
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat Konstitutsiyasi ikki martadan ortiq prezidentlikka saylanishni taqiqlashiga qaramasdan, uchinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish imkoniyatini rad etmadi, deb yozdi The Independent. U bu haqda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida bayonot berdi.
Muxbirlardan biri undan “Konstitutsiyadagi cheklovga qarshi sudda da’vo qilasizmi?” deb so‘raganida, Tramp bu haqda hali jiddiy o‘ylab ko‘rmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u o‘zining reyting ko‘rsatkichlari haqida gapirib, “So‘rovnomalarda tarixdagi eng yuqori natijalarga ega insonman. Agar xalq xohlasa, men buni bajonidil bajaraman”, — deya javob berdi.
Tramp, shuningdek, kelgusi saylovlarda respublikachilar orasidan vitse-prezident Jey Di Vens yoki davlat kotibi Marko Rubio kabi shaxslar ham nomzod bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi. Biroq u o‘zining siyosiy salohiyati va tajribasi hanuz yuqori ekanini ta’kidlab, “men Amerikaga tinchlik olib kelgan prezidentman” degan fikrni bildirdi.
Ma’lumot uchun, AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatishga muvofiq, mamlakat fuqarosi ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas. Bu normani buzish uchun konstitutsiyaviy o‘zgartish kiritish talab etiladi.
Tramp esa bu cheklovni tarixiy va siyosiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlab, “men sakkizta urushni to‘xtatdim va millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldim. Agar xalq menga yana ishonsa, nega yo‘q?” degan fikrni bildirdi.
Shu bilan birga, siyosiy tahlilchilarning fikricha, Trampning uchinchi muddat g‘oyasi amalga oshishi uchun AQSHda keng milliy konsensus talab etiladi. Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish eng murakkab jarayonlardan biri bo‘lib, u Kongressning ikki palatasi hamda barcha shtatlarning kamida uchdan ikki qismi tomonidan ma’qullanishi lozim.
Mazkur fikrlar jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim siyosatshunoslar Trampning bu bayonotini siyosiy PR yoki saylovoldi strategiyasi sifatida baholasa, boshqalar uning haqiqatan ham uchinchi muddatni ko‘zlayotgani mumkinligini bildirmoqda.
Siyosiy kuzatuvchilar ta’kidlamoqdaki, Trampning bunday bayonoti Amerika siyosiy sahnasida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Uning tarafdorlari uni “buyuk islohotchi” deb ataydi, tanqidchilari esa “demokratik an’analarga tahdid” deb baholaydi.
Shu tariqa, Donald Trampning uchinchi prezidentlik g‘oyasi hozircha faqat siyosiy mulohaza darajasida bo‘lsa-da, bu mavzudagi muhokamalar AQSHdagi kelgusi saylovlar oldidan eng qiziq bahslardan biriga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.