23:50 / 12.11.2024
22

Bitkoin: qanday qilib oddiy to‘lov tizimi eng qimmat aktivga aylanmoqda?

Bitkoin: qanday qilib oddiy to‘lov tizimi eng qimmat aktivga aylanmoqda?
So‘nggi oylarda Bitkoin dunyo moliya bozorlarida shov-shuv ko‘tardi. Uning narxi deyarli 89,000 dollarga yaqinlashib, uni yana bir bor diqqat markaziga olib chiqdi. Bitkoin bozor kapitallashuvi bo‘yicha eng qimmat aktivlar reytingida kumushdan o‘zib ketdi.

Foto: Forklog
Ayni paytda kriptovalyutaning bozor kapitali 1,76 trln dollardan oshadi.

Yil oxirigacha Bitcoin bozor kapitallashuvi bo‘yicha hatto Saudi Aramco'ni ham ortda qoldirishi mumkin. Bu asosan neft bilan shug‘ullanuvchi Saudiya Arabistonining eng yirik kompaniyasi hisoblanadi.

Bitkoinning narxi keskin ko‘tarilishiga bir nechta sabablar bor. Birinchidan unga bo‘lgan talab o‘sib bormoqda. Xususan, yirik korporatsiyalar va institutsional investorlar (masalan, kompaniyalar va fondlar) Bitkoinni o‘z sarmoyalari portfeliga qo‘shib bormoqda. Bu esa talabni oshiradi va narxni ko‘taradi.

Bitkoinda mavjud bo‘lgan cheklangan miqdor (21 million) uni kamyob aktiv ekanini namoyish qiladi. Bu kamyoblik esa Bitkoinning qiymatini oshiradi. Har qanday ortib borayotgan talabda yetarli taklif bo‘lmasa, narx ko‘tariladi.

So‘nggi yillarda davlatlar iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p miqdorda pul nashr etmoqda, bu esa inflyatsiyani oshirib, milliy valyutalarning qiymatini pasaytiradi.

Investorlar inflyatsiyadan himoyalanish uchun Bitkoin kabi raqamli aktivlarga sarmoya qilishni afzal ko‘rmoqda.

Kriptovalyutaga bo‘lgan ijobiy qarash ham uning narxini oshiradi. Masalan, AQSH va Yevropa davlatlari uni to‘lov vositasi sifatida erkin muomalaga kiritdi.

Yana bir omil bu inson psixologiyasi bilan bog‘liq. Mavjud vaziyatdan quruq qolmaslik effektida (FOMO – Fear of Missing Out) odamlar narxi oshib borayotgan mahsulotga qiziqishi ortadi. Bu esa uning qiymatini yana oshishiga sabab bo‘ladi.

Foto: Cryptotimes
Donald Trampning 2024 yildagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishi Bitkoin narxining oshishiga sabab bo‘ldi, deb hisoblamoqda. Lekin bu voqelikni bevosita va aniq sabab sifatida ko‘rib bo‘lmaydi. Tramp yoki boshqa konservativ siyosatchilarning hokimiyatga kelishi ba’zi investorlar va moliya bozorlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi, ammo bunday jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri narx oshishiga sabab bo‘ldi deyish qiyin.

Bu o‘sishning sabablari va Bitkoinning kelgusi yo‘nalishlari haqida ko‘proq bilish uchun avvalo kriptovalyutalar, Bitkoinning o‘zi va uning rivojlanish tarixiga to‘xtalib o‘tish zarur.

Internet rivojlangani sayin odamlar “uzoqdan turib” pul to‘lashiga to‘g‘ri kela boshladi. Pulni qo‘ldan qo‘lga berishni esa umuman iloji yo‘q. Shuning uchun “o‘rtakash”larga, ya’ni elektron to‘lov tizimlari, bank yoki kurerga murojaat etish kerak.

Har qanday “o‘rtakash” bajarayotgan amaliyoti uchun haq olib qoladi, chunki tekinga ishlashni hech kim xohlamaydi. O‘tkazilayotgan pul qancha ko‘p bo‘lsa, soliqlardagi yo‘qotish ham shunchalik ko‘p. Axborot texnologiyalari rivojlangani sayin odamlar o‘ylanib qoldi: “qanday qilib xarajatlarni kamaytirish va FIKni (foydali ish koeffitsiyenti) 100 foizga oshirgan holda biznes yuritish mumkin?”.

Foto: Coinaute
Buning yechimi 2009 yil Satoshi Nakamoto matematik hisob-kitoblar natijasida ishlaydigan, yangi to‘lov tizimini ommaga taqdim etganida topildi. To‘lovni amalga oshirishda ishlatiladigan pul birligi — bitkoin deb nomlandi. Ular maxsus hamyonlarda saqlanadi va ularni boshqa hamyonga tushirish hamda ishlatish mumkin. Bu pullar raqamli pullar — kriptovalyuta olamiga ilk qadam bo‘ldi.
Kriptovalyuta — bu raqamli yoki virtual valyuta bo‘lib, u markaziy bank yoki hukumat tomonidan boshqarilmaydi. Kriptovalyutalar blokcheyn texnologiyasi asosida ishlaydi, bu ularning xavfsizligini, shaffofligini ta’minlaydi.

Kriptovalyutaning asosiy xususiyatlari uning markazlashmagani hisoblanadi. Raqamli pullar hech bir davlat yoki bank tomonidan nazorat qilinmaydi. Bu esa tranzaksiyalarni tezkor va chegara bilmas qiladi.

Kriptovalyuta tranzaksiyalari blokcheynda qayd qilinadi. Bu esa tranzaksiyalarni o‘zgartirib bo‘lmaydigan qilib saqlaydi. Aynan shu jihati uning xavfsizligini ta’minlaydi.

Foydalanuvchilar tranzaksiyalarni o‘z shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilmasdan amalga oshirishlari mumkin. Bu esa kriptoaktivga ega shaxslarning anonimligini ta’minlaydi.

Foto: Techcabel
Kriptovalyutalar turli maqsadlarda ishlatiladi: ular investitsiya vositasi, to‘lov turi yoki hatto ba’zi xizmatlar uchun chegirma vositasi bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda minglab turli kriptovalyutalar mavjud, ulardan eng mashhurlari Bitkoin, Ethereum kabi valyutalardir.

Bitkoin — bu hech qanday moddiy ekvivalenti yo‘q va shunchaki ma’lumotlar bazasidagi qaydlar jamlanmasidan iborat virtual pullar hisoblanadi.

Bir Bitkoin hamyon hisobidan pul ketgan yoki unga kelganini aniqlash uchun, mutaxassislar barchaga ochiq holda, bir hamyondan yoki boshqa manzildan qancha bitkoinlar ketgani va kelganini ko‘rsatishni taklif etdi. Ya’ni kriptovalyuta tarmog‘iga ulanilganda, barcha Bitkoinlar oldi-sotdisini ko‘rish mumkin bo‘ldi. Shuningdek, barcha hamyonlar anonimdir (egasi kim ekanligi aytilmaydi), shuning uchun kimdir qaysidir hamyon uniki ekanini aytmagan bo‘lsa, hech qachon bu haqida bilib bo‘lmaydi.

Bitkoin 2009 yilda yaratilganida, u dastlab pul sifatida ishonchsiz edi va unga aniq narx belgilanmagan edi. Dastlabki bir necha yil davomida asosiy foydalanuvchilar texnologiya ixlosmandlari bo‘lib, Bitkoinni ko‘proq tajriba sifatida ishlatgan.
2010 yilga kelib tanganing ilk narxi shakllana boshladi. 2010 yilning may oyida ilk savdo qilinadigan narx paydo bo‘ldi va birinchi real tranzaksiya amalga oshdi: o‘sha paytda bir foydalanuvchi 10,000 BTC evaziga 2 ta pizza sotib oldi. Bu tranzaksiya Bitkoinning ilk narxini shakllantirdi — taxminan 0.003 dollar.

