08:03 / 14.07.2018
5 266

Bosh vazir Samarqandning sobiq hokimi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar haqida

Bosh vazir Samarqandning sobiq hokimi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar haqida
13 iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari ellik uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Ixtiyor Abdullayev ishtirok etdi.

Zarnews.uz nashri xabar berishicha, sessiyada bosh vazir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida mavjud qator muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtaldi. Xususan, viloyatda eksport masalasida ahvol yomon ekanligi, ayniqsa, qurilish ishlarida o‘zibo‘larchilikka yo‘l qo‘yilayotganligi, poraxo‘rlik va byurokratizm avj olganligi keskin tanqid qilindi.

Ta’kidlanishicha, prezidentning joriy yilning 17-18 mart kunlari viloyatga tashrifi davomida belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Natijada, viloyat iqtisodiyotida, shu bilan birga aholining ijtimoiy hayotida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar o‘zgarishsiz qolib ketaverdi.

Xususan, joriy yilning 6 oyi yakunlariga ko‘ra, 4ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi pasayib ketganligi oqibatida 288 milliard so‘mlik mahsulot hajmi yo‘qotilgan. Tabiiyki, bu holat ushbu korxonalarda ishchi o‘rni qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, viloyatda sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash ishlari e’tibordan chetda qolmoqda. Jumladan, viloyatning respublika sanoatidagi ulushi 2017 yilning birinchi yarim yilligida 6,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilning shu davrida 5,3 foizni tashkil etib, 1,5 foizga kamayib ketgan.

Joriy yilning 1 iyul kuniga qadar ishga tushirilishi lozim bo‘lgan 16ta yirik sanoat loyihalari amalga oshirilmagan. Viloyat tabiiy mineral xomashyo resurslariga boy bo‘lib, ulardan samarali faydalanish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, Paxtachida kaolin, granit, gips, Narpayda sement, keramzit, qum-shag‘al, keramika, Nurobodda sement, marmar, ohak, gips va bo‘r, Ishtixonda marmar va keramika kabi zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmagan. Mazkur shahar va tumanlar hokimlari o‘tgan olti oy davomida bironta ham tadbirkor bilan uchrashmagan, aksincha tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘lgan.

Eng achinarlisi, viloyatda faoliyat ko‘rsatmayotgan sanoat korxonalari o‘tgan yilga nisbatan 65taga ko‘payib, bugungi kunda 238taga yetgan. Viloyatda 6 oylikda eksport prognozi atigi 62 foizga ta’minlangan, xolos.

Kichik biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, qulay investitsiya muhitini yaratish masalalariga umuman e’tibor qaratilmagan. Buning oqibatida bugungi kunda viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan 18 ming 856ta kichik biznes sub’ektlarining 3 ming 458tasi yoki 18 foizi faoliyat ko‘rsatmayapti. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tkazilgan 805ta tadbirkorlik sub’ektlari bankdan umuman hisob raqam ochmagan.

Investitsiya dasturi doirasida 2018 yilning birinchi yarim yilligida umumiy qiymati 356 milliard so‘mlik 446ta loyihani amalga oshirish orqali 2 774ta yangi ish o‘rinlari tashkil etish belgilangan. Biroq 1 iyul holatiga amalga oshishi lozim bo‘lgan 58 milliard so‘mlik 44ta loyiha ishga tushurilmagani oqibatida 324ta yangi ish o‘rinlari yaratilmasdan qolgan.

Joriy yilda g‘allachilik bo‘yicha 153ta fermer xo‘jaligi 2 250 tonnalik shartnoma majburiyatini bajarmagan. Shuningdek, 2018 yil hosili uchun viloyat bo‘yicha 2 490 tonna pilla tayyorlash belgilangan bo‘lib, amalda 390 tonna pilla topshirilmagan.

Yoshlar bilan ishlash to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida 2018 yilning o‘tgan davrida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan jami 590ta turli ko‘rinishdagi jinoyatlar sodir etilgan.

«Obod qishloq» dasturiga asosan bu yil viloyatdagi 94 ming aholi yashayotgan 29ta, kelgusi yil yana 119 ming aholi yashayotgan 42ta qishloq obod qishloqqa aylantirilib, bu yerda yashayotgan aholi uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Biroq viloyatda «Obod qishloq» dasturi ijrosini ta’minlash ishlari sust bormoqda.

Sesssiyada Bosh vazir viloyatdagi yana bir qator kamchiliklarni jiddiy tanqid qilib, bunga viloyat hokimining faoliyatidagi jiddiy nuqsonlar sabab ekanligini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, ishlab chiqarish, aholi uy-joylari, ijtimoiy soha ob’ektlari qurish uchun qilgan murojaatlarini viloyatdagi soha rahbarlari faqat manfaat evaziga hal qilib berganiga alohida to‘xtaldi.

Samarqand shahrining tarixiy qismida YuNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilgan va bunga bila turib ruxsat berilgan. Ayrim hollarda tarixiy-madaniy ob’ektlar buzilishiga sabab bo‘lgan. Xorijlik sayyohlar Samarqandga yangi binolarni emas, asosan tarixiy-madaniy inshootlarni tomosha qilish maqsadida tashrif buyurishini viloyat hokimi, sohaga mas’ul bo‘lgan shaxslar inobatga olmagan.

Shundan keyin bosh vazir Turobjon Jo‘rayev Samarqand viloyati hokimi vazifasidan ozod etilganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga ko‘ra, shu vaqtgacha Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlab kelgan Erkinjon Turdimov nomzodi Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangan.

Bundan oldinroq Turobjon Jo‘rayev pora bilan qo‘lga tushgani, u Samarqand viloyatida korrupsion tizimni yo‘lga qo‘ygani fosh etilgani ma’lum qilingandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh vazir Samarqandning sobiq hokimi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar haqida