AQSH Eronning tinchlik tashabbusini rad etdi: keskinlik kuchaymoqda

AQSH va Eron o‘rtasidagi munosabatlarda yana bir keskin burilish yuz berdi. Tehran Times xabariga ko‘ra, Vashington Tehron tomonidan ilgari surilgan urushni to‘xtatish bo‘yicha takliflarni rad etgan.
Ma’lum qilinishicha, Eron tomoni nizoni yumshatish va harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan 14 banddan iborat reja ishlab chiqqan edi. Ushbu hujjat AQSHga taqdim etilgan bo‘lib, Tehron rasmiylari unga yozma javob ham olganini bildirgan.
Biroq manbaga ko‘ra, Amerika tomoni mazkur tashabbuslarni to‘liq inkor etgan va ayniqsa, Eronning yadro dasturi masalasida o‘zining qat’iy pozitsiyasini o‘zgartirmagan. Vashington avvalgidek bosim siyosatini davom ettirish tarafdori ekani qayd etilmoqda.
Eron rasmiylari esa, agar ushbu takliflar ma’qullanganida, muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tishga tayyor bo‘lganini ta’kidladi. Bu bosqichda tomonlar nafaqat harbiy masalalarni, balki kengroq siyosiy va strategik yo‘nalishlarni, jumladan, yadro dasturi bilan bog‘liq muammolarni ham muhokama qilishi rejalashtirilgan edi.
Kuzatuvchilar fikricha, ushbu qaror ikki davlat o‘rtasidagi ishonch darajasining pastligini yana bir bor ko‘rsatadi. Natijada mintaqadagi geosiyosiy vaziyat yanada murakkablashishi va diplomatik muzokaralar jarayoni cho‘zilib ketishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!