
Kecha Transfermarkt portali Turkiya chempionatida to‘p surayotgan futbolchilarning yangilangan transfer qiymatlarini e’lon qildi. Ro‘yxatda o‘zbekistonlik legionerlar ham bor va ular bo‘yicha raqamlar muxlislarda turli fikrlar uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov maydonda barqaror va ishonchli o‘yin ko‘rsatayotganiga qaramasdan, uning bozor bahosi o‘zgarishsiz qoldi. Hujumchining joriy transfer qiymati hozir ham 5 million yevro etib belgilanmoqda. Mutaxassislar bu holatni Eldorning tajribasi va barqaror o‘yini saqlanib qolgani bilan izohlamoqda.
Biroq Turkiya chempionatida harakat qilayotgan qolgan ikki nafar hamyurtimiz uchun yangilik unchalik quvonchli bo‘lmadi. Yosh va iqtidorli yarim himoyachi Abbos Fayzullayevning narxi 1 million yevroga pasaytirildi. Natijada u hozir 7 million yevro deb baholanmoqda. Bu kamayishga qaramasdan, u hamon o‘z pozitsiyasida eng istiqbolli futbolchilar qatorida qolmoqda.
Himoyachi Husniddin Aliqulovning ham transfer qiymati biroz tushdi. Uning bahosi 0,2 million yevroga arzonlab, ayni paytda 1,5 million yevroni tashkil etmoqda. Mutaxassislar bunga jamoaviy natijalar va raqobat darajasi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Qisqacha aytganda, raqamlar o‘zgarishi mumkin, ammo maydondagi mehnat hamon eng asosiy ko‘rsatkich. Mavsum davomida yaxshi o‘yinlar bo‘lsa, baholar yana o‘sishi — gap emas. Muxlislar esa hamyurtimizdan yanada kuchli o‘yinlar kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.