Markaziy Osiyo suv iste’molida jahon yetakchilari qatorida: O'zbekistonchi?

Jahon miqyosida suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha yangi statistik ma’lumotlar e’lon qilindi. “Worldometer” portali taqdim etgan global indeksga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan suv iste’moli bo‘yicha dunyoning eng yuqori o‘ntaligidan o‘rin olgan.
Hududda bu borada yetakchilik Turkmaniston zimmasiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mamlakatda bir kishi kuniga o‘rtacha 15 445 litr suv sarflaydi. Bu ko‘rsatkich uni global reytingda mutlaq yetakchiga aylantirgan.
Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar ham yuqori o‘rinlarda qayd etilgan. Xususan, O‘zbekiston mintaqada yillik umumiy suv iste’moli bo‘yicha 54,56 milliard kub metr bilan birinchi o‘rinni egallagan. Aholi jon boshiga kunlik sarf esa 4778 litrni tashkil etib, bu uni dunyo bo‘yicha yetakchi o‘ntalikdan joy olgan davlatlardan biriga aylantiradi.
Keyingi o‘rinlarda:
- Qozog‘iston — 22,77 milliard kub metr yillik iste’mol, bir kishi uchun 3397 litr;
- Tojikiston — 11,49 milliard kub metr, 4460 litr;
- Qirg‘iziston — taxminan 8 milliard kub metr, 4153 litr.
Tahlillarga ko‘ra, suv iste’moli bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Markaziy Osiyo bilan bir qatorda Chili, Gayana, AQSH, Eron, Estoniya va Ozarbayjon kabi davlatlarda ham kuzatilgan.
Eng tejamkor foydalanuvchi esa Afrika qit’asidagi Kongo Demokratik Respublikasi bo‘lib, u yerda bir kishi kuniga atigi 32 litr suv sarflaydi.
Mutaxassislar fikricha, bunday yuqori iste’mol ko‘rsatkichlari sug‘orish tizimlari, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lib, mintaqa davlatlarida suvni tejash va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
O‘zbekistonda ham suv resurslaridan oqilona foydalanish, kanallarni modernizatsiya qilish va isrofgarchilikka qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari kengaytirilgani qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!