Foto: Getty Images
Ukraina qo‘shini mudofaada turmasdan, hujum harakatlarini davom ettirayotgan yo‘nalishlardan biri — Xerson yo‘nalishidir. Bu yerda Ukraina qurolli kuchlari dengiz piyodalari Dnipro daryosining so‘l sohilida kichik platsdarmlarni egallagan va o‘z qo‘lida saqlab qolmoqda. Ammo buyog‘iga nima bo‘ladi?
Ukrainlar Xerson oblastining istilo ostidagi chap sohilida bir necha taktik platsdarmlarga ega ekani — allaqachon barchaga ma’lum fakt. Bu xabar tarqalganiga ancha vaqt bo‘lsa ham, Ukraina qurolli kuchlari rahbariyati bu haqda uzoq vaqtgacha sukut saqlab keldi.
Siyosiy rahbariyat allaqachon «Xersondagi yaxshi qadamlar» haqida e’lon qilgandi. Bu haqda dastlab 8 noyabr kuni prezident Volodimir Zelenskiy ma’lum qilgandi, 14 noyabr kuni uning ofisi rahbari Andriy Yermak to‘g‘ridan to‘g‘ri «ukrain kuchlari Dniproning chap sohilida o‘rnashgani» haqida yozdi.
Faqat 17 noyabr kuniga kelib Ukraina QK bosh shtabi Dniproning chap sohilidagi «muvaffaqiyatli harakatlar»dan maqsad — raqibni imkon qadar uzoqqa surib tashlab, o‘ng sohildagi aholining xavfsizligini ta’minlash ekani haqida bayonot berdi. Zelenskiy telegram-kanalida chap sohildagi ukrain harbiylarining suratlarini namoyish etdi.
Rossiya hukumati frontning bu uchastkasiga urg‘u qaratmayapti. Lekin RF mudofaa vazirligi ukrain harbiylarining Dniproni kechib o‘tishga urinishlarining «oldi olinayotgani» to‘g‘risida tez-tez hisobot bermoqda.
Oktyabr oyi oxirida rus nashrlari Rossiyaning ushbu yo‘nalishdagi guruhi qo‘mondoni almashtirilgani haqida xabar qilgandi. «Dnepr» guruhiga endi havo-desant qo‘shinlar boshlig‘i Mixail Teplinskiy rahbarlik qilmoqda.
Uning qarshisidagi birinchi galdagi vazifa — ukrainlarning daryoning bu tomonidagi platsdarmlarini yo‘q qilish va Kreml uchun bu yo‘nalishni xavfsiz qilish hisoblanadi.
Bu qanday platsdarmlar?
Ukrainlar Dniproni kichik o‘lchamdagi qayiqlarda kechib o‘tish uchun urinishlarini boshlaganiga bir yilcha bo‘ldi.
2022 yil noyabr oyi oxiri — dekabr oyi boshlarida, RF armiyasi o‘ng sohilni tashlab chiqqanidan keyin, ukrainlar Dniproning o‘rtasida joylashgan botqoqli orollar ustidan nazorat o‘rnatishni boshlagandi.
Bu yo‘nalishdagi faol harakatlar shu yil bahorida ham davom etdi. 6 iyun kuni Kaxovka GES to‘g‘onida ro‘y bergan portlash va Dnipro suvi hududni bosishi bunga sezilarli darajada to‘sqinlik qiladi.
Ammo Ukraina QK daryoni kechib o‘tishga va Antonov ko‘prigining vayron bo‘lgan tayanchlari atrofidagi kichik hududda mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘ladi.
Avgust oyida yana bir platsdarm haqida ma’lumot paydo bo‘ladi — ko‘prikdan 20 km sharqda, Kazachya Lager qishlog‘i atrofida. Oktyabr oyida esa rossiyalik «harbiy blogerlar» yana ikki platsdarm haqida gapira boshlashdi — Krinki (Kazachya Lagerdan 7 km sharqda) va Peschanovka (Oleshkidan 3 km sharqda) posyolkalari yaqinida.
BBC Ukraina xizmatining ushbu yo‘nalishda jang qilayotgan ukrainalik harbiylar orasidagi manbalari ushbu platsdarmlarning ayrimlari ustidan nazorat o‘rnatilganini tasdiqlashgan. Bu nuqtalardagi jangchilarga o‘q-dori yetkazib berish va harbiylar rotatsiyasi Dniproni, shuningdek uning irmoqlari — Konki va Krinkini kechib o‘tuvchi kichik qayiqlar orqali amalga oshiriladi.
