date

Husanovning «Liverpul»ga o‘tishi haqidagi mish-mishlarga aniqlik kiritildi

Husanovning «Liverpul»ga o‘tishi haqidagi mish-mishlarga aniqlik kiritildi

So‘nggi soatlar ichida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda «Manchester Siti» futbolchisi Abduqodir Husanovning «Liverpul»ga o‘tishi mumkinligi haqida turli xabarlar keng tarqaldi. Ayrim muxlislar bu yangilikni jiddiy qabul qildi, ayrimlar esa unga shubha bilan qaradi.

Tarqalgan ma’lumotlarda asosiy manba sifatida “Anfield Papers” nomli sahifa ko‘rsatilmoqda. Ushbu platforma esa o‘z navbatida xabarni sobiq futbolchi Mamadou Sakhoning fikrlariga tayanayotganini iddao qilgan. Ammo masalaga chuqurroq nazar tashlansa, bu ma’lumotlar ishonchli manbaga asoslanmagani oydinlashadi.

E’tiborli jihati shundaki, “Anfield Papers” sahifasining o‘zi ham o‘z profilida ochiq ogohlantirish qoldirgan. U yerda “Bu akkauntni jiddiy qabul qilmang” degan izoh mavjud. Ya’ni, sahifa o‘zini axborot manbai sifatida emas, balki muxlislar uchun kontent beruvchi platforma sifatida ko‘rsatgan.

Shuningdek, mazkur akkauntning X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi obunachilari soni ham taxminan 22 ming atrofida. Bu esa katta va ishonchli insayder manbalar darajasida emasligini anglatadi. Shu bois, aynan shu sahifaga tayanib Abduqodir Husanov transferi haqida qat’iy xulosa chiqarishga asos yo‘q.

Qolaversa, Mamadou Sakhoning Abduqodir Husanov transferiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi mavjud emas. Ehtimol, u qandaydir podkast yoki suhbat davomida umumiy mulohaza bildirgan, xolos. Bu esa aniq transfer yangiligi sifatida qabul qilinishini anglatmaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Abduqodir Husanovning «Manchester Siti» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Shu bois, hozircha uning «Liverpul»ga o‘tishi haqidagi xabarlar shov-shuvli mish-mishdan nari o‘tmaydi. Muxlislarga esa faqat rasmiy va ishonchli manbalarga tayanish tavsiya etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Husanovning «Liverpul»ga o‘tishi haqidagi mish-mishlarga aniqlik kiritildi