22:11 / 01.03.2017
11 884

Bahrom Nazarov baxtini topishiga Ozodbek Nazarbekovning rafiqasi sabab bo‘lgani haqida (Eksklyuziv)

Bahrom Nazarov baxtini topishiga Ozodbek Nazarbekovning rafiqasi sabab bo‘lgani haqida (Eksklyuziv)

“Darakchi” gazetasining “10 qaltis savol” loyihasining navbatdagi mehmoni o‘z muxlislariga ega xonanda Bahrom NAZAROV...

San’atda “o‘ta kamtar xonanda”, deya nom qozongansiz. Bunga tarbiya sababmi yo bu “olam”ga kech kirib kelganingiz uchun hali ham o‘zingizni suvdagi baliqdek his qilmayapsizmi?
— Oq-qorani ajrata oladigan vaqtimda omad berganiga shukr qilaman. Aksincha yoshligimda san’atga kirib kelganimda balki kibrga berilib, “yulduzlik kasali”ga chalingan bo‘larmidim?! Stadionda konsert berganimda ham, qarsaklar, muxlislarning menga talpinayotganini ko‘rganimda ham, havolanmayman. Chunki ustozim Ozodbek Nazarbekov, do‘stim Alisher Fayz bu yo‘ldan qanday o‘tishganini ko‘rganman. Mashhurlik o‘tkinchi ekanligini, ertaga o‘rnimni bo‘shatib qo‘yishim kerakligini bilaman. Kibr-manmanlik san’atkordan begona bo‘lishi shart, chunki xonanda xalq xizmatchisi.

Tanlagan kasb sirlarini mukammal egallab, ijod qilish uchun o‘sha soha bo‘yicha tahsil olish kerak, yo men yanglishyapmanmi?
— To‘g‘riku-ya, lekin san’atda ko‘proq mehnat qilib, izlanishning o‘zi kifoya, tahsil olish shartmas. Chunki manaman, degan san’atkorlarimizning ko‘pchiligi ham musiqa sohasida tahsil olmagan. O‘n bir yil avval hozirgi O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga qabul qilingandim. Biroq sharoitim to‘g‘ri kelmagani bois tashlab ketishga majbur bo‘lganman. Nasib bo‘lsa, shu yil yana o‘qishga hujjat topshirib, imkoniyatim borida o‘qib olmoqchiman.

“Maqom janrida kuylashni eplolmasam kerak”, degandingiz. Bu bilan imkoniyatingizni to‘g‘ri baholayapsizmi yo urinib ham ko‘rmay xulosa chiqaryapsizmi?
— Haqsiz, urinib ko‘rmay xulosa chi­qa­r­yapman. Balki yillar o‘tib, o‘z ustimda ishlab, bu yo‘nalishga ham qo‘l urarman.

Prodyuseringiz bilan hamkorlikni to‘xtatganingizga sabab, mablag‘ni ikkiga bo‘lolmaganingizmi?

— Yo‘q, shartnomamiz tugadi, xolos.

Bir ko‘rinib, ma’lum muddat kamnamo bo‘lib qolishingiz mablag‘ bilan bog‘liqmi?
— Muxlislarni bezdirib qo‘yishdan qo‘rqaman. Sog‘inib, intiq bo‘lib kutishganida qo‘shiq taqdim qilsam, buning zavqi o‘zgacha. Oradagi tanaffus esa izlanib, yangilik qilishimga imkon bo‘ladi. So‘zim isboti sifatida shu kunlarda “Nahotki” qo‘shig‘imni klipi bilan taqdim etish arafasida ekanimni ayta olaman.

“Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar”, deyishadi. Lekin sizning ustozingiz O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov. Shunga qaramay, repertuaringizda o‘g‘irlangan, qayta kuylangan qo‘shiqlar etarlicha...

— Ijodkorning ichki “men”i bo‘ladi. Bordi-yu, maslahat solganimda 60 foiz odam fikrimga qo‘shilmasa-da, bilganimdan qolmayman. Yangilik osmondan tushmaydi, hamma narsa bir-biriga qiyos, nimadandir ilhomlanib yaratiladi. Ko‘pgina xonandalar repertuarida plagiat qo‘shiqlar bor. Lekin negadir menga kelganda tanqid kuchayib ketdi. “Pari-pari”ga kelsak, muallifidan ruxsat olib kuylaganman. Qolaversa, davralarda kuylasam, “boshqa qo‘shig‘ingni kuyla, bu o‘g‘irlangan”, demay jon qulog‘i bilan tinglab, raqs tushishadi. To‘g‘ri, bu borada Ozod aka “Mualliflik qo‘shiqlar kuylagin”, deb tanbeh berganlar. O‘shandan keyin plagiatga qo‘l urmadim. Lekin bu ijod, yuragim “jiz” etsa, kuylayveraman. Masalan, “Yana kulsang” qo‘shig‘imni turkman, qozoqlar kuyladi. Ustozimiz Muhriddin Xoliqovning “Kechikish” qo‘shig‘ini esa “O‘xshaydi-ku” teleloyihasi uchun kuylagandim. Shu ko‘rsatuvdan so‘ng qo‘shiq ommalashgani bois imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik uchun klip olib, muxlislarga taqdim qilganmiz.

Xonanda Jasur Mavlonovning “Etimlar” qo‘shig‘ini qayta kuyladingiz, klip ham suratga oldingiz. Qayta kuylangan qo‘shiq bo‘lgani uchun TVda emas, faqat internetda aylantirdingizmi?

— Televidenieda mahzun qo‘shiqlarni namoyish qilishga ruxsat berilmaydi. Aslida “Ona”, “Etimlar”, “Qaramading” qo‘shiqlarim konsertning o‘zida ommalashgan. Shu bois klipini televidenieda aylantirishga hojat qolmagan. “Etimlar”ga klip suratga olganimga kelsak, qo‘shiq ma’nosi tushunarli bo‘lishi uchun konsertda katta monitorda namoyish qilish maqsadida ishlangandi. Doim ham televidenie uchun ishlamayman.

2015 yil noyabrda ikki kunlik ilk yakkaxon konsertingizni xalqqa taqdim etdingiz. Katta sahnaga chiqqach, anglagan haqiqatingiz...

— Mehnat qilib, izlanib, chekkan mashaqqating mukofotlanishiga yana bir bor amin bo‘ldim. Katta sahnaga chiqqanimda ko‘zim oldidan “kechgan daryo”larim kinotasmasidek o‘tgan...

Ba’zi san’atkorlar reytingini o‘ylab, oilasi haqida so‘zlashni xushlamaydi. Ayrimlar shaxsiy hayotni ishdan yiroq tutadi. Siz qaysi toifaga kirasiz?
— Oila — eng buyuk ne’mat! Tirnoqqa zorlar qancha, farzandlarni ommadan yashirishdan nima naf? Shukr qilish kerak. Bu reytingga zarracha ham ta’sir qilmaydi. Rafiqam uy bekasi, o‘g‘lim Ozodbek besh yoshda, qizim Zehina esa ikki yarim yoshga kirdi.

Maxsus savol! DILSO‘Z, xonanda: — Bahrom aka, birinchi muhabbat sizni ham chetlab o‘tmagandir?
— Yoshligim mehnatda o‘tgani uchun muhabbatga vaqtim bo‘lmagan. Maktab vaqtida hamma qatori o‘tkinchi hislar bo‘lgan. Talabalikda esa sirtdan o‘qib, Ozod akaga shogird tushganman, o‘zimdan ortmaganman. Chin muhabbatim, albatta, rafiqam. Bir yil sevishib, sinashib oila qurganmiz. Tanishuvimizga ustozimning rafiqasi sababchi bo‘lgan.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bahrom Nazarov baxtini topishiga Ozodbek Nazarbekovning rafiqasi sabab bo‘lgani haqida (Eksklyuziv)