23:17 / 07.06.2023
419

Kaxovka toʻgʻoniga nima boʻldi? Oʻzi oʻpirildimi yoki ataylab buzishdi?

Kaxovka GESi toʻgʻoni 6 iyun kuni yorilib ketdi. Foto: Anadolu

Kaxovka GESi toʻgʻoni yorilishi jiddiy humanitar oqibatlarga olib keladi, Ukraina iqtisodiyotiga salbiy ta'sir oʻtkazadi va urushning borishida ham oʻz aksini topish ehtimoli bor. Ayni paytda Ukraina toʻgʻonni buzishda Rossiyani ayblamoqda, Rossiya bunga qarshi ayblovlarni ilgari surmoqda, ekspertlar esa oʻpirilish Xerson oblastida yozda va kuzda boʻlib oʻtgan janglar oqibati oʻlaroq roʻy bergan boʻlishi mumkinligi borasida bahslashishmoqda.

Ukraina hukumati ta'kidiga koʻra, Kaxovka GES inshootlarini portlatish tungi soat 3 larda, katta ehtimol bilan RF qurolli kuchlari 205-motooʻqchi brigadasi harbiylari tomonidan amalga oshirilgan. Ukraina razvedkasi ma'lumotlariga koʻra, toʻgʻon va undan oʻtuvchi avtoyoʻlni minalashtirishlarini rossiyaliklar oʻtgan yilning bahorida stantsiyani egallashgan zahoti amalga oshirishgan, deb yozadi BBC'ga tayanib Kun.uz.

Kreml barcha ayblovlarni rad etmoqda va goh GESga Ukraina tomoni raketa hujum uyushtirgani, goh «qoʻporuvchilik» oqibatida portlatilganini ta'kidlamoqda. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni qoʻporuvchilik harakati deya atab, maqsadlar ichida «Qrimni suvdan quruq qoldirish» boʻlganini ta'kidlagan.

Qandaydir mustaqil surishtiruvlar natijasidan umid qilmasa ham boʻladi, toʻgʻon Rossiya qoʻshinlari nazorati ostida, ukrainalik tergovchilar va texnik mutaxassislar uning qoldiqlarini tekshira olishmaydi.

Toʻgʻon oʻpirilishidan bir necha kun avval, 31 may kuni Rossiya hukumati negadir Ukraina bilan urush davomida okkupatsiya qilingan hududlarda «harbiy harakatlar, qoʻporuvchilik va terrorchilik aktlari natijasida sodir etilgan» gidrotexnik inshootlarda avariyalarni texnik surishtirishni toʻxtatib turuvchi qaror qabul qilgan.

Kaxovka toʻgʻoni oʻpirilishi xavfi haqida Xerson oblastida qizgʻin urush borgan 2022 yilning kuzidan buyon koʻp gapirib kelinadi. Oʻshanda har ikki taraf Ukrainaning qarshi hujumiga tayyorlangandi — Rossiya armiyasi toʻgʻon ustidan koʻprik orqali Xersondagi guruhini oʻq-dorilar bilan ta'minlashga urinar, Ukraina QK esa bunga faol ravishda toʻsqinlik qilardi. Biroq, toʻgʻon koʻplab oʻq yomgʻirlariga turib bergandi. Endi, koʻplab belgilarga koʻra, Ukraina yana qarshi hujumni boshlamoqda. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda eng birinchi boʻlib toʻgʻon ataylab portlatib yuborilgani haqidagi versiya paydo boʻldi.

Rossiya harbiylari Kaxovka GESida. Ular stantsiyani bosqinning dastlabki kunlari, 2022 yilning fevralida egallab olishgan edi. Foto: EPA

Nima boʻlganda ham toʻgʻonning oʻpirilish sabablari hozircha aniq emas. Voqea roʻy berganidan bir necha soat oʻtib, ikkita asosiy versiya paydo boʻldi: oʻpirilish janglar davomida etkazilgan ziyonlar tufayli roʻy berganmi yoki u ataylab buzib tashlangan?

Damba yoki toʻgʻon?

Damba va toʻgʻonning farqi – ularning nima uchun moʻljallanganida. Dambalar suv oqimini cheklash uchun oʻrnatiladi, masalan, biror hududni suv toshqinlaridan asrash uchun. Dambalar ba'zan suv oqimini boʻlish yoki daryo oʻzanini cheklash uchun oʻrnatiladi.

Toʻgʻonlar esa suv sathini koʻtarish – suv omborlari yoki gidroelektr stantsiyalar barpo etish uchun quriladi. Dambalar xuddi toʻgʻon singari turli materiallar – grunt, beton, shagʻal yoki toshlardan koʻtariladi. Toʻgʻon yogʻochdan ham barpo etilishi mumkin. Kaxovka GES gidrotexnik inshooti suv sathini tartibga solish uchun ishlatilgani tufayli toʻgʻon deb ataladi. Stantsiya tarkibida tuproqdan yasalgan koʻtarma va betondan yasalgan suv tashlovchi toʻgʻon bor.