Ukraina QK generali, Mikolayiv mudofaasini boshqargan, hozirda esa dron operatorlari otryadi bilan janubiy yo‘nalishda jang qilishda davom etayotgan Dmitro Marchenko bu yerdagi «og‘ir vaziyat» haqida gapirgan.
«Biz ma’lum kuchlarni narigi sohilga o‘tkazdik. Hozir ular keyingi yurish harakatlarini rejalashtirish uchun mustahkam o‘rnashishga harakat qilmoqda, — deya qayd etgan u intervyuda. — Ammo vaziyat juda murakkab, juda og‘ir, chunki to‘siq bor — bu daryo. Va [kuch hamda vositalarni] olib o‘tkazish Rossiya tomonining [olovli] nazorati va zarbalari ostida kechmoqda».
Ukraina qurolli kuchlari uchun eng asosiysi — platsdarmlarga og‘ir zirhli texnikalar olib o‘tish va ularni kengaytirish imkoniyatidir, degan BBC uchun bergan intervyusida Mudofaa strategiyalari markazi eksperti, UQK harbiy-dengiz kuchlari shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Andriy Rijyenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain dengiz piyodalari shunday harakatlar uchun o‘qitilgan va tayyorlangan, ammo desant katerlari yetarli miqdorda emas.
Shuningdek, havodan qo‘llab-quvvatlov yo‘q.
Shunga qaramay, ukrain qo‘shini muvaffaqiyat qozonish imkoniyatiga ega, deya taxmin qilgan tahlilchi RF Xerson yo‘nalishida yetarli miqdorda zaxira kuchlarga ega emasligi va Dniproning so‘l sohilida kuchli mudofaa istehkomlari yo‘qligini hisobga olgan holda.
«Asosiysi, men o‘ylaymanki, Ukrainada buning uchun vaqt ko‘p emas, — deb hisoblaydi Rijyenko. — Ularning bu yo‘nalishda tayyor emasligidan foydalanish uchun bir necha hafta bor — aks holda, rossiyaliklar „Surovikin liniyasi“ barpo etib, mina va beton to‘siqlar o‘rnatgan Zaporijjya oblastidagi holat takrorlanadi».
Bu platsdarmlar nima uchun?
Voqealarning ideal rivojida ukrainlar nafaqat taktik platsdarmlarni ushlab turishi, balki ularni okkupatsiya qilingan hudud ichkarisiga imkon qadar chuqurroq kirishi uchun kerak bo‘ladigan operativ platsdarmga birlashtirishi mumkin.
Asosiy maqsad — Qrim bo‘ynigacha masofa — 100 km atrofida.
Ammo eng yaqin maqsad — Aleshki — Nova Kaxovka trassasini (T2206 yo‘li) kesib qo‘yish, ushbu yo‘lga qadar masofa taxminan 5-7 km, deya izohlagan «Informatsion qarshilik» guruhining harbiy sharhlovchisi Konstantin Mashovets.
«Asosiy reja — Nova Kaxovkaga boradigan yo‘lni uzib qo‘yish. Bu sohil bo‘yidagi, Kazachya lager, Krinki, Korsunka va boshqa aholi yashash manzillari orqali o‘tadigan yo‘l emas. U yerda yana bir muhimroq yo‘l bor, chunki bu rokada (front chizig‘i bo‘ylab yoki unga parallel yo‘nalishda ketadigan aloqa yo‘l) butun front bo‘ylab manyovrlar qilishda muhim».
5-kanalga intervyusida ekspert agar Xersondagi asosiy trassalarni nazorat qilmasa, Rossiya frontning «qaynoq nuqtalari»ga zaxiralarni tezkorlik bilan yubora olmasligiga e’tibor qaratgan.
«Agar manyovr qilish qobiliyatidan mahrum etilsa, dushman chap sohilni ushlab qola olmaydi», — deya xulosa qilgan u.
Qolaversa, Rossiya hukumatining ayrim vakillari allaqachon Ukraina qurolli kuchlari Oleshkidan Nova Kaxovkaga boruvchi trassani baribir kesib qo‘ygani haqida gapira boshladi. Xususan, bu haqda Rossiya televideniyesi efirida Zaporijjya oblastining okkupatsiya ostidagi qismi hukumati vakili Vladimir Rogov aytib o‘tgan.
«Muammo shundaki, Kinburn qumlog‘i va Aleshki o‘rtasidagi, shuningdek Aleshki va Nova Kaxovka o‘rtasidagi logistika buzilgan. Ya’ni o‘q-dori va shaxsiy tarkibni yetkazib berish uchun endi yetarlicha uzun aylanma yo‘lni bosib o‘tish talab etiladi», — deya qayd etgan u.
Ukrainalik ekspert Andriy Rijyenko rossiyaliklar yaqin vaqtlar ichida Kinburn qumlog‘idagi va Xersonning sohil bo‘yi hududlaridagi qo‘shinlarini ichkariroqdagi Radensk shahriga (Oleshkidan 12 km janubda) olib ketishi mumkinligini istisno etmagan.
Uning fikricha, RF mudofaa vazirligining 13 noyabr kungi «Dniprodan sharqdagi qo‘shinlarni qayta guruhlar» to‘g‘risidagi «xatolik» bilan chiqib ketgan ma’lumoti aynan shu bilan bog‘liq.
Kinburn qumlog‘iga kelsak, amalda Mikolayiv va Xersondagi portlarga «darvoza» hisoblanadigan bu uchastkani ozod etish Ukraina uchun o‘ta muhim sanaladi.
Agar Rossiya qo‘shini chindan ham qumloqdan haydab chiqarilsa, bu nafaqat ushbu portlarga dengiz yo‘llarini ochadi, balki bo‘g‘oz sohilida joylashgan Ochakov shahrini Rossiya artilleriya zarbalaridan xoli qiladi.
Ammo asosiy vazifa — Rossiyaning anneksiya qilingan Qrimdan keluvchi logistik marshrutlarini uzib qo‘yish, deb eslatadi Rijyenko.
«Hozir biz uchun bu yo‘l bilan Qrimga yaqinlashib, ta’minotni uzib qo‘yish uchun yaxshi palla. Bu Qrimdagi Rossiya guruhi barqarorligi nuqtayi nazaridan juda muhim bo‘ladi».
Lekin bu rejani amalga oshirish uchun vaqt kam, chunki sovuq kunlar yaqinlashayotgani va ob-havo sharoitlari yomonlashayotgani tufayli Dniproning chap sohilidagi platsdarmlarni ushlab turish kundan kunga qiyinlashib boradi.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Amerikaning Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilari ukrainlar Krinkidagi platsdarmda qolayotgani va hatto Dnipro orqali bu yerga zirhli texnikalarini olib o‘tganini tasdiqlagan.
Ammo so‘nggi kunlarda Rossiya tuzilmalari bu yo‘nalishdagi hujumlarini kuchaytirdi. Xususan, ular Ukraina QK otryadlarini Krinkidan janubdagi o‘rmonzordan surib chiqarishgan, shuningdek aholi yashash manzili bo‘ylab aviatsiya va «Solnsepyok» tizimidan zarbalar yo‘llagan.
Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador hisoblanuvchi Rybar telegram-kanali 12–13 noyabr kunlari ukrain qo‘shini platsdarmda bo‘lib turgan ilg‘or bo‘linmalari rotatsiyasini amalga oshirilgani haqida yozgan. Ukraina qurolli kuchlarining harakatlari o‘ng sohildagi stvolli va reaktiv artilleriya orqali, shuningdek, Dnipro o‘zanidagi orollarga joylashtirilgan minomyot batareyalari orqali qo‘llab-quvvatlab turilibdi.
Ukrainalik tahlilchi Konstantin Mashovets RF bu yerda zaxira kuchlarni jangga tashlamayotgani, balki Ukraina QK platsdarmini mudofaa chizig‘ining oldingi pozitsiyalarida harakatlanuvchi taktik guruhlar bilan bloklashga harakat qilayotganiga e’tibor qaratgan. Ular qo‘shni Korsunka va Kazachya Lager posyolkalari tomondan hujumlar uyushtirmoqda.
Ekspertlar ukrainlar platsdarmi kengayishi istiqbollari borasida prognozlar berishga shoshilmayapti.
Ukraina qurolli kuchlarining ushbu yo‘nalishda ishlayotgan ofitserlaridan biri BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda hozircha Dnipro orqali barqaror logistika va harbiy texnikalarni olib o‘tish imkoniyati ta’minlanmaganini bildirgan.
Qolaversa, uning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyot faqat frontning boshqa uchastkalaridagi yurish harakatlari bilan uyg‘unlikda muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Shundagina Rossiyaning manyovr qilish imkoniyatlarini cheklash mumkin. Aks holda, u «Qrimgacha yorib borish» imkoniyatlariga skeptik yondashadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring