Markaziy bank isteʼmolchilarga eslatma bilan chiqdi

  • 13 dekabr 2019, 13:23
  • 961
  • Jamiyat
  • Markaziy bank isteʼmolchilarga eslatma bilan chiqdi
    Markaziy bank bank xizmatlari isteʼmolchilariga eslatma bilan chiqdi.

    Qayd etilishicha, Markaziy bankka jismoniy shaxslardan oʻz mulkini (koʻchmas mulk yoki avtomobil) sotishdan tushgan pul mablagʻlarini, dividend yoki gonorarlarni oʻzlarining bank kartalari va depozit hisobvaraqlari orqali olish tartibi yuzasidan koʻplab murojaatlar tushmoqda.

    Bildirilishicha, jismoniy shaxslar, xususiy mulkini sotishdan tushgan pul mablagʻlarini, shuningdek, dividendlar, ijodiy faoliyatidan olingan gonorarlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlarini oʻzlarining bank kartalari va depozit hisobvaraqlariga cheklovlarsiz olish huquqiga ega.

    Mulk oldi-sotdi shartnomasini tuzishda, shuningdek, dividend va boshqa qonuniy toʻlovlarni olishda, toʻlovni amalga oshiruvchi tomonga mablagʻ oluvchining bank kartasi yoki depozit hisobvaragʻining bank rekvizitlarini taqdim etish zarur, ularni xizmat koʻrsatuvchi bankdan olish mumkin.

    Banklarning mobil ilovalaridan yoki toʻlov tashkilotlarining (Payme, Click, Paynet va boshqalar) xizmatlaridan foydalanganda, toʻlovchiga mablagʻ oluvchining bank kartasi raqamini berishning oʻzi kifoya.

    Mobil ilovalar va boshqa oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi vositalar orqali pul mablagʻlari bilan toʻlovlar va oʻtkazmalar amalga oshirganda, hech qachon va hech kimga SMS-xabar koʻrinishida olinadigan bir martalik parolni bermaslik kerak.

    Agar bank kartasi SMS orqali xabar berish xizmatiga ulangan boʻlsa, u holda bank kartasi egasi mobil telefon orqali SMS-xabarnoma yoki Telegram-bot orqali uning bank kartasiga mablagʻ tushganligi haqida maʼlumot olishi mumkin.

    Banklar jismoniy shaxslarning bank kartalari yoki depozit hisobvaraqlariga mablagʻlarni kirim qilganligi uchun vositachilik haqi undirishga haqli emas, deyiladi maʼlumotda.

    » » Markaziy bank isteʼmolchilarga eslatma bilan chiqdi