2011 yili Bitkoinning narxi birinchi marta 1 dollarga yetdi. Bu bosqich Bitkoinning qiziqish uyg‘otishini va odamlar uni investitsiya sifatida ko‘rishni boshlaganini anglatadi. 2011 yil oxirida esa narx taxminan 5 dollar atrofida edi.

2012 yili Bitkoinning narxi taxminan 10 dollarga yetdi va o‘rtacha 5-10 dollar oralig‘ida turdi. Bu davrda Bitkoin haqida ko‘proq ma’lumot tarqala boshladi, lekin hali keng jamoatchilik orasida tanilmagan edi.

Foto: Investopedia / Alisa Morgan
2013—2024 yillar oralig‘ida Bitkoinning narxi keskin o‘zgarishlarga uchradi. 2013 yilda birinchi marta 1,000 dollarga yetgan Bitkoin 2017 yilda 20,000 dollargacha o‘sdi. Biroq 2018 yilda bozor pasayib, narx 3,000 dollarga tushdi, lekin 2020 yilda pandemiya ta’sirida inflyatsiyadan himoyalanish vositasi sifatida qiziqish oshib, Bitkoin yil oxiriga borib 29,000 dollarga ko‘tarildi. 2021 yilda narx yangi cho‘qqiga yetib, 64,000 dollarga chiqdi, ammo 2022 yilda kripto-kompaniyalar inqirozi va kripto bozorining tartibga solishga urinishlar kuchayishi sababli narx yana pasayib ketdi.

2023 yilda esa institutsional investorlarning qayta qiziqishi va AQSHda Bitkoinlarga to‘lov vositasi bo‘lishiga ruxsat berilishi ehtimollari tufayli Bitkoin narxi 35,000 dollardan oshdi. 2024 yilning boshiga kelib narx 50,000 dollardan yuqoriga ko‘tarildi. Umuman olganda, Bitkoin narxiga institutsional investitsiyalar, iqtisodiy noaniqlik, regulyatsiya o‘zgarishlari va texnologik yangiliklar kabi omillar katta ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda kriptovalyutalar savdosi legallashgandan so‘ng ularni mamlakatda ham sotib olish mumkin bo‘ldi.

Kriptovalyuta sotish faqat ixtisoslashgan kripto birjalari orqali amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, kripto birja savdolarining elektron tizimlari O‘zbekiston ichidagi serverlarga joylashtirilishi kerak, faqat litsenziyasi bor jismoniy shaxslarga kripto valyuta sotishga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog‘liq faoliyat tartibga solinuvchi sohalardan biri hisoblanadi. Hozirda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyaga ega ishtirokchilar soni 15 tani tashkil etadi.

2019 yilning dekabrida Kobea Group kompaniyasiga O‘zbekistonda UzNEX kripto-birjasi faoliyatini yuritish uchun litsenziya berilgan.
Natijada u nafaqat O‘zbekistondagi, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi rasmiy litsenziyalangan kripto-birjaga aylandi.

Foto: Bitstamp
Qanday kriptovalyuta sotib olinadi?

O‘zbekistonda rasman kriptovalyuta sotib olish juda oson. Xarid qilish jarayoni do‘kon yoki birjaga qarab farq qilishi mumkin, ammo ba’zi umumiy jihatlar mavjud. O‘zbekistonda kriptovalyuta sotib olish uchun xaridor provayder platformasining identifikatsiyalangan foydalanuvchisiga aylanishi kerak, buning uchun u KYC (Know Your Customer — O‘z mijozingizni biling) orqali tizimga o‘tadi. Jarayonning xususiyatlari va o‘ziga xos shartlari xizmatlarni taqdim etuvchi provayderga bog‘liq. Keyinchalik foydalanuvchi provayder platformasida sotib olish mumkin bo‘lgan kriptoaktivlarni provayder tomonidan belgilangan shartlar va narxda yoki bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda sotib olishi mumkin.