Kaxovka GESi oʻng qirgʻoqqa yaqin joylashgan koʻtarma toʻgʻon va 28 ta suv tashlovchi tiqinlarga ega beton toʻgʻondan iborat. Ularning ustida metall tiqinlarni koʻtarib tushiruvchi minorali kran yurishi uchun rels yotqizilgan. Bundan tashqari, mashina zaliga ega GES va kemalarni koʻtarib tushiruvchi shlyuz ham bor.

Sun'iy yoʻldosh va dronlar orqali olingan suratlarga koʻra, toʻgʻonning oʻpirilishi mashina zaliga yaqinroq joyda — yoʻl GES binosini aylanib oʻtish uchun burila boshlagan uchinchi tiqin hududida roʻy bergan.

Koʻprikka etkazilgan ziyon

Rossiyalik harbiylar Kaxovka GESi dambasini bosqin boshlangan 24 fevral kuniyoq egallab olishgan. Kuzga kelib, Ukraina Xerson oblastida qarshi hujum boshlagach, damba xavf zonasida qolgan edi — u orqali Xerson shahrida va Dnipro daryosining oʻng sohilida boʻlib turgan rus harbiy guruhlariga oʻq-dori, yonilgʻi, oziq-ovqat va yordamchi kuchlar etkazilgan.

Antonov koʻprigidagi avtoyoʻl va temiryoʻl kabi Kaxovka GESi toʻgʻoni ustidagi koʻprikka ham oʻt ochib turiladi. 13 avgust kuni Ukraina QK koʻprik ishdan chiqarilganini e'lon qildi. Unga raketa artilleriya zarbalari berilgandi.

Koʻprik «ishdan chiqarilishi» uning vayron boʻlganini anglatmasdi, shunchaki, undan ogʻir texnika olib oʻtish imkonsiz boʻlib qolgandi. Bu hol toʻgʻonga zarar etkazilganini ham bildirmasdi — u koʻprik ostida joylashgan boʻlib, ziyon koʻrmagan boʻlishi ham mumkin edi.

Xerson portining suv ostida qolgan qismi. Foto: Getty Images

Ushbu zarbadan soʻng paydo boʻlgan videotasvirlarda koʻrinishicha, u koʻprikning 2023 yil 6 iyun kuni roʻy bergan oʻpirilishdan uzoqdagi shlyuzi ustidagi qismiga toʻgʻri kelganini koʻrish mumkin.

Rossiya qoʻshinlari Dniproning oʻng sohilidan chekina boshlaganda, 11 noyabr kuni ular koʻprikning tuproqli koʻtarmaga yondosh qismini portlatib yuborishadi. Portlash onini GES binosida joylashgan videokamera tasvirga olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan kadrlarga qaralsa, koʻprikning bu qismi ham toʻgʻon yorilgan joydan uzoqda ekaniga amin boʻlish mumkin.

28 may kuni sun'iy yoʻldosh orqali olingan fotosuratda toʻgʻon yorilgan joydagi yoʻlga ziyon etkazilganini koʻrish mumkin. Bu erda yoʻl burila boshlaydi va oʻsha kuniyoq suv faol ravishda otilib chiqa boshlagan tiqinlardan biroz naridan oʻtgan.

Dambalar nega vayron boʻladi?

Oʻz nomini oshkor etishni istamagan gidrotexnik inshootlar sohasi boʻyicha ekspert BBC’ga toʻgʻonlarning oʻpirilishi suv haddan ziyod toʻplanib, toʻgʻon ustidan oshib tushishda yoki unga ziyon etkazilganda paydo boʻluvchi «proran»lar (yoriq yoki tuynuklar) tufayli sodir boʻlishi mumkinligini aytdi.

«Umuman olganda, u erda toʻgʻonning butunligiga raxna soluvchi nimadir sodir boʻlgan. Gap shundaki, har qanday toʻgʻon yuvilib turadi. Toʻgʻon sirtida qandaydir nuqson paydo boʻlishi bilan, uni suv bilan yuvilishdan asrash kerak. Mayli, u sal-pal namlanib turar, lekin oʻsha joyni suv yuvib oʻtishi hamono proran hosil boʻladi. Proranda suv bosimi hisobiga ziyon kattalashaveradi. Suv poʻlatmi, betonmi — farqi yoʻq, uni emirib boraveradi. U joyda shunday zoʻriqishlar paydo boʻladiki, proran kengayib boraveradi. Ya'ni, proran paydo boʻldimi, tamom, har qanday toʻgʻon emiriladi, u xoh gravitatsion boʻlsin, xoh qoziqli boʻlsin, xoh arkali boʻlsin, tuproqli yo betonli boʻlsin. Unisi ahamiyatsiz», — degan mutaxassis.

