O‘zbekistonda mahalliy avtoishlab chiqarish ko‘rsatkichlari biroz pasaygan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakatda 116 mingdan ortiq Cobalt ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sal kam — 117 ming donadan biroz kamroq.
Damas ishlab chiqarish hajmi ham pasaygan — 2024-yilning to‘qqiz oyida 70 mingdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 67,8 mingta avtomobilni tashkil etgan.
Shu bilan birga, UzAuto Motors Tracker modeli ishlab chiqarishni oshirgan — 31 mingdan 34 mingtaga yetkazgan. Biroq Onix soni biroz qisqargan: 24,7 mingtadan 22,5 mingtaga.
Boshqa kompaniyalar esa aksincha, ishlab chiqarishni faol oshirmoqda. Masalan, KIA avtomobil hajmini 14 mingdan 19,6 mingtagacha ko‘paytirgan. Xitoyning BYD brendi esa keskin o‘sishga erishgan — o‘tgan yilgi 681 donadan joriy yilda 13,7 mingtagacha. Shuningdek, Chery va Haval kompaniyalari ham o‘z ulushini ancha oshirgan.
UzAuto Motors esa Cobalt va Damas modellarining yangilangan versiyalarini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Yangi Damas Move va Damas Max modellari kattaroq o‘lcham, yuk ko‘tarish salohiyati va qulaylik bilan farqlanadi.
Yangilangan Cobalt esa ilgari bo‘lmagan 12 ta yangi funksiya bilan jihozlanadi, ABS tizimi takomillashtirilgan, boshqaruv blogi zamonaviylashtirilgan. Shu bilan birga, yangi “Cobalt Style MSM” va “Cobalt Midnight MSM” versiyalari ham ishlab chiqarishga kirishiladi.
Mutaxassislar fikricha, bu yangilanishlar mahalliy avtosanoatda raqobatbardoshlikni saqlab qolish va ichki bozor talabini qondirishda muhim qadam bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!