Masalan, 2019 yildan buyon O‘zbekistonda litsenziyalangan UzNex kriptobirjasini olaylik. Endi platformada o‘zbek so‘mlariga 10 xil kriptovalyuta, jumladan, Bitcoin yoki Ethereum sotib olishingiz mumkin.

Xarid qilishni boshlash uchun siz platforma veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishning to‘rt bosqichidan o‘tishingiz kerak. Birinchi bosqichda sizdan foydalanish shartlari, maxfiylik siyosati bilan tanishishingiz va ma’lumotlarni qayta ishlashni tasdiqlashingiz so‘raladi.

Keyingi bosqichda O‘zbekiston fuqarolari birja platformasiga OneID orqali kirishlari mumkin. Bu O‘zbekistondagi Yagona identifikatsiya tizimi bo‘lib, foydalanuvchilarning davlat organlari va tijorat tashkilotlarining turli veb-saytlari va portallariga kirishi uchun mo‘ljallangan.

Foto: Idhow
Ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida siz KYC protsedurasidan o‘tishingiz kerak. Skanerlash kerak bo‘lgan ekranda QR kodi paydo bo‘ladi.

Tizim pasportingizni suratga olishni, keyin esa shaxsingizni tasdiqlash maqsadida rasmga olishni taklif qiladi.

Uchinchi qadam telefon raqamini autentifikatsiya qilishni o‘z ichiga oladi. Qo‘shimcha xavfsizlik uchun to‘rtinchi qadam ham mavjud – Google Authenticator orqali autentifikatsiya. Bu tasodifiy parol yaratadigan dastur.

Siz uni ilovalar do‘konlaridan yuklab olishingiz va tizimga kirish uchun foydalanishingiz mumkin.
O‘zbekistonda birjalardan tashqari kriptodo‘konlar ham ishlaydi. Masalan, Paynet-Crypto do‘koni bosh direktori Ulug‘bek Muslimov uning marketda ikki turdagi kriptoaktivlarni sotib olish yoki sotish, shuningdek jo‘natish yoki qabul qilish imkoniyati borligini ta’kidlagan.

O‘zbekistonda kriptovalyuta uchun to‘lov usuli sifatida milliy valyuta so‘m qabul qilinadi, shuningdek, bir qator hollarda, masalan, kriptovalyutani mamlakatning norezidenti sotib olmoqchi bo‘lsa, bank xizmatlari orqali chet el valyutasiga sotishga ruxsat beriladi. Aniq qoidalar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq provayder tomonidan belgilanadi, deydi Aleksey Yakovenko.
O‘zbekistonda kriptoaktivlarni xarid qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Paynet-Crypto do‘koni Humo va UzCard kartalari bilan ishlaydi.

Hozir Bitkoinni sotib olish kerakmi?

Kriptovalyutalar narxini prognoz qilish, oltin, kumush yoki boshqa an’anaviy valyutalardan farq qilib, juda murakkab hisoblanadi. Buning sababi shundaki, kriptovalyutalar juda o‘zgaruvchan va bozorga har qanday ijtimoiy, siyosiy o‘zgarishlar ta’sir qilishi mumkin.
Agar tarixga nazar tashlasak, ko‘pincha aktivlar faol o‘sishdan so‘ng ikki holat yuz beradi: faol pasayish boshlanadi yoki o‘sish to‘xtab, vaqtincha barqarorlikka o‘tadi.

Shuning uchun, kriptovalyutalarga sarmoyasiga faol pasayish davrida kirish strategiyasi ko‘plab tahlilchilar tomonidan tavsiya etiladi. Bu davrda narxlar past bo‘lganda, kelajakda o‘sish kutish mumkin bo‘lgan narxni pasayish nuqtasidan sotib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa uzoq muddatda foyda keltirishi mumkin. Shunday qilib, kriptovalyutalarga sarmoya kiritish o‘ziga xos yondashuvni talab qiladi.

Erkin G‘aybullayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Bitkoin: qanday qilib oddiy to‘lov tizimi eng qimmat aktivga aylanmoqda?