15:30 / 28.07.2022
1 760

Qozog‘iston–Saudiya Arabistoni: yaqinlashuvning boisi nima?

Qozog‘iston–Saudiya Arabistoni: yaqinlashuvning boisi nima?
Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon.
Foto: SPA

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yaqinda Jidda shahrida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan muzokara o‘tkazdi. Tahlilchilar dunyoda geosiyosiy vaziyat murakkab tus olayotgan pallada energetika bozorida peshqadam sanalgan ikki davlat yetakchilarining uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati muzokaralar yakunida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy munosabatlarni kengaytirishga doir muhim kelishuvlarga erishilganini ma’lum qilar ekan, podshohlikni strategik hamkor deb atagan. Tashrif davomida energetika, savdo-sarmoya, moliya, madaniyat, sport, OAV kabi sohalardagi hamkorlikka doir 13 ta hujjat imzolangan.

O‘z navbatida, Saudiya matbuoti ham Q.To‘qayev tashrifiga alohida e’tibor qaratgan. Podshohlik Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi tizimiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan.

Ta’kidlash joizki, Qozog‘iston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida hamkorlik munosabatlari qayta ko‘rib chiqilayotgani, tomonlar shunchaki diplomatik mulozimatdan real loyihalarni afzal ko‘rayotgani bejiz emas.

Dunyodagi geosiyosiy vaziyat Nursulton va Riyoz munosabatlarini jonlantirishni taqozo etmoqda. Foto: «Akorda.kz»
Birinchidan, rasmiy Nursulton ham, Riyoz ham xalqaro munosabatlarda ko‘pvektorli siyosatni kuchaytirishga intilmoqda. Har ikki davlat geosiyosiy iqlimga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi AQSH, YEI, Xitoy, Rossiya kabi o‘yinchilar bilan birdek manfaatli hamkorlik qilishga urinmoqda. Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi notinchliklar Qozog‘iston hamda Saudiya tomonining muvozanatga asoslangan tashqi siyosati to‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqning mustahkamlanishi esa geosiyosiy tarangliklarda juda asqatadi.

Ikkinchidan, Qozog‘iston ham, Saudiya Arabistoni ham ulkan tabiiy boyliklar zaxirasiga ega davlatlar sirasiga kiradi. Jahon energiya bozorida beqarorlik sharoitida ikki mamlakatning o‘zaro muntazam maslahatlashuvi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Uchinchidan, har ikki davlat xomashyo eksportiga bog‘lanib qolmaslik uchun iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, inson resurslarini takomillashtirish, ilm-fan, innovatsiya tizimini rivojlantirishga urinmoqda. «Qozog‘iston–2050» strategiyasida ham, Saudiya Arabistonining «Nigoh–2030» dasturida ham ana shu maqsad-mo‘ljal belgilangan. Bu esa bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishni taqozo etadi.

To‘rtinchidan, Saudiya Arabistoni juda katta sarmoya salohiyatiga ega. Qozog‘istonda esa hali o‘zlashtirilmagan ulkan tabiiy boyliklar mavjud. Qo‘shni mamlakat hududida volfram, uran, kumush, rux, qo‘rg‘oshin va boshqa rangli hamda qimmatbaho ma’danlarning konlari talaygina. Saudiya Arabistoni konlarda razvedka ishlarini olib borish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun sarmoya kiritishi mumkin.

Beshinchidan, har ikki davlat neft-kimyo, atom energetikasi, fazoviy tadqiqotlar sohalarini rivojlantirishga bel bog‘lagan. Bu borada o‘zaro tajriba almashuv suv bilan havodek zarur.

Oltinchidan, Qozog‘iston bug‘doy va un ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo o‘nligiga kiradi. Saudiya bu borada katta bozorga ega. Qozog‘iston podshohlikka bug‘doy va sifatli un yetkazishni taklif etmoqda.

Yettinchidan, Saudiya Arabistoni dunyo davlatlari bo‘ylab ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ko‘p million dollarli loyihalarni amalga oshirib keladi. Qozog‘istonda ham 120 mln dollardan ziyod qiymatga ega loyihalar amalga tatbiq etilgan. Bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda.

Sakkizinchidan, ikki davlat transport, logistika, turizm bo‘yicha ham hamkorlikni rivojlantirmoqchi. Bu borada, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish ham ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda sanoat, ishlab chiqarish, umuman, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari ravnaqi ilm-fan va innovatsiyaga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Qozog‘iston va Saudiya yetakchilari qo‘shma bayonotida ham ilmiy izlanishlar, innovatsiya, raqamli texnologiyalar va ta’lim yo‘nalishlaridagi tajriba almashuvlarni kuchaytirish lozimligi alohida qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston–Saudiya Arabistoni: yaqinlashuvning boisi nima?