Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tranzit kemalaridan to‘lov undirmoqda

Eron hukumati Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dengiz tranziti amalga oshirayotgan kemalardan norasmiy to‘lovlar undirishni boshladi. Bloomberg agentligi ma’lumotlariga tayanib, Investing bu harakat haqida xabar berdi.
Manbalarning ta’kidlashicha, bitta kema uchun taxminan 2 million AQSH dollari miqdorida to‘lov talab qilinmoqda. Bu aslida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tranzitdan foydalanish uchun norasmiy bojga o‘xshaydi. Hozirda to‘lov mexanizmi va qaysi valyutada amalga oshirilishi aniq emas, tizim rasmiylashtirilgan tarzda ishlamaydi.
Suhbatdoshlar ma’lum qilishicha, to‘lov ommaviy e’lon qilinmagan holda amalga oshirilmoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotga rasmiy izoh bermadi.
Ba’zi manbalarning aytishicha, Tehron mojaroni hal qilish bo‘yicha keng ko‘lamli diplomatik kelishuv doirasida bunday to‘lovlarni rasmiylashtirish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda.
Biroq, Fors ko‘rfazi davlatlari uchun bu chora norasmiy bo‘lsa ham qabul qilinmaydi. Ular buni o‘z suverenitetiga tahdid, xavfli pretsedent va energiya eksport yo‘llari ustidan nazoratni suiiste’mol qilish deb baholaydi.
Mintaqada mojaro boshlanganidan beri Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan faqat oz sonli kemalar o‘tgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi Eron bilan bog‘liq ekanligi ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!