Ayoldan ayollarga 10 maslahat: “Oʻzingizni qoʻlga oling!”

  • 03 dekabr 2019, 16:17
  • 1 968
  • Hayot tarzi
  • Ayoldan ayollarga 10 maslahat: “Oʻzingizni qoʻlga oling!”
    1. Hozirgi kunda oʻzaro suhbatlarda yolgʻon qoʻshib yuborish oddiy holga aylangan. Afsus. Sizga arzimas koʻrinsa-da, yolgʻon qoʻshib sherigingizga yetkazmang. Bu gunoh!

    Rosululloh sollallohu alayhi vassallam “Yolgʻonni hatto hazil oʻrnida ham tark etmagunicha banda komil iymon keltirgan boʻlmaydi” dedilar (Imom Ahmad).

    2. Suhbatlaringizda yaqin insoningiz boʻlsin, xoh begona boʻlsin, tuhmat gap (xabar) eshitsangiz, jim turmang, aslo. Tuhmat ekanligini yetkazing va nuqta qoʻying. Tuhmat sabab qancha xonadonlar vayron boʻlgan, doʻstlik iplari uzilgan.

    Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis ham rivoyat qilingan: “Kimki Allohga va qiyomat kuniga ishonsa, tuhmat paydo boʻladigan oʻrinlarga tushib, oʻzini fitnaga solmasin”.

    3. Gʻiybatdan tiyiling, buni badali ogʻir.
    Alloh Rasuli sollallohu alayhi vasallam bildirdilarki: “Meʼroj kechasi bir toʻda insonlarni koʻrdim, tirnoqlari bilan yuzlarini timdalardilar va iflos narsalar yeyardilar". Jabroildan: «Bular kim?” – deb soʻradim. Dediki: “Bular dunyoda insonlarning goʻshtini yeganlar, gʻiybat qilganlardir!

    4. Bidʼat amallardan qayting. Tavba qiling. Shirk kechirilmaydigan gunohlardan. (Mushkul kushot, aza marosimlaridagi bidʼatlar, toʻylarimizga kirib kelgan yangi urf bulgan va boʻlayotgan shariatga zid bidʼatlar).

    Shuning uchun ham Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki: “Dinda yangi paydo boʻlgan narsadan chetlaninglar, har qanday yangi paydo qilingan narsa bidʼat, har bir bidʼat zalolatdir”.

    5. Xushmuomala boʻling, ayolsiz axir.
    Alloh taolo: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli va maqtanchoq kimsalarni suymas”, deya marhamat qilgan“. (”Luqmon" surasi, 18-oyat)

    6. Toʻy va turli marosimlarga borsangiz, qadri yoʻq buyumlar va togʻoralar emas, kitoblar oling.
    Hazrat Ali roziyallohu anhu Kumaylga: "Ilm moldan yaxshidir, u seni himoya qiladi, molni esa sen qoʻriqlashga majbursan, ilm – hokim, mol mahkumdir, ilmni tarqatganing sayin koʻpayib boradi”, deganlar.

    7. Omonatga hiyonat qilmang. Bir insonning sizga ishonib aytgan siri, vaʼdani ustidan chiqmaslik, vaqtda, buyumda yoki pulda boʻlsin, har qanday omonatga xiyonat qilmaslik darkor.
    Va albatta, Alloh xoinlarning ishini oʻnglamas” (“Yusuf” surasi, 52)

    8. Farzandlaringizga eʼtiborli boʻling. Ular bizga Alloh bergan omonatlar. Hisobini berishimiz kerak. Parvarish qilingan nihol meva beradi. Ikki dunyo saodatiga erishay desangiz, farzandlaringizni dunyoviy va diniy ilm olishlarini taʼminlang.
    Islomga koʻra, ilm talab qilishlik har bir muslim va muslima uchun farz boʻlgan amallardandir.

    Alloh oʻz Kalomida marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur…”. (Mujodala, 11-oyat).

    9. Serial koʻrmang, ijtimoiy-siyosiy yangiliklarni kuzatib boring, kitoblar oʻqing va ziyo ulashing.
    Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Kim ilm talab qilish yoʻliga tushsa, Alloh unga jannatning yoʻlini yengillashtiradi”, dedilar. Ilmga daʼvat qilish uchun bundan ortiq targʻib boʻlmasa kerak.

    10. Tartibli taomlaning, roʻza tuting, parhezlar qiling. Xullas, semizlik yarashmagan illat.
    Sogʻlom turmush tarzini kun tartibingizga kiriting, vaqtni qadrlang, harakatdan toʻxtamang. Ertangi qiladigan ishlaringizni rejasini bugun yotishdan oldin qogʻozga tartib bilan yozib boring. Ertangiz unumli, foydali oʻtishiga hissa qoʻshadi. Yana ozoda, sarishta boʻling. Oʻzingizni ehtiyot qiling va seving!

    Ummu Muhammad Zohid

    » » Ayoldan ayollarga 10 maslahat: “Oʻzingizni qoʻlga oling!”