham armiya safiga qo‘shilishga qaror qilgan. 1990-yillarda mamlakatda ochlik hukm sura boshlagach, u ko‘ngillilar sifatida armiyaga kelib qo‘shilgan. 17 yoshli qizni armiyadagi sharoitlar jalb qilgan - oddiy fuqarolardan farqli o‘laroq, askarlar har kuni ovqat bilan ta’minlangan. Shu sababli ham ko‘p ayollar armiya safida xizmat qilishgan.

    Dastlab armiya safida xizmat qilish So Yonga yoqdi: u hatto o‘z mamlakati uchun faxr tuyg‘usini his qildi, tuzukroq ovqatlana boshladi va ba’zan fendan foydalanish "baxti"ga muyassar bo‘ldi - bu esa KXDRda hammaga ham nasib qilavermaydi. Erkaklar va ayollarning armiyadagi kuni deyarli bir sxema bo‘yicha borgan. Ayollarda jismoniy mashg‘ulotlar erkaklarga nisbatan biroz kamroq bo‘lgan, biroq ular har kuni kazarmani yig‘ishtirib, taom tayyorlashgan. Erkaklar esa bu ishlardan ozod bo‘lishgan.

    So Yon armiyaga o‘z xohishi bilan borgan bo‘lsa (u 1992 yildan 2001 yilgacha xizmat qilgan), 2015 yildan boshlab 18 yoshdan oshgan barcha qizlar uchun harbiy xizmat majburiy qilib qo‘yildi. Bunga yetti yil ketadi, erkaklar esa kamida uch yilga ko‘p xizmat qilishadi. Maxfiy agentlar va davlat rahbarlarining tan soqchilari esa - 13 yil. Harbiy majburiyatlardan faqat talabalar va qobiliyatli fuqarolar ozod qilinadi. Masalan, yetuk sportchi yoki musiqachilar. Bu dunyodagi eng og‘ir harbiy xizmat shartlaridir.

    Xizmat shartlari
    So Yon to‘qqiz yil davomida ikki qavatli karavotning pastki qavatida uxlagan, xonada 20dan ziyod ayol joylashgan bo‘lgan. Har bir harbiyga uniforma uchun quti berilgan. Javonlar ustida ikki surat qo‘yilgan bo‘lib, bular KXDR asoschisi, marhum Kim Ir Sen va uning o‘g‘li Kim Chen Irning suratlari bo‘lgan.

    So Yon Shimoliy Koreyani ko‘p yillar ilgari tark etgan, biroq u hanuz o‘zi tong ottirgan xona hidini aniq eslay oladi. Kazarmalardagi barcha matraslar ter va yoqimsiz hidlarni o‘ziga tortib oluvchi materialdan ishlangan. Issiq suvning yo‘ligi sabab harbiylarning yuvinishi qiyin edi. Boz ustiga, kazarma ma’muriyati tog‘ suvlari oqimini suv quvuri bilan birlashtirgan bo‘lib, ba’zan u yerdan qizlarning ustiga qurbaqalar va ilonlar "yog‘ilardi".

    Stress va og‘ir shart-sharoitlar sabab yarim yillik xizmatdan so‘ng aksariyat ayollarning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar paydo bo‘la boshlardi. Hukumat bunday hollarda ayollarga yengillik yaratish borasida kamdan-kam qayg‘urardi.

    Qishloq joylarda xizmat qilayotgan ayol-askarlar har doim ham alohida hojatxonalardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishmagan. Ba’zan ular erkaklar bilan bir xojatxonadan foydalanishlariga to‘g‘ri kelardi. Bu esa jinsiy tajovuz xavfini oshirardi. Ayol-xizmatchilar "Shimoliy Koreya 100 savol-javobda" kitobi muallifi Jyulett Morillo bilan suhbatda aksariyat ayol-harbiylarning jinsiy zo‘ravonlikka duch kelganini tan olishgan. Shunday bo‘lsa-da, yozuvchi shaxsan suhbatlashgan ayollarning o‘zi hech qachon bunday voqea qurboni bo‘lmaganini aytishgan.

