Aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash choralari ko‘riladi.
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi prezident tomonidan imzolandi.
Unda aholining og‘irini yengil qilish, qo‘shimcha qulayliklar yaratish va ularning xarajatlarini tejash maqsadida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.
2023 yil 1 iyuldan boshlab:
a) barcha davlat organlari va tashkilotlarida «Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish» chora-tadbirlari belgilanadi. Vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari 15 kun muddatda o‘z tizimida masofadan turib, shu jumladan mobil ilovalar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini ko‘paytirish, undiriladigan to‘lovlar miqdorini kamaytirish, talab qilinadigan ortiqcha hujjatlarni bekor qilish, ko‘rib chiqish jarayonlari va muddatlarini keskin qisqartirish, shaffoflikni oshirish, aholi va tadbirkorlar bilan doimiy muloqot maydonchalarini tashkil etish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga o‘qitish bo‘yicha tadbirlar dasturini tasdiqlab, aholi va tadbirkorlarga e’lon qiladi;
b) davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi;
v) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;
g) elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda ko‘rsatish (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan) taklifini yuborish yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich «Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma»siga o‘tkaziladi hamda subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, subsidiyalar ajratish to‘g‘risidagi arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki istalgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyatini yaratish hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar va boshqa korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish ta’minlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring