17:43 / 05.09.2018
3 303

Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining ikkinchi kunida 8ta medal qoʻlga kiritildi

Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining ikkinchi kunida 8ta medal qoʻlga kiritildi
4 sentyabr kuni Qirgʻiziston Respublikasining Choʻlpon-Ata shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining ikkinchi kunida oʻzbekistonlik sportchilar qozoq kurashi, pahlavani (Eron kurashi), goresh (Turkmaniston kurashi) va lochin ovi va tayganlar yugurishi, mas-restling boʻyicha bahslarga kirishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy Tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, oʻyinlarning ikkinchi kunida qozoq kurashi boʻyicha 20ta davlatdan 56 nafar sportchi ishtirok etib, Oʻzbekiston jamoasi vakili Sarvar Ikromov (-90 kg) kumush medalni qoʻlga kiritdi. Goresh (Turkmaniston kurashi) boʻyicha boʻlgan bahslarda esa Sherzod Rahimov mutlaq vazn toifasida bronza medaliga sazovor boʻldi.

Lochin ovi va tayganlar yugurishi boʻyicha bahslarda dunyoning 10 davlatidan 25 nafar sportchi ishtirok etib, lochinda ov yoʻnalishida oʻzbekistonlik Denis Soy bronza medalini qoʻlga kiritdi.

27ta davlatdan 127 nafar nafar sportchi ishtirok etgan mas-restling boʻyicha bahslarda ham Oʻzbekiston vakillari salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritishdi. Ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Regina Mulyasheva (-55 kg) kumush, Madina Eliyeva (-125 kg) bronza medalini qoʻlga kiritgan boʻlsa, erkaklar oʻrtasidagi bahslarda Islom Abdumalikov (-60 kg), Ilyos Kadirov (-90 kg) va Nasim Rajabov (-125 kg) bronza medaliga sazovor boʻlishdi.

Shu tariqa, 4 sentyabr kuni oʻtkazilgan bahslarda oʻzbekistonlik 20 nafar sportchi ishtirok etdi va jami 8ta medal (2ta kumush, 6ta bronza) qoʻlga kiritildi.

Bugun, 5 sentyabr sanasida Oʻzbekiston vakillari mangol box (Moʻgʻuliston kurashi) va qirgʻiz kurashi turlari boʻyicha bahslarga kirishadi.

Eslatib oʻtamiz, Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining birinchi kunida 11ta medal qoʻlga kiritilgandi.

2 sentyabrdan 8 sentyabrga qadar davom etadigan mazkur musobaqada dunyoning 66 davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi medallar uchun bahs olib bormoqda. Oʻzbekiston delegatsiyasi 13ta sport turi boʻyicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarining ikkinchi kunida 8ta medal qoʻlga kiritildi