16:27 / 25.11.2016
8 136

O‘zbekiston iqtisodiyotiga yaqin 5 yilda 40 milliard dollar investisiya kiritiladi

O‘zbekiston iqtisodiyotiga yaqin 5 yilda 40 milliard dollar investisiya kiritiladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida iqtisodiyotimizning jahon bozoridagi raqobatdoshligini oshirish, uning soha va tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish, investisiyaviy faollikni kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Saylovoldi dasturida asosiy va muhim vazifa - 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga etkazish bo‘yicha aniq maqsadli dasturlarni amalga oshirish deb belgilangan.

Shu maqsadda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xomashyosi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmasevtika, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan 8 ta maxsus dastur qabul qilindi va amalga oshirilmoqda. Yaqin besh yilda umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu choralar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi. Qiymati salkam 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investisiya loyihasini amalga oshirish natijasida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 2021 yilda 2016 yilga nisbatan 2,2 barobar, jumladan, ip gazlama - 2,7 barobar, tayyor trikotaj mato - 3 barobar, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari - 3,4 barobar, paypoq mahsulotlari - 3,7 barobar ortadi va mos ravishda ushbu davrda mahsulotlar eksportini 2 barobar oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Bu sohadagi mavjud 100 ming ish o‘rni yana 27 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlariga ko‘payadi. Eng muhimi, 2021 yilga kelib yurtimizda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasini to‘liq qayta ishlashga erishiladi.

Oxirgi 11 yil ichida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sishi 8 foizdan kam bo‘lmay kelayotgani, mamlakat iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ikki barobar ­oshirish uchun esa o‘rtacha yillik o‘sishni 4,8 foiz darajada saqlab turish lozimligini inobatga oladigan bo‘lsak, partiyamiz nomzodining saylovoldi dasturi mustahkam iqtisodiy asosga qurilgani ma’lum bo‘ladi. Buning ustiga, bugungi kunda ko‘pgina davlatlarda ishlab chiqarish ­pasayishi va iste’mol talabi qisqarishi kuzatilayotgan bir paytda, O‘zbekistonda keng ko‘lamli infratuzilma qurilishi, shu jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi bunyodkorlik ishlari izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Xususan, birgina 2015 yili umumiy qiymati 7 milliard 400 million AQSh dollarini tashkil etgan 158 ta yirik ishlab chiqarish ob’ekti qurilishi yakunlanib foydalanishga topshirilgani buning yaqqol isbotidir. Shuning uchun 2030 yilga borib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobar oshirish va yuqori darajadagi daromad hamda rivojlangan iqtisodiyotga ega bo‘lish bajarish mumkin bo‘lgan vazifa hisoblanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston iqtisodiyotiga yaqin 5 yilda 40 milliard dollar investisiya kiritiladi