13:53 / 12.09.2021
2 462

Fransiya «Tolibon»ni yolg‘onchilikda aybladi va u tuzgan hukumatni tan olmasligini ma’lum qildi

Fransiya «Tolibon»ni yolg‘onchilikda aybladi va u tuzgan hukumatni tan olmasligini ma’lum qildi
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian
Foto: Pascal Rossignol / Reuters

Fransiya Afg‘onistonda «Tolibon» shakllantirgan hukumatni qo‘llab-quvvatlamaydi va uni tan olmoqchi emas. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian France 5 telekanali orqali qilgan chiqishida ma’lum qildi, deb yozmoqda «RBK».

«Toliblar ayrim xorijliklar va afg‘onlarning mamlakatdan erkin chiqib ketishiga sharoit yaratishni, mamlakatdagi ozchilik ham davlat boshqaruvida ishtirok etadigan hamda inklyuziv hukumatni va’da qilgandi, biroq bu yolg‘on bo‘lib chiqmoqda», — deya vazir so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters.

Le Drianning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya Afg‘onistondagi yangi hukumatni tan olishni va u bilan munosabatlar o‘rnatishni istamaydi.

Avval Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «Tolibon»ni rasman tan olish harakatning mamlakatda inson huquqlari, jumladan, ayollar huquqlarini himoya qilishga qanday e’tibor qaratishiga bevosita bog‘liq ekanligini tushuntirgandi. Shuningdek, Makronning fikricha, toliblar terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzishi zarur.

Fransiya TIV 8 sentabrda ham toliblarning o‘z va’dasida turmaganini bayon qilgan. «Toliblar va’dani bajarib, ijtimoiy yordam uchun erkin sharoit yaratishi kerak edi. Ularning harakatlari bergan va’dalariga mos emas», — deya qo‘shimcha qilinadi vazirlik bayonotida.

«Tolibon» mamlakatdagi yangi hukumat inklyuziv bo‘lishi va davlat boshqaruvida harakat mutlaq ustun bo‘lmasligini bildirgandi. Ammo toliblar yangi hukumat tarkibini e’lon qilganida unda birorta ham ayol yoki mamlakatdagi boshqa etnik guruhlar vakillarining yo‘qligi, vazirlar mahkamasida faqat guruh a’zolari borligi ma’lum bo‘ldi. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi rahbari Debora Layons tuzilgan hukumatni inklyuziv emas deb topgan.

«Avvalgi hukumatning sobiq a’zolari ham, mamlakatdagi ozchilik vakillari ham yangi Vazirlar Mahkamasining tarkibida yo‘q», — deya aniqlik kiritgan u.

Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov Moskvaning toliblar tuzgan hukumatni tan olishga shoshilmasligi va ularning keyingi harakatlari qanday bo‘lishini kuzatib borish haqida gapirgan. Shuningdek, u harakat vakillari bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatilishiga umid qilishini aytgan.

Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenz esa 10 sentabrda toliblar tuzgan hukumat legitim emasligini qayd etgan.

«Ularni hali hech kim tan olgani yo‘q. «Tolibon» xalqaro standartlarga ko‘ra hali legitim Afg‘oniston hukumati emas», — degan Nebenz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Fransiya «Tolibon»ni yolg‘onchilikda aybladi va u tuzgan hukumatni tan olmasligini ma’lum qildi