Shvetsiyada «Forvard» darvozaboni otishma paytida halok bo‘ldi

Foto: Champion.com
Shvetsiyaning mashhur Aftonbladet nashri xabar berishicha, «Forvard» klubining 20 yoshli iqtidorli darvozaboni Xugo Mossxagen Erebru shahrida sodir bo‘lgan otishma paytida halok bo‘ldi. Bu fojiali voqea 21-mart kuni kechqurun shahar g‘arbidagi avtoturargohda yuz bergan.
Politsiyaga soat 23:26 da chaqiruv kelib tushgan va voqea joyida bir erkak jarohatlangan holda topilgan, keyinchalik u vafot etgan. Tergovchilar bu holatni og‘ir jinoyat sifatida qayd etmoqda va hozircha gumondorlar aniqlanmagan.
Navbatchi ofitser Peter Anderssonning ta’kidlashicha, tergov Mossxagenning jinoiy guruhlar bilan aloqasi yo‘qligini tasdiqlagan. Voqea qotillik va qurol qonunbuzilishi sifatida baholanmoqda, ammo motiv hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Bir versiyaga ko‘ra, bu baxtsiz hodisa bo‘lishi mumkin — ehtimoliy nishon Xugo emas, uning atrofidagi boshqa shaxs bo‘lgan.
Hujum paytida Mossxagen kamida bitta tanishi bilan birga bo‘lgan. U Shvetsiyaning to‘rtinchi divizionida ishtirok etayotgan «Forvard» klubining asosiy tarkibida muntazam maydonga tushib kelgan iqtidorli darvozabon edi. Mazkur hodisa nafaqat jamoa, balki mahalliy jamoatchilik uchun ham katta shok va qayg‘uli xabar bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!