Germaniyada o‘qimoqchimisiz? Elchixona hujjat qabul qilishni boshladi

  • 07 avgust 2019, 12:49
  • 896
  • Jamiyat
  • Germaniyada o‘qimoqchimisiz? Elchixona hujjat qabul qilishni boshladi
    Foto: «internationalwealth.info»
    Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolaridan stipendiyalar dasturi bo‘yicha hujjat qabul qilishni boshladi. Germaniyada o‘qish va ilmiy tadqiqot olib borish bo‘yicha hujjatlar joriy yil 1-noyabrga qadar qabul qilinishi belgilangan.

    Xo‘sh, yurtdoshlarimiz qaysi yo‘nalishda grant hamda stipendiyalarga hujjat topshirishlari mumkin?

    Bakalavriat va magistraturaning 1-bosqich talabalari Germaniya universitetlaridan birida 3-4 haftalik kurslarda olmon tili bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash imkoniga ega.

    Bakalavriat va magistratura bitiruvchilari esa iqtisodiyot, arxitektura, san’at va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha ajratilgan stipendiyalar tanlovida qatnashadi.

    Doktorantlar qisqa yoki uzoq muddatli tadqiqotlar uchun grant olishi, jumladan, Germaniyada doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishi mumkin.

    Shuningdek, ilmiy darajali tadqiqotchilar hamda tajribali olimlarga qisqa va uzoq muddatli grantlar taqdim etiladi, safarlar uyushtiriladi.

    Dunyo bo‘yicha 1,8 million nafar talaba xorijda tahsil oladi. Ularning har o‘ninchisi esa Germaniya oliy o‘quv yurtlaridan birini tanlagan.

    Germaniya federal statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, olmon o‘lkasida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 380 ming nafardan oshgan. Mamlakat yaqin muddatda xorijlik talabalar soni bo‘yicha dunyo beshtaligiga kirishi kutilmoqda.

    Olmon ta’lim dargohlarida o‘qish yoki tadqiqot olib borish istagida bo‘lgan xorijliklar soni oshib borayotgani bejiz emas. Avvalo, mamlakatda ta’lim sifati juda yuqori. Germaniya universitetlari xalqaro ta’lim reytinglarida yuqori o‘rinlarni egallaydi. Qolaversa, federal hukumat ko‘magida xorijlik talabalarga ko‘plab grantlar taqdim etilgan. Sirasini aytganda, Germaniya bepul tahsil olish va ilmiy tadqiqot yuritish mumkin bo‘lgan sanoqli davlatlar sirasiga kiradi.

    2020-yil, shuningdek, 2020-2021-o‘quv yili uchun xorijiy talabalarga mo‘ljallangan stipendiyalar dasturlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni www.funding-guide.de saytidan topish mumkin.

    Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, oliy ta’lim va tadqiqot dasturlari yuzasidan savollarga elektron pochta (ku102@tasc.diplo.de) yoki telefon orqali (+998-78-120 84 78) javob olish imkoni ham bor.

    » » Germaniyada o‘qimoqchimisiz? Elchixona hujjat qabul qilishni boshladi