18:40 / 12.01.2019
2 944

O‘zbekistonning pley-offdagi mumkin bo‘lgan raqiblari: Avstraliya, Qatar/KXDR yoki Eron!

O‘zbekistonning pley-offdagi mumkin bo‘lgan raqiblari: Avstraliya, Qatar/KXDR yoki Eron!
Hap-pash deguncha, Osiyo kubogi-2019 musobaqasining muhim - hal qiladigan o‘yinlariga yetib kelibmiz. Ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi Turkmanistonga qarshi guruhdagi ikkinchi uchrashuvni o‘tkazadi.

Birinchi o‘yin haqida nima deyish mumkin edi? Faqat ikkita javob bor: yoki Kuper "qurollarimiz"ni yashirdi, yoki u yarim yilda unchalik ishlamagan. Keling, ikkinchisini aniqlab ketaylik, boshqa bu mavzuga qaytmaslik uchun.

E’tibor bering: ishlamagan u, futbolchilar va uning murabbiylar shtabi bo‘ladi! Qolganlar ishlayapti: O‘FA ham, rahbarlari ham, matbuot xizmatidan tortib, ma’murlargacha hamma ishlayapti. Ahmadjonov barchasini qilib beryapti! Faqat Kuper & Co. ishlamagan bo‘p chiqishi mumkin. Chunki, sharoit, mablag‘ va yetarli futbolchilar bo‘la turib natija qila olmasa - ishlamagan bo‘ladi. Bu haqida salbiy natijadan keyin gapirish to‘g‘ri bo‘lsa kerak.

Ho‘p, endi birinchi holatdamiz, deb o‘zimizni ishontiraylik. Ya’ni Kuper kuchli o‘yinimizni "yashirmoq"da! Raqib o‘qib qo‘ymasin degan, ma’noda. Bu to‘g‘ri qaror! Hozir "qartalar"ni ochib tashlab bo‘lmaydi. Uni o‘yindan o‘yinga ochish kerak. Agar shunaqa qilgan bo‘lsa va qila olsa (ijobiy natija jihatidan) - uning oldida Antonio Banderasga o‘xshab shlyapamni yechaman. Meni tushundingiz.

Bugungi mavzu boshqa narsa haqida. Pley-offdagi raqiblarimiz haqida. Garchi, sal erta bo‘lsayam eslab qo‘yaveraylik.

Demak, pley-offga chiqish uchun birinchi, ikkinchi va yaxshiroq natija bilan uchinchi o‘rinni olsak ham bo‘ladi. Real baho bersak guruhda 2-o‘rinni olamiz (1-o‘rinni ovorsak - bu "kosmos"). Bilasizmi kimga tushamiz agar 2-o‘rinni olsak? "B" guruhidagi 2-o‘rin sohibiga. U qaysi jamoa deysizmi? Avstraliya! Yoki Suriya. "Kengurular"ning ehtimoli ko‘proq. Bu raqib bizga ma’qulmi?

Endi 1-o‘rinni oldik deylik. Shunaqasi ham bo‘ladi, chunki yaponlar ikkinchi tarkib bilan kelishgan. Unda "E" guruhidagi Saudiya Arabistoni/Qatar/KXDR termalaridan biri bilan o‘ynaymiz.

Agar guruhda 3-o‘rinni olsak, bizni "D" guruhi g‘olibi Eron kutib turadi. To‘g‘ri, buning uchun qolgan guruhlardagi (B va E) uchinchi o‘rin sohiblari bizdan qoniqarsizroq o‘ynashlari kerak.

Bizga kim tushgani ma’qul? Yaxshi savol bo‘lsa kerak. Men bunga javob bera olmayman. Chunki hali turkmanlarga qarshi qanday o‘ynashimizni bilmayman. Shu o‘yin ko‘p narsalarni ochadi.

Yaponiya, yoshlarini olib kelgan. Ular Olimpiada-2020 ga tayyorgarlik ko‘rishadi. Bizga qarshi o‘yinlarga ular shunchaki (katta ehtimol bilan) - sparring raqib sifatidagi hamkorimiz deb, qarashadi.

Oldimizda bitta yechim bor: O‘zbekiston o‘zining asl saviyasini ko‘rsatib har qanday raqib bo‘lishidan qat’iy nazar g‘alaba qozonishi kerak. Aks holda bunaqa o‘yin bilan uyga ketamiz. Yetakchisi yo‘q o‘yin - uzoqqa borolmaydi. Bu gap Ahmedovgayam tegishli.

Yana bir narsa: qoniqarsiz natija uchun futbolchilarga (ayrimlaridan tashqari) ma’lum ma’noda chora ko‘rish kerak. Bu amaliyotni olib kiradigan payt yetdi, allaqachon.

Qolganlar ishlayapti, futbolchilar ham ishlasin! Boshqa gap yo‘q!
Azizxon Akbarov

Manba: uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonning pley-offdagi mumkin bo‘lgan raqiblari: Avstraliya, Qatar/KXDR yoki Eron!