date
views 1 259

Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi

Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi
Shavkat Mirziyoyev ichki bozor 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga bog‘lanib qolayotganini tanqid qildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishda Andijon, Buxoro, Xorazm viloyatlari bu yerlardan samarali foydalanib, 3 martagacha hosil olib, ichki bozorni ta’minlash bilan birga eksportini 1,5 baravarga oshirgani ta’kidlandi.

Islohotlar natijasida respublikada parranda go‘shti, tuxum, baliq, guruch mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi ancha yaxshilandi.

Misol uchun, so‘nggi 3 yilda:
  • baliq yetishtirishni Andijon 4 ming tonnadan 25 ming tonnaga, Buxoro 3,5 ming tonnadan 23 ming tonnaga oshirgan;
  • parranda go‘shtini Samarqand 22 ming tonnadan 100 ming tonnaga, Toshkent viloyati 31 ming tonnadan 90 ming tonnaga yetkazgan;
  • tuxum ishlab chiqarishni Sirdaryo 127 million donadan 200 million donaga, Namangan 480 million donadan 700 million donaga, Farg‘ona 350 million donadan 600 million donaga ko‘paytirib, to‘liq o‘zini-o‘zi ta’minlayapti.

Lekin, ayrim viloyat hokimlari bu ishlarni to‘g‘ri tashkil qila olmagani qayd etildi.

«Nima, bu viloyat hokimlari hududiga qancha oziq-ovqat yetishmasligi, qancha import kirayotganini bilmaydi-mi?» deya savol qo‘ydi prezident.

Ichki bozor 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga bog‘liq bo‘lib qolayotgani qayd etildi.

Prezident bu holatni qattiq tanqid qilib, mutasaddilarga viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga bir oy muddatda ushbu 25 turdagi import mahsulotlarini o‘zimizda ishlab chiqarib, ko‘paytirish bo‘yicha loyiha paketlarini taqdimot qilib, hukumat qarorini chiqarish topshirildi.

Kelgusi yil olti oy yakuni bilan bu borada o‘zgarish qilmagan viloyat hokimlari ishdan olinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining mavsumiy o‘zgarishi yuqoriligi ko‘rsatib o‘tildi. Sababi - qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkich, quritish, saralash va saqlash quvvatlari yetishmaydi.

Shu munosabat bilan viloyat hokimlariga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 50 ta tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.

«Buning mablag‘lari bor. Lekin, birorta hokim o‘zida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablag‘larni ishlatishni ham bilmaydi», dedi prezident.

Joriy yilda meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion so‘m kredit resurslarining 670 milliard so‘mi o‘zlashtirilgani ham qayd etildi.

Hokimlar o‘zlarining takliflarida faqat amalga oshiriladigan yangi loyihalar, ular hisobiga olinadigan mahsulot hajmini ko‘rsatayotgani, bu aholining ta’minotiga qanday ta’sir qiladi, yil yakunigacha narx-navo nima bo‘ladi, degan savollarga javob yo‘qligi tanqid qilindi.

Viloyat hokimlariga o‘n kun muddatda import bo‘layotgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zimizda ko‘paytirish bo‘yicha aniq tadbirkor va aniq loyihalarni ko‘rsatib, har bir mahsulot kesimida hozir qancha va bir yil ichida qanchaga ko‘paytirishi bo‘yicha aniq reja va hisob-kitoblarni taqdim etish topshirildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi