Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent favvora majmuasi loyihasi bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan yangi favvora majmuasi loyihasi bilan batafsil tanishdi va uning barcha texnik va estetik yechimlari bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Loyihaga ko‘ra, Yangi Toshkentda qariyb 8 gektar maydonda musiqali va vizual effektlarga boy favvora majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Suv havzasi 6,3 gektardan iborat bo‘lib, uning 1,5 gektar maydonida musiqa, yorug‘lik va dinamik suv shoulari o‘tkazish imkoni yaratiladi.

Majmua tarkibida 232 metr balandlikkacha suv ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma va radiusi 185 metr bo‘lgan 360 darajali suv ekrani bor. Shuningdek, favvora yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilish, yuqori quvvatli lazer nurlari va turli vizual effektlardan foydalanish rejalashtirilgan.

Texnik jihatdan nasos, elektr tizimlari, lazerli proyeksiya va boshqa mexanizmlar yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi. Atrofida esa yashil bog‘lar, dam olish zonasi hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etiladi.

Davlat rahbari loyihaning mazmun-mohiyati va texnik yechimlariga alohida e’tibor qaratdi, zamonaviy savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini yuqori sifatda tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, joriy yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan shou tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazish zarurligi ham qayd etildi.
Yangi favvora majmuasi nafaqat shahar ko‘rinishini bezatadi, balki turistlar va mahalliy aholi uchun ham zamonaviy dam olish makoniga aylanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!