Mutaxassisga koʻra, toʻgʻonlar juda tez vayron boʻladi: «Agar u tuproqdan koʻtarma shaklida qilingan toʻgʻon boʻlsa, uning uzunligi bir kilometrmi, ikki kilometrmi, farqi yoʻq — bir necha metr proran hosil boʻlsa, toʻgʻon 15–30 daqiqa ichida yuvilib ketadi. Beton va gravitatsion toʻgʻonlar bir-bir yarim barobar uzoqroq vaqtda vayron boʻladi».

Uning soʻzlari rossiyalik matematiklar guruhining «Yumshoq asosga oʻrnatilgan beton toʻgʻonlarning buzilishi. Koʻpsektsiyali toʻgʻonlarning asosidagi proran rivojlanishining sonli modeli» ilmiy ishi bilan ham tasdiqlanadi. Unda yozilishicha, toʻgʻonning vayron boʻlishi bosqichlaridan biri — terakt, zilzila, toʻgʻon asoslari va devorlarining eskirishi natijasida «plotina asosida nuqson — boshlangʻich proran hosil boʻlishi»dir.

Toʻgʻonning 28 may kuni sun'iy yoʻldoshdan tushirilgan surati. GES binosi oldidagi koʻprik qismi hali qulab tushmagan. Foto: Maxar

Ekspert shuningdek, Kaxovka suv omboridagi suv sathi fevral oyidagiga nisbatan juda yuqori darajada boʻlganiga e'tibor qaratgan: «Fevraldan soʻng suv omborini toʻldirish bilan mashgʻul boʻlishgan. Kaxovka suv omboridagi suv sathini Rossiya nazorat qiladi. Toʻgʻonning oʻpirilishi suv ombori toʻldirilishi eng maksimal, oʻrtacha yillik sathdan yuqoriroq darajada boʻlganida roʻy bermoqda. Suv omborini maksimal darajagacha toʻldirishgan».

Buni nima uchun qilishganini aytish qiyin — toʻgʻon Rossiya nazorati ostida, front chizigʻi ham suv ombori orqali oʻtadi, shu sababli Rossiya tomoni suv sathini kuzatgan yoki yoʻqligini aniq aytish qiyin.

Nazariy jihatdan suv sathini suv tashlovchi tiqinlarni koʻtarib, nazorat qilish mumkin. Toʻgʻon ustidagi ikkita koʻk rangli ob'ektlar shu ish bilan shugʻullanuvchi kranlar. Toʻgʻonda jami 28 ta tiqin bor. Ulardan uchtasi rossiyaliklar uyushtirgan portlash tufayli zararlangan boʻlishi mumkin, lekin yana 25 tasi bor edi.

5 iyun kuni sun'iy yoʻldosh orqali tushirilgan fotosuratlardan koʻrinib turibdiki, yorilish nuqtasidagi uchta tiqinning tashqi koʻrinishi boshqalaridan farqlanib turibdi: ular koʻtarilgan. Ehtimol, ular suvning kuchli oqimini toʻsish uchun yuqoriga siljitilgan boʻlishi mumkin. Bu holda nega boshqalari koʻtarib qoʻyilmagani noma'lum.

Toʻgʻonning 5 iyun kuni sun'iy yoʻldoshdan tushirilgan surati. Foto: Maxar
Yuqoridagi suratning kattalashtirilgani. Bu erda uchta tiqin boshqalaridan farq qilishi, ular koʻtarib qoʻyilgan boʻlishi mumkinligini koʻrish mumkin. Foto: Maxar

Ataylab portlatish versiyasi

Yuqoridagilarning barchasi Kaxovka GESining toʻgʻoni ataylab, qasddan portlatilmaganini anglatadimi? Yoʻq, buni aniq qilib aytib boʻlmaydi.

«Avtomobil yoʻli oʻtgan koʻprikning bir qismi nega qulab tushgan? Yaqin tiqinlarni ham zararlagan oʻt ochishdanmi yoki toʻgʻonning proran hosil boʻlishiga olib kelgan oʻsha qismi yaqinida uyushtirilgan portlash tufaylimi?» — ekspertning soʻzlariga koʻra, ochiq manbalardagi axborotlarga qarab bu savolga aniq javob berib boʻlmaydi.

«Portlash u qadar katta boʻlishi ham shart emas. U hattoki suv ostida yuz bergan boʻlishi ham mumkin. U erda tashqi tomonda biror narsani portlatishga ham hojat yoʻq. Muhimi proran hosil qilishda. U uch-toʻrt metr kenglikda boʻlishi kerak. Qolganini suvning oʻzi bajaradi. Suv sathining 16 metr balandlikda ekani nihoyatda katta bosimdan darak beradi», — degan u.

