Maktablarda matematika darslari qisqarishi mumkin

  • 1-12-2018, 21:21
  • 1 439
  • Jamiyat
  • Maktablarda matematika darslari qisqarishi mumkin
    30 noyabr kuni “Telegram” va “Facebook”dagi kanallarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, 2019­-2020 o‘quv yili uchun tayanch o‘quv rejasiga muvofiq ayrim fanlar, jumladan, matematika uchun ajratilgan soatlar salkam 20 foiz qisqarishi mumkin. Bu haqda matematika murabbiyi, xalq ta’limi a’lochisi Isroil Tillaboyev fikr yuritadi.

    Bu yil maktab ta’limini rivojlantirish doirasida o‘quvchilarga ta’lim berishning an’anaviy tizimidan yangi tizimiga o‘tishga qaror qilindi. Bu yo‘nalishni belgilab bergan yo‘l xaritasi prezidentning 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘ldi. Bu qaror bilan tasdiqlangan 2018-2021 yillarda xalq ta’limi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining 11-bandida yangi ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari, jumladan STEAM (tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika) uslubini joriy etish, 13-bandida o‘quvchilar bilimi darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dastur va tadqiqotlar: PISA — 15-16 yoshli o‘quvchilarning matematik savodxonligi, o‘qish va tabiatshunoslik bo‘yicha savodxonligi, TIMCC — 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematik va tabiiy fanlardan savodxonligini baholashda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.

    Bu dasturlar yordamida dunyo davlatlariga beriladigan baho jahonda o‘sha davlatning qanchalar rivojlanganini ko‘rsatuvchi mezonlardan biri bo‘lib qolmoqda. PISA bo‘yicha bahoning 50 ballga oshishi har yillik YaMMning 1 foiz o‘sishini ta’minlaydi (Manba: IHRT-2010 hisoboti www.oecd. org). Har 3 yilda o‘tkaziluvchi PISA xalqaro dasturida O‘zbekiston navbatdagi 3 yillikda – 2021 yilda 3 ta yo‘nalish bo‘yicha (o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik) ishtirok etishi belgilandi.

    Demak, endi biz ham dunyo davlatlari o‘quvchilari allaqachon o‘zlashtirgan ta’lim standartlariga o‘tamiz va o‘quvchilarimiz xalqaro baholash standarti bo‘yicha baholanib, ularni boshqa davlatlardagi tengqurlari bilan bir mezon asosida taqqoslash imkoniyati tug‘iladi. Singapur, Finlyandiya, Kanada ta’lim tizimlari qanchalar farq qilishini o‘z o‘quvchilarimiz baholari orqali ko‘ramiz, aslini olganda, bellashamiz.

    To‘g‘risi, o‘quvchilarimiz tugul o‘qituvchilarimiz uchun ham yangilik bo‘lgan bu ta’lim dasturlarini joriy qilish mushkul. Bu ushbu fanlar o‘qituvchilari zimmasida katta vazifa, mas’uliyat, shu jumladan, STEAM o‘quv uslubida ham, PISA va TIMCC kabi o‘quvchilarning baholash dasturlarida ham ishtirok etuvchi matematika fanini o‘qitish asosiy e’tiborga chiqishi barchaga sir emas. Demak, hali ushbu dastur standartlaridan bexabar holda o‘quvchilarimizni bu dasturga tayyorlash va munosib ball olish uchun matematika va tabiiy fan o‘qituvchilari ixtiyorida 3 yil vaqt bor. Dastur natijalari butun davlat uchun ahamiyatli ekani Xalq ta’limi vazirligi hamda ta’lim sifatini nazorat etuvchi organ – Ta’lim inspeksiyasidan katta mas’uliyat bilan yondashuvni taqozo etadi. Bu ikki tashkilot ushbu fanlar yuqori saviyada o‘qitilishini ta’minlash uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratishi lozim.

    Ma’lumki, O‘zbekiston prezidentining 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Xalq ta’limi vazirligi 2019 yil 1 avgustga qadar Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’limning amaldagi tayanch o‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqib, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab 10 foiz qisqartirish yuzasidan taklif kiritish vazifasi berilgan.

    Ta’lim tizimimizda jahon tajribasidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarning haftalik yuklamasini yengillatish vazifasi qo‘yildi.

    Mana shu vazifa Xalq ta’limi vazirligi va Ta’lim inspeksiyasi rahbariyatiga katta mas’uliyat yuklaydi. Endi ushbu ikki tuzilma qaysi fanlarni qancha soatga qisqartirib, ulardan ortgan o‘qituvchilarni qaysi fan bo‘yicha qayta tayyorlshni belgilashda chuqur mushohada bilan bir to‘xtamga kelishiga to‘g‘ri keladi.

    Hash-pash deguncha yuqorida aytganim PISA dasturi sinovlari ham yetib kelishini, bu dastur O‘zbekiston uchun yangiligi, bu haqda tasavvurni va bilimni shakllantirish vazifasi dolzarbligini va dasturda matematika fani asosiy fan ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, Ta’lim inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi ushbu qisqartirish ishlarida bu omillarni alohida e’tiborga olishini kutgan edim.

    Lekin shu kunlarda “Telegram”da quyidagi hujjat aylanib yurgani ko‘nglimni xavotirga soldi:

    Muhokamadagi bu hujjatdan ko‘rinib turibdiki, mas’ullar yuqorida aytilgan matematika fanini o‘qitishni kuchaytirish o‘rniga, aksincha, qiyin holatga tushirish arafasida. Inspeksiya va vazirlik umumiy fanlar bo‘yicha eng katta qisqartirishni matematika fani zimmasiga yuklash bilan osongina qutulish niyatida menimcha: naqd 18 foiz! Vaholanki, prezident qarorida bu ko‘rsatkich 10 foiz qilib belgilangan edi. Bu hujjat to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini vazirlik mas’ullaridan bilishning iloji bo‘lmadi. Lekin mabodo hujjatni tuzishga mas’ullardan bu haqda so‘raydigan bo‘lsak, ularning javobi tayyorligini bilaman. Ular taxminan bunday javob berishlari mumkin: matematikani boshlang‘ich sinflarga tegmadik-da, ularning hisobini ham yuqori sinfdan chiqardik, umumiy hisobda matematika 11 foiz qisqarmoqda…

    Keling, bir daqiqa shoshmay, chuqurroq tahlil qilaylik. Shu hujjat ustida ishlayotgan mas’ullar bir nechta savolimga javob berishlarini iltimos qilaman.

    Birinchidan, qarorda aynan matematika fanini qisqartirish haqida biron band bormi? Umumiy hisobda 10 foiz deyilgan-ku, nega endi bu 10 foiz qisqartirish boshqa ba’zi fanlar (jadvalda bunday fanlarni ko‘plab sanadim, nomma-nom aytishim shart emas) qisqartirilmagan holda yuqori sinf matematikasi va matematik ustozlarning 18 foizini qisqartirish bilan qoplanayapti? Jadvalda qisqartirilmay qolgan fanlar ham yuqori sinflarda o‘tiladi-ku? Nima uchun hamma fanga bir xil qaralmayapti-da, sal dars soati ko‘p ko‘ringan fandan katta-katta kesib qo‘yaqolinmoqda? Qani tenglik?

    Ikkinchidan, prezident qarorida ko‘rsatilganidek 10 foiz emas, naqd 18 foiz! O‘rtoqlar, qarorni qayta o‘qib ko‘ring! Buni matematika fani zimmasiga yuklashga qanday asoslaringiz bor? Matematika fani bilimlari asosan 5-sinfdan boshlab fundamental quriladi. Sizlar esa aynan eng zarur davrda o‘quvchilarga bu fanni qisqartirib o‘tishga majbur etmoqchisizlar. Axir matematika o‘quvchining aqliy salohiyatini boshqa fanlar uchun ham ochib berishga xizmat qiluvchi noyob fan-ku?

    Uchinchidan, matematika (yuqori sinf deyavermaylik, tan olaylik, matematika mutaxassislari boshlang‘ich sinfga o‘tmaydi, ularga alohida mutaxassislar o‘tadi, barcha matematika muallimlari yuqori sinflarga dars beradi) 18 foiz qisqarsa, mamlakatdagi shu soha mutaxassislarining 18 foizi o‘z dars soatlaridan mahrum bo‘ladi, bu birdaniga bitta fan o‘qituvchilari uchun juda katta ko‘rsatkich. Xo‘sh, ular qaysi fandan qayta tayyorlovda o‘qishi mumkin? Men matematiklardan yaxshi kimyogar yoki yaxshi fizik chiqishiga ishonmayman. Yana qaysi fanni tavsiya qilasizlar? Mana shu tarafi hali noma’lum bo‘lgan holda birgina mutaxassislikdan birdaniga 18 foiz o‘qituvchini qisqartirish katta yo‘qotish va muammolar tug‘dirishi aniq.

    To‘rtinchidan, xalqaro dasturda ishtirok etib, jahon ta’lim tizimida butun ta’lim tizimining o‘rnini belgilab berishi kutilayotgan fanga asosiy urg‘uni berib, bu fanni o‘qitishni kuchaytirish o‘rniga kamaytirish fan o‘qituvchilari oldida turgan shundoq ham murakkab vazifani yanada qiyinlashtirib qo‘yadi. Axir biz maktablarimizga olib kirishni istayotgan STEAM ta’lim standartida ham, PISA va TIMCC dasturlarida ham matematika bor-ku?! Bu fanni qisqartirish shundoq ham yangi bo‘lgan dasturni o‘quvchilar ongiga singdirish va ularni jahon standarti darajasida tayyorlashdek murakkab vazifani yanada mushkullashtirib qo‘yadi.

    Shu kabi omillardan kelib chiqib, ayniqsa Vazirlar Mahkamasi huzurida tuzilgan Ta’lim inspeksiyasidan va albatta Xalq ta’limi vazirligidan qarorda ko‘rsatilgan taklifni tayyorlash jarayonida matematika fanini qisqartirish masalasiga katta e’tibor bilan yondashishlarini so‘rab qolaman. Tag‘in ertaga demadi demang, bir zumda 2021 yil keladi va xalqaro dasturda mamlakat ta’lim sifati sha’nini himoya qilish chog‘ida katta natija ko‘rsatishimiz sizlarning shu kunlardagi qaroringizga bog‘liq!

    » » Maktablarda matematika darslari qisqarishi mumkin