Eron mojarosi ortidan narxlar keskin oshmoqda

AQSH va Isroil o‘rtasida Eron atrofidagi keskinlik kuchayganidan so‘ng jahon bozorlarida narxlar tez sur’atlarda o‘smoqda. Mutaxassislar bu holatni geosiyosiy beqarorlik va ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar bilan bog‘lashmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tabiiy gazi narxi 85 foizga oshgan. Shuningdek, yoqilg‘i moyi 80 foiz, Brent xom nefti esa 54 foizga qimmatlashgan.
Energetika bozoridagi o‘zgarishlar shu bilan cheklanib qolmagan. WTI xom nefti 46 foiz, benzin 44 foiz, dizel yoqilg‘isi 42 foizga o‘sgan. Bu esa transport va sanoat sohalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qolaversa, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida ham o‘sish kuzatilmoqda. Karbamid narxi 48 foiz, oltingugurt 25 foiz, o‘g‘itlar 23 foizga oshgan. Bu holat fermerlar va oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimi uchun qo‘shimcha bosim yaratmoqda.
Metall va oziq-ovqat bozorlarida ham o‘zgarishlar qayd etilgan. Ko‘mir 24 foiz, palma yog‘i 13 foiz, Temir rudasi va guruch esa 7 foizgacha qimmatlashgan. Shuningdek, AQSH tabiiy gazi narxi ham 8 foizga oshgan.
Ekspertlar fikricha, agar mintaqadagi keskinlik davom etsa, bu narxlar yanada oshishi va global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirgi holat esa dunyo bozorlarida noaniqlik va xavotirni kuchaytirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!