18:30 / 26.04.2024
196

Elektr va gaz tariflarini erkinlashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?

Elektr va gaz tariflarini erkinlashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminovning ta’kidlashicha, energetika tizimini moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirish uchun sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish kerak. Bu esa istiqbolda eskirgan tizimlarni modernizatsiya qilish imkoniyatini beradi.

O‘zbekistonda 2024 yil 1 maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma tizimi joriy etilmoqda. Bunday yondashuv energiya sarfini adolatli taqsimlash imkonini beradi. Ko‘proq iste’mol qilganlar kamroq sarflaganlarga nisbatan ko‘proq to‘lashini ta’minlamasak, resurslarimizni tejashimiz qiyin kechadi.

Subsidiya hisobiga amal-taqal kun kechirayotgan gaz va elektr tarmoqlarimiz barqaror rivojlanishi uchun samarali va adolatli mexanizmni ishga tushirish vaqti allaqachon kelgandi.

Qolaversa, kuz-qish mavsumida ehtiyojmand aholiga bir martalik yordam puli ham ajratilayotgani ijtimoiy adolat tamoyillari buzilmasligiga sabab bo‘ladi.

To‘g‘ri, oson bo‘lmaydi, noqulayliklar, e’tirozlar ko‘p bo‘lishi tabiiy. Lekin ertangi avlodga eskirgan tizimlarni “meros” qilib qoldirmasligimiz uchun ham tanlagan yo‘limizdan og‘ishmasligimiz shart.

Mavjud energiya resurslarini iste’molchilarga yetkazib berish jarayonining o‘zida katta yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yilmoqda. Buning asosiy sababi esa infratuzilmaning eskirib ketganligiga borib taqaladi.

Davlat tomonidan yillar davomida sohani budjet hisobidan subsidiyalash, yangi qo‘shilgan iste’molchilar ehtiyojlarini qondirish kabi ishlar uchun ko‘p mablag‘ sarflab borilganligi bois, infratuzilmani yangilash ishlari ancha orqada qolgan.

Shu sababli, kelgusi 5 yillikning o‘zida bir necha milliard dollar mablag‘ aynan eskirgan vositalarni yangilash uchun ajratilish zarurati yuzaga kelgan. Bugungi murakkab sharoitimizda eskirgan infratuzilmani modernizatsiyalash orqali yo‘qotilayotgan resurslarni iste’molchilarga yo‘naltirish energetikadagi uzilishlarga barham beradi.

Shuning uchun yaqin 5 yil davomida va keyinchalik ham energiya resurslaridan samarali, oqilona foydalanishga, shaxsiy sarf-xarajatlarimizni kuzatib borishga, tejamkorlikka o‘rganishimiz kerak. Ana shunda iste’mol madaniyati shakllanadi.

Ishlab chiqaruvchi yorug‘lik manbasini yetkazib beradi, lekin uni qanday ishlatish faqat o‘zingizga bog‘liq bo‘ladi. Har bir fuqaro elektr energiyasiga xalq mulki sifatida qarashi zarur. Shundagina barchamizda mas’ullik hissi oshadi.

Bu yerda yana bir narsaga aniqlik kiritib ketish zarur – subsidiyalar asosan aholi tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gazning amaldagi tariflari va xaqiqiy tannarx o‘rtasidagi tafovutni qoplash uchun beriladi.

Xo‘sh, o‘zi aholi qancha elektr energiyasi iste’mol qiladi? Yillar davomida bu ko‘rsatkich dinamikasi qanaqa?

1990 yilda aholining umumiy elektr energiyasi iste’molidagi ulushi 10 foizni tashkil etgan. Yiliga 4,8 mlrd kWh, oyiga bitta xonadon taxminan 100 kWh sarflagan.

2023 yilga kelib yetkazib berilgan elektr energiyasining qariyb 30 foizi (2023 yilda aholi xonadonlari iste’moli uchun 20 mlrd kWh elektr energiyasi yetkazib berilgan) aholi xonadonlariga to‘g‘ri kelib, har bir xonadonning o‘rtacha bir oylik iste’moli 220 kVt soatni tashkil qilmoqda.

Eng qizig‘i, 90 yillarga qaraganda hozirda elektr texnika uskunalarining samaradorligi yer bilan osmoncha farq qiladi. Misol uchun: bitta lampochkaning quvvati 10 barobarga, televizor quvvati 2,5 barobarga, xolodilnik quvvati 3 barobarga pasaygan, lekin o‘rtacha xonadonning oylik iste’moli 2,2 barobarga ortgan.

Ushbu paradoksning sabablarini aniqlash uchun mutahassislar tomonidan har bir xonadonlar bo‘yicha yillik monitoring va tahlillar o‘tkazildi. Natijalar o‘ta qiziqarli bo‘lib chiqdi.

Jami aholi xonadonlarining qariyb 85 foizi (6,4 mln dona) elektr energiyasining atigi 37 foizini iste’mol qiladi. Ya’ni ushbu xonadonlarda oyiga o‘rtacha 300 kVt soatgacha elektr energiyasi ishlatadi.

Qolgan 15 foiz (1,1 mln dona) xonadon esa aholiga yetkazib berilgan umumiy elektr energiyasining 63 foizini iste’mol qiladi. Chunki ular orasida oyiga 1000 kWh, 5000 kWh va xatto undan ortiq iste’mol qiladigan xonadonlar ham anchagina. Tabiiyki bunday xonadonlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismi hisoblanmaydi va ular subsidiyalangan tariflardan foydalanishi qay darajada to‘g‘ri ekanligi katta savol.

Nosirjon Aminov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Elektr va gaz tariflarini erkinlashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?