    So Yon ham shunday: unga tegajog‘liq qilishmagan, lekin dugonalari bilan shunday voqealar yuz bergan. U ayniqsa vzvod komandirining ayollarga nisbatan ko‘p marta jinsiy zo‘ravonlik ishlatganligini ta’kidlagan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, buning natijasida homilador bo‘lgan ayollar bolani oldirishga majbur bo‘lishgan.

    KXDRdan qochish
    Shimoliy Koreyadan qochganlarning 70 foizga yaqini - ayollar. Ularning aksariyati 30 yoshdan oshgan. Bu qisman yoshlarning chegara daryosini kechib o‘tishi yoki KXDR chegarasigacha piyoda yurib chiqishi osonroq ekani bilan izohlanadi.

    Armiya xizmati muddati tugaganidan keyin So Yon biroz vaqt oilasi bilan bo‘lgan, biroq tinch aholi orasida o‘z yo‘lini topa olmagan, yangi sharoitlarga ko‘nika olmagan. 2008 yilda qiz birinchi marta Janubiy Koreyaga qochish haqida o‘ylab qolgan. U KXDRning Xitoy bilan chegarasini kechib o‘tishga uringan, biroq uni qo‘lga olib, bir yilga axloqni tuzatish lageriga yo‘llashgan.

    Ikkinchi urinish muvaffaqiyatli tugallangan. So Yon qamoqdan chiqqanidan so‘ng tez orada Xitoy bilan chegarani Tumannaya daryosi (quyi qismida Rossiya bilan ham tutashgan) orqali kechib o‘tgan. Qizni oldindan gaplashilgan agent kutib olib, uni Janubiy Koreyaga olib o‘tgan.

    Shimoliy Koreya armiyasi haqida yana nimalar ma’lum?

    KXDR armiyasida jami 7,7 million askar xizmat qiladi, aholining umumiy soni esa 25 millionni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun, Rossiyada harbiy kuchlar shtati 1,9 million kishidan iborat. AQShda 1 milliondan sal ko‘proq kishi muntazam xizmat qiladi.

    KXDRning sobiq askari Kim Xunning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar oliy rahbariyatning, shu jumladan davlat rahbari Kim Chen Inning har qanday buyrug‘iga itoat qilishga o‘rgatiladi. U go‘yoki askarlarning baxti va farovonligi uchun mas’ul oliy rahbar. Harbiy xizmatchilardan istalgan vaqt "xudkush-terrorchi" kabi o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor turish talab etiladi. Bu taktika mustaqil dunyoqarashi shakllanmagan yoshlarda yaxshi samara beradi.

    NK News nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, KXDR zamonaviy armiyasining asosiy muammosi - ochlik. Maxfiy xizmat harbiylari vaa bo‘lg‘usi tan soqchilar yaxshi ta’minlanadi, biroq oddiy askarlar oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekishadi. Ularga kuniga uch mahal 2-3 ta kartoshka yoki xom makkajo‘xori donlari beriladi. Yilda bir marta yangi yozgi kiyim beriladi. Qishki kiyim esa - uch yilda bir marta.

    Ko‘pchilik bunday sharoitlarga dosh bera olmay, qochishga urinadi yoki fermalardan yegulik o‘g‘irlay boshlaydi. NK News suhbatdoshi va sobiq KXDR askarining aytishicha, ba’zan ofitserlar o‘z qo‘l ostidagilariga oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘irlashni buyurishgan. Askar buning uddasidan chiqa olmasa, uni jazolashgan.

    Ochlik tufayli haddan tashqari holdan toygan askar uyiga jo‘natiladi. Qarindosh-urug‘lar harbiyni yaxshi ovqatlanitirib, g‘amxo‘rlik qilib, o‘ziga keltirishadi, keyin esa uni yana armiyaga olib ketishadi. Biroq ko‘pincha organizm bunday "yuk"ni ko‘tara olmaydi va inson hayotdan ko‘z yumadi. Kim Xunning ta’kidlashicha, bunday fojialar Shimoliy Koreyada ko‘p kuzatiladi.

    Manba: Kun.uz

    » » Shimoliy Koreya armiyasida xizmat qilish qanchalik qiyin?