
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazgan reyd davomida yirik miqdordagi tilla taqinchoqlarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
Andijon shahrida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqa bir kishidan ichida zargarlik buyumlari joylangan jo‘natmani olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Jo‘natma belgilangan tartibda, guvohlar ishtirokida ochib ko‘rilganida, uning ichida maxsus tayyorlangan 3 ta o‘ram borligi aniqlandi.
Ushbu o‘ramlarda umumiy og‘irligi 1 kilogramm 138 gramm bo‘lgan 175 dona tayyor zargarlik buyumlari bor edi. Barcha taqinchoqlar oltindan yasalgan bo‘lib, ularning bojxona rasmiylashtiruvi va sifati tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emas edi.
Mazkur taqinchoqlarning dastlabki bahosi 2 milliard so‘m atrofida ekani aytilmoqda. Tovarlarga nisbatan belgilangan tartibda tegishli huquqiy choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan zargarlik buyumlarining noqonuniy savdosiga oid 55 ta qonunbuzarlik holati aniqlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.