Epshteyn qurboni bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol ilk bor ko‘rsatma berdi

AQSHning Florida shtatida bo‘lib o‘tgan sud eshituvlarida dunyoni larzaga solgan "Epshteyn ishi" bo‘yicha kutilmagan ma’lumotlar ochiqlandi. Mazkur ish doirasida asli o‘zbekistonlik bo‘lgan va shartli ravishda "Roza" deb ism berilgan ayol marhum milliarder Jeffri Epshteyn tomonidan yillar davomida amalga oshirilgan tizimli zo‘ravonliklar haqida ilk bor oshkora gapirdi.
Modellik va’dasi va quldek ekspluatatsiya
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, uning boshiga tushgan qora kunlar 2008 yilda, u endigina 18 yoshga to‘lgan paytda boshlangan. Modellik biznesi agenti Jan-Lyuk Bryunel qizni AQSHga taklif qilgan va keyinchalik uni Epshteyn ixtiyoriga topshirgan.

Ayol uch yil davomida xayriya jamg‘armasi xodimi niqobi ostida kuniga 16 soatdan og‘ir mehnatga majburlangan va muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonliklarga uchragan. Eng achinarlisi, ushbu ekspluatatsiya 2009 yilda, milliarder Vest-Palm-Bichdagi qarorgohida uy qamog‘ida bo‘lgan vaqtda ham to‘xtamagan.
Adliya vazirligining kechirilmas xatosi
Ko‘rsatma berish davomida "Roza" AQSH Adliya vazirligini keskin tanqid qildi. Gap shundaki, idora tomonidan e’lon qilingan mashhur "Epshteyn fayllari"da jabrlanuvchi ayolning shaxsiy ma’lumotlari va ismi yashirilmagan.

Hujjatlarda uning nomi 538 marta tilga olingan bo‘lib, bu holat ayolning shaxsiy hayotiga jiddiy putur yetkazgan. Jabrlanuvchi buni "ikkinchi ruhiy jarohat" deb atab, Amerika odil sudlovi tizimini faqat elita qatlam manfaatlarini himoya qilishda va oddiy qurbonlar xavfsizligiga bee’tiborlikda aybladi. Vazirlik esa buni shunchaki "inson omili" tufayli yuz bergan xatolik deb izohlagan.
Ishning yakuni
Eslatib o‘tamiz, odam savdosi va voyaga yetmagan qizlarni ekspluatatsiya qilishda ayblangan Jeffri Epshteyn 2019 yilda sud hukmini kutmasdan, qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilgan edi. Biroq uning jinoyatlari bilan bog‘liq yangi tafsilotlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari hanuzgacha jahon hamjamiyati diqqat markazida qolmoqda.
Sizningcha, mashhur shaxslar bilan bog‘liq bu kabi yirik jinoyat ishlarida jabrlanuvchilarning xavfsizligi yetarlicha ta’minlanyaptimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!