Ukrainada prezident poygasida shoumen yetakchilik qilmoqda

  • 01 fevral 2019, 06:00
  • 2 011
  • Dunyo
  • Ukrainada prezident poygasida shoumen yetakchilik qilmoqda
    Ukrainalik shoumen va aktyor Vladimir Zelenskiy Ukrainadagi prezident poygasida yetakchilik qilmoqda. Bundan “Reyting” ijtimoiy guruhi o‘tkazgan so‘rovnoma ma’lumotlari darak bermoqda. Tadqiqotga ko‘ra, uni so‘ralganlarning 19 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda.

    Reytingning 2-o‘rnini sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko egallamoqda, unga 18,2 foiz respondentlar ovoz berishga tayyor. Amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoni 15,1 foiz ishtirokchi qo‘llab-quvvatlagan.

    Aholi o‘rtasida eng katta qo‘llab-quvvatlovga ega nomzodlar beshtaligiga “Muxolif platforma – Hayot uchun” partiyasi raislaridan biri Yuriy Boyko (10 foiz) va “Fuqarolik pozitsiyasi” yetakchisi Anatoliy Gritsenko (8,5 foiz) ham kirgan.

    Tadqiqotga ko‘ra, 41 yoshli Zelenskiy mamlakat janubi va sharqida katta qo‘llab-quvvatlovga ega, Kiyevda u Poroshenko bilan yetakchilik qilmoqda, Boyko Donbassda, Timoshenko esa mamlakat markazi va shimolida yuqori elektorat ko‘rsatkichlariga ega.

    So‘rovnoma 18 yoshdan katta bo‘lgan 6 ming kishi o‘rtasida 16-24 yanvar kunlari olib borilgan.

    Ukrainaning tahlil va prognozlashtirish instituti tomonidan 17-25 yanvar kunlari o‘tkazilgan so‘rovnoma esa boshqa natijalarni ko‘rsatgan: nomzodlar o‘rtasida Timoshenko yetakchilik qilmoqda (20 foiz), 2-o‘rinni Zelenskiy (12,6 foiz), 3-o‘rinni Poroshenko (11,9 foiz) egallamoqda.

    Ukraina prezidenti saylovlari 31 mart kuni bo‘lib o‘tadi, saylov kampaniyasi esa 2018 yil 31 dekabrda start olgan.

    » » Ukrainada prezident poygasida shoumen yetakchilik qilmoqda