Uning soʻzlariga koʻra, tajribali gidrotexnik mutaxassis 200-300 kilogramm portlovchi modda bilan kichikroq tuynuk ochish mumkin boʻlgan joyni aniqlab bera oladi.

Bu versiyani na tasdiqlab, na rad etib boʻladi.

Bu kimga kerak?

Maqsadli portlatish versiyasi harbiy harakatlar mantigʻiga unchalik mos kelmaydi. Voqealarning bunday tus olishi har ikki tomon uchun ham manfaatli emas.

Dnipro daryosining oʻng sohilidan Rossiya qoʻshinlari olib chiqilgach, frontning bu uchastkasi ancha sokin boʻlib qoldi. Yirik va keng daryo tabiiy toʻsiq boʻlib turar, hujum qilish uchun rossiyaliklar ham, Ukraina qoʻshinlari ham uni kechib oʻtishiga toʻgʻri kelardi.

Daryo boʻylab oʻtgan bunday pozitsiyalarni mudofaa qilish osonroq, shu sababli tomonlar bu erda yirik guruhlarni saqlashmagan.

Biroq, ekspertlar Ukraina qurolli kuchlari aynan shunday operatsiyaga qoʻl urishi — daryodan kechib oʻtib, soʻl sohilda platsdarm va unga oʻtish yoʻlaklari yaratib, ular vositasida asosiy kuchlarni oʻtkazishi mumkinligini ham taxmin qilishayotgan edi.

Lekin tahlilchilar koʻrib chiqayotgan variantlar ichida bu reja eng xavflisi edi — oʻtish yoʻlaklari Rossiya artilleriyasi olovi ostida qolardi, ularni yoʻq qilish uchun Rossiya etarli miqdordagi aviatsiya kuchlarini ham tashlashi tabiiy edi. Shu sababli bunday operatsiya ehtimoli past deb qaralayotgan edi.

Toʻgʻonning yorilishi har ikki tomon uchun ayrim taktik plyuslar bilan birga, zararlar ham etkazgan va bu ayni damda bu kim uchun manfaatli degan savolga aniq javob berishga xalaqit qiladi. Shu sababli hodisaga nima sabab boʻlganidan qat'i nazar, har ikki tomon sodir boʻlgan voqelikdan qanday foydalanishi mumkin, degan savol oʻrinliroq boʻlardi.

Kaxovka GESining toʻgʻoni yorilgach shundoq ham sersuv boʻlgan Dnipro daryosi yanada kengroq daryoga aylanadi, uni kechib oʻtish yanada qiyinlashadi.

Biroq, vaqt oʻtishi bilan suv sathi pasayadi, oʻshanda daryoni kechib oʻtish yanada osonlashadi. Toʻgʻon yorilishi ortidan paydo boʻlgan suv toshqini rus qoʻshinlarini qirgʻoqdan shosha-pisha chekinishga majbur qiladi, keyin yana shu pozitsiyalarga qaytish ularning qoʻshinini zaiflashtiradi.

Bundan tashqari, Dniprodan kechib oʻtish jarayonida toʻgʻonning yorilishi imkoniyati potentsial xavf sifatida qaralayotgan edi, chunki kechuv boshlanganda aynan mana shunday toshqin yuzaga keltirib, uning oldini olish mumkin edi.

Boshqa tomondan, bunday yorilishning siyosiy, iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy oqibatlari frontdagi vaziyatni vaqtinchalik oʻnglash imkoniyati uchun katta toʻlov boʻladi va bu oʻnglanish gʻalabani aslo kafolatlay olmaydi.

Toʻgʻonning yorilishiga ruslarni aybdor deb hisoblayotgan ukrainalik harbiy sharhlovchilar Rossiya qoʻshinlari Ukraina qurolli kuchlarining shu uchastkadan turib qarshi hujumga tayyorlanayotganini koʻrgach yoki shundan xavfsirab bu ishga qoʻl urgan, deb hisoblashmoqda.

Biroq bu vaziyatda barcha toshqinlar chekinishi va bir necha haftalar ichida Dnipro oʻz oʻzaniga qaytishi hisobga olinsa, rossiyalik harbiylar nimadan umid qilishgani tushunarsiz.

Rossiya uchun bunday qoʻporuvchilik katta tashqi siyosiy muammolar bilan burkanadi — Evropaning qoq markazida urush boshlagan mamlakatning nufuzi jahonda shundoq ham yuqori emas, bunday aktsiya uni yanada tushiradi.

Shu sababli toʻgʻonni ataylab, qasddan portlatish versiyasi harbiy mantiqqa koʻp ham mos kelmayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo