Non narxi oshdi. Buni mutasaddilar qanday izohlaydi?

  • 16-09-2018, 06:31
  • 1 711
  • Jamiyat
  • Non narxi oshdi. Buni mutasaddilar qanday izohlaydi?
    Foto: “Xalq soʻzi”

    Bugundan eʼtiboran yurtimizda qolipli non narxi koʻtarildi. Uning donasi 1200 soʻmdan sotilmoqda. Bu non bahosi 550 soʻmga oshdi, deganidir.

    Kundalik isteʼmoldagi eng muhim oziq-ovqat mahsuloti narxining keskin koʻtarilishi isteʼmolchilarda koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda. Nega non birdaniga salkam ikki barobarga qimmatlashib ketdi? Buning asl sababi nimada?

    Bunga oydinlik kiritish maqsadida dastlab faoliyati poytaxtimiz aholisiga non va non mahsulotlari yetkazib berishga qaratilgan “Toshkentnon” ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga murojaat qildik.

    — Hozirgi paytda uyushmamiz tomonidan kuniga oʻrtacha 500-550 tonna non va non mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berilmoqda, — deydi “Toshkentnon” uyushmasi bosh hisobchisi Ruslan Musretov. — Non narxining koʻtarilishi esa, avvalo, ishlab chiqarish tannarxiga bogʻliq. Chunki shu kunga qadar birinchi navli unning 1 kilogrammini 930 soʻmdan sotib olardik. Shuning hisobiga bitta qolipli non ishlab chiqarib, to u savdo doʻkoniga yetkazib berilguniga qadar tannarxi 591 soʻmga toʻgʻri kelardi. Ayni paytda bu koʻrsatkich oʻrtacha 1000 soʻmni tashkil etmoqda. Sababi, unning bahosi ham koʻtarilib, 1 kilogrammini 1400 soʻmdan xarid qilyapmiz. Bu Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 sentyabrdagi 731-sonli qarori bilan belgilangan boʻlib, narx-navo joriy yilning noyabridan yana oshishi mumkin.


    Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2018 yil 15 sentyabrdan boshlab 1 kilogramm bugʻdoy unining ulgurji narxi 1400 soʻm miqdorida belgilandi. Ushbu hujjatda mazkur narxni 1 noyabrgacha bekor qilish ham koʻzda tutilgan. Negaki, endilikda qolipli non talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi boʻyicha sotiladi.

    Taʼkidlash kerakki, bu jarayonda aholining ijtimoiy himoya qilish, ayniqsa, nogiron, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalarning un va qolipli non xarid qilish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarini qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanadi. Bu yangilik amaliyotga shu yilning 1 oktyabridan joriy etiladi.

    Bundan tashqari, qarorda 14 yoshgacha farzandlari boʻlgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan belgilangan nafaqa toʻlanishi ham oʻz aksini topgan. Eng asosiysi, bozorda don va un narxlari keskin oʻzgarishining oldini olish boʻyicha aniq vazifalar belgilanib, zarurat tugʻilganda davlat zaxirasidan don chiqarilishi bogʻliq chora-tadbirlari koʻrilishi koʻzda tutilgan.

    Shubhasiz, non — xalqimiz uchun eng aziz va laziz neʼmat. Dasturxonimiz toʻkisligi ham, roʻzgʻorimiz fayzu barakasi ham uning serobligi bilan oʻlchanadi. Uyga mehmon kelsa, albatta, non ushatiladi. U boʻlmasa, shohona taomlar ham tatimaydi. Sodda qilib aytganda, non odamlarning kayfiyatiga taʼsir qiladigan eng muhim mahsulotlar sirasiga kiradi. Buni qolipli non narxining oʻzgarishi ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzusiga aylangani yana bir karra tasdiqlab turibdi.

    Ayrimlar narx-navoni joriy mavsumda gʻalla hosili moʻljaldagidan kam boʻlgani oqibati bilan bogʻlamoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?

    Savolga javob olish uchun “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi mutasaddilariga murojaat qildik.

    — Bu kabi gap-soʻzlar asossiz, — deydi Don va urugʻlik tayyorlash va saqlashni tashkil etish boshqarmasi mutaxassisi Akrom Ismoilov. — Chunki kompaniyamiz tizimidagi korxonalarda oʻtgan yildagidan kam boʻlmagan miqdorda bugʻdoy qabul qilindi. Ular sifatli saqlanib, peshma-pesh qayta ishlanmoqda. Mamlakatimiz aholisi ehtiyojiga yarasha bugʻdoy jamgʻarilgan. Un yetkazib berishda uzilishlar roʻy bermaydi.


    Donni qayta ishlovchilar, non tayyorlash korxonalari ishchilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ular unning narxi oxirgi marta 2014 yilda oshgani taʼkidlashmoqda. Oradan toʻrt yil oʻtib, bitta non bahosining bir litr gazlangan suv narxiga yaqinlashganini “normal holat” deya qabul qilishayotir. Yana ular amaliyotga erkin bozor narxi qoʻllanilishini ishlab chiqarish korxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi muhim qadam, deya baholashyapti.

    Chindan ham, masalaga bozordagi bugungi real holatdan kelib chiqib yondashadigan boʻlsak, qolipli nonga oʻrnatilgan narx unchalik ham baland emasligiga amin boʻlamiz. Axir, xarxasha qilayotgan farzandimiz uchun oddiy xoʻrozqandni ham 1000-1500 soʻmga sotib olyapmiz-ku?! Ammo oddiy haqiqat shuki, suvga chanqagan odamgina ehtiyoj sezadi. Non esa har qanday oila kundalik xarid roʻyxatining boshida turadi. Shu maʼnoda, aholining non narxiga bildirayotgan munosabatlarini toʻgʻri qabul qilmasdan iloj yoʻq. Zero, muhim isteʼmol tovarlari, xususan, nonning bahosi aholi xarid qobiliyati darajasiga har tomonlama mos boʻlishi maqsadga muvofiqdir.

    » » Non narxi oshdi. Buni mutasaddilar qanday izohlaydi?