date

Yashil choy miya qarishiga qarshi tabiiy himoya vositasi ekani isbotlandi

Yashil choy miya qarishiga qarshi tabiiy himoya vositasi ekani isbotlandi

Sog‘liqni saqlash sohasidagi olimlar aniqlashicha, yashil choy tarkibida ko‘p miqdorda mavjud bo‘lgan epigallokatexin gallat (EGCG) moddasi nerv hujayralarining energiya muvozanatini tiklaydi va ulardagi zaharli oqsil to‘planmalarini chiqarib, hujayralarni tozalash jarayonini faollashtiradi.

Yosh o‘tishi va Alsgeymer kasalligi rivojlanishi jarayonida neyronlarda guanozintrifosfat (GTF) darajasi sezilarli ravishda kamayadi. GTF – bu hujayraning energiyasi sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi modda bo‘lib, hujayraning “tozalash” tizimlari uchun zarur hisoblanadi. Ushbu energiya moddasi yordamida neyronlar zararli oqsillar va chiqindilardan xalos bo‘ladi. Agar GTF darajasi pasaysa, hujayra o‘zini samarali tozalay olmaydi va zaharli moddalar to‘planadi.

Yosh o‘tishi bilan GTF kamayishi neyronlarning tozalash mexanizmlarini buzadi va beta-amiloid oqsillarining to‘planishi kuzatiladi. Bu jarayon Alsgeymer kasalligining asosiy sabablaridan biri sifatida qaraladi.

Laboratoriya tajribalarida yashil choydagi EGCG va nikotinamid (B3 vitaminining shakli) kombinatsiyasi qarib borayotgan neyronlarda atigi 24 soat ichida GTF darajasini sezilarli ravishda tiklashi aniqlandi. Bu esa hujayralarning o‘zini tozalash jarayonlari faollashishiga, yashovchanligi oshishiga va miyadagi oksidlovchi stressning kamayishiga olib keladi.

Yashil choyning organizm uchun foydali ekani allaqachon ma’lum. U antioksidantlarga boy, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi, moddalar almashinuvini yaxshilaydi va ba’zi saraton turlarini oldini olish imkonini beradi. Endi esa uning miya neyrodegenerativ kasalliklardan himoya qiladigan ta’siri ham tasdiqlandi.

Qiziq tomoni shundaki, EGCG miya uchun “filtr” vazifasini bajaradigan maxsus himoya devoridan o‘ta oladi. Bu modda to‘g‘ridan to‘g‘ri miyaga yetib, uning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, kelajakda miya kasalliklariga qarshi samarali dori ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratiladi.

Shu bilan birga, yodda tuting: yashil choy – foydali ichimlik, ammo kasallikni davolaydigan “mo‘jizali dori” emas. Uni sog‘lom turmush tarzining bir qismi sifatida muntazam iste’mol qilish tavsiya qilinadi, ammo kasallikni davolash uchun uni yagona vosita sifatida ishlatish yetarli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Foydali » Yashil choy miya qarishiga qarshi tabiiy himoya vositasi ekani isbotlandi