Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent futbol stadioni qurilishini ko‘zdan kechirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 mart kuni Yangi Toshkentda barpo etilayotgan yirik zamonaviy futbol maydoni qurilish jarayonini batafsil ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari qurilish ishlarining sifat va muddatlarga muvofiq bajarilishini alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

Hozirgi paytda maydon qurilishi jadal davom etmoqda. Yerni tekislash ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, poydevor quyish ishlari 95 foizga yaqinlashdi. Qurilish maydoniga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich yetkazib berilmoqda. Shuningdek, 55 ming tomoshabin uchun mo‘ljallangan stadion 6 qavatli bo‘ladi, 10 dan ortiq eskalator o‘rnatiladi, hududda 3 ta qo‘shimcha mashg‘ulot maydoni tashkil etiladi, yaqin atrofda esa metro bekati va 5,5 ming o‘rinli avtoturargoh quriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu inshoot qiymati 100 million dollar bo‘lib, 2027 yilda O‘zbekiston va Ozarboyjonda bo‘lib o‘tadigan FIFA 20 yoshgacha bo‘lganlar jahon chempionati uchun mo‘ljallangan. Jahon chempionati final va yarimfinal o‘yinlari 50 mingdan ortiq tomoshabin sig‘adigan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

Prezident Mirziyoyev stadionning mamlakatimizda ilk bor bunday katta sig‘imli yopiq sport inshooti ekanini alohida ta’kidlab, qurilish va atrofini obodonlashtirish ishlarini bosqichma-bosqich va yuqori sifatda amalga oshirish zarurligini bildirdi.

Yangi Toshkent stadioni nafaqat milliy sportni rivojlantirish, balki xalqaro musobaqalarni qabul qilishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, deb baholanmoqda.
