06:35 / 17.10.2019
2 759

Almazbek Atamboyev ustidan sud jarayoni yopiq tartibda o‘tadi

Almazbek Atamboyev ustidan sud jarayoni yopiq tartibda o‘tadi
Qirg‘izistonda jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi bo‘yicha sud jarayoni jamoatchilik va OAV uchun yopiq tartibda o‘tadi. Bunday qarorni sud ishi bo‘yicha dastlabki tinglovda Bishkekning Pervomaysk tumani sudi qabul qilgan.

Batukayev ishi bo‘yicha ayblanuvchilardan biri Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev hisoblanadi. Undan tashqari, ushbu ish bo‘yicha yana 18 kishi sudlanuvchi sifatida o‘tib, ulardan 14 nafari tergov bilan bitimga borgan.

Ta’kidlanishicha, Batukayevning ozod etilishi ishida maxfiylashtirilgan tomlar mavjud bo‘lib, Atamboyevning himoyasi ulardan birini oshkor qilishni so‘ragan. Biroq sud bu iltimosni rad etgan.

Jinoiy ish bo‘yicha birinchi sud majlisi 15 noyabrga belgilangan.

Hozirda tergov izolyatorida hibsda ushlab turilgan Atamboyev sud jarayonini “o‘yin” deb atab, norozilik sifatida o‘z kamerasini tark etishdan bosh tortmoqda. Dastlabki tinglov uning ishtirokisiz o‘tgan.

2013 yilda Aziz Batukayev qotillik uchun jazoni o‘tayotgan turmadan og‘ir xastalikka uchragani vaji ostida ozod etilgan. Chechen millatiga mansub jinoiy avtoritet ozodlikka chiqqan kuniyoq xususiy samolyotda Chechenistonga uchib ketgan va hanuzgacha o‘sha yerda qolmoqda.

Tergovning fikricha, Batukayevning ozod etilishiga yolg‘on tashxis qo‘ygan shifokorlar, qarorni qabul qilgan sudya, prokurorlar va go‘yoki prezidentligi vaqtida Batukayevning ozod etilishi operatsiyasiga shaxsan ruxsat bergan Atamboyev aloqador bo‘lishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Almazbek Atamboyev ustidan sud jarayoni yopiq tartibda o‘tadi