14:17 / 23.11.2020
2 597

Barak Obamaning shov-shuvli kitobi chop etildi. Unda O‘zbekistonga doir epizod ham bor

Barak Obamaning shov-shuvli kitobi chop etildi. Unda O‘zbekistonga doir epizod ham bor
Foto: «SNN»
Barak Obamaning memuar janridagi kitobidan bir kunda 890 ming dona sotildi. AQSH sobiq prezidenti Barak Obamaning «A Promised Land» («Orzudagi zamin») deb atalgan kitobi sotuvga chiqqan ilk kundayoq 890 ming nusxada sotildi. Bu noshirlik tarixidagi rekord ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.

Nafaqat Qo‘shma Shtatlar, balki dunyo bo‘ylab millionlab adadda sotilishi kutilayotgan memuarda O‘zbekiston bilan bog‘liq epizod ham mavjud.

Xotira kitobida AQSHning 44-prezidenti o‘z shaxsiy hayoti, mamlakat siyosatiga doir fikr-mulohazalari bilan birga xorijiy davlatlarga safarlari taassurotlari bilan ham o‘rtoqlashgan. Asarda, xususan, B.Obamaning 2009 yili AQSH prezidenti sifatida Rossiyaga ilk tashrifi bilan bog‘liq voqealar hikoya qilingan.

Oq uy sohibi Moskvaga safar arafasida AQSH Milliy xavfsizlik kengashi xodimi Maykl Makfol bilan maslahatlashgan. M.Makfol Rossiya prezidenti lavozimida Dmitriy Medvedev faoliyat yuritayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi qarorlar baribir bosh vazir Vladimir Putin tomonidan qabul qilinishini ma’lum qilgan (1999 yildan beri Rossiyani idora etib kelayotgan V.Putin 2008-2012 yillarda rasman hukumat raisi lavozimida faoliyat yuritgan). Obamaning bayon etishicha, Rossiya prezidenti bilan Moskvadagi uchrashuvda maslahatchi M.Makfolning fikri to‘g‘ri ekani tasdiqlangan: D.Medvedev Gruziyadagi urush masalasida mustaqil qaror qabul qila olmasligini oshkor etib qo‘ygan.

B.Obama safar davomida bosh vazir Vladimir Putin bilan ham uchrashgan. AQSH rahbari sharafiga to‘kin dasturxon tuzalgan.

Putin Obama bilan uchrashuvda 45 daqiqa davomida Kremlning Oq uyga e’tirozlarini bayon etgan. Foto: «Getty Images»
Memuarda bayon etilishicha, V.Putin Qo‘shma Shtatlar Rossiyani teng huquqli hamkor deb qabul qilmayotganidan yozg‘irgan va 45 daqiqa davomida Kremlning Oq uyga e’tirozlarini bayon etgan.

«Men o‘z savolimni tugatishim bilan Putin go‘yo oxiri yo‘q monologni boshlab yubordi. U adolatsizlik bo‘lib tuyulgan barcha holatlar... va amerikaliklar tomonidan ruslarga hurmatsizlik qilinayotganini batafsil sanab o‘tdi. (2001 yil) 11 sentabr kuni prezident (Jorj) Bushga birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilgani va razvedka ma’lumotlarini taklif etganini eslatdi», – deb yozadi B.Obama.

Rossiya yetakchisi suhbat asnosida AQSHga O‘zbekiston hamda Qirg‘izistonda harbiy bazalarni joylashtirish bo‘yicha ham yordam berganini qayd etgan. V.Putinga ko‘ra, O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston rahbariyatini AQSH harbiy bazalarini qabul qilishga aynan u ko‘ndirgan.

Bu o‘rinda gap Qashqadaryo viloyati hududidagi Qarshi–Xonobod harbiy bazasi haqida ketayotganini tushunish mumkin.

Qarshi–Xonobod bazasi 2001-2005 yillar davomida AQSH harbiylari tomonidan tasarruf etilgan. Foto: «Wikipedia»
2001 yil 11 sentabr fojiasidan keyin Afg‘oniston hududida AQSH boshchiligida terrorga qarshi keng qamrovli harbiy operatsiyalar boshlandi. O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida 2001 yil 7 oktabrda imzolangan bitimga ko‘ra, Qarshi–Xonobod aerodromi vaqtincha Pentagon tasarrufiga berildi. AQSH mudofaa kuchlari harbiy bazadan Afg‘onistondagi operatsiyani qo‘llab-quvvatlash, xususan, qidiruv-qutqaruv va gumanitar operatsiyalar maqsadida foydalangan.

Shu tariqa «K2» nomi bilan ham mashhur bo‘lgan harbiy baza 2001-2005 yillar davomida Pentagon tomonidan istifoda etildi. 2005 yil iyul oyida O‘zbekiston amerikaliklar Qarshi–Xonobod bazasini olti oy davomida tark etishi lozimligini rasman ma’lum qildi. 2005 yil 21 noyabr kuni AQSHga tegishli so‘nggi samolyot Xonobod aerodromini tark etdi.

Pentagon Qarshi–Xonobod bazasidan foydalangani uchun 2003 yil yanvardan 2005 yil martga qadar muddat uchun 22,9 million dollar to‘lagani xabar qilingan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)