date

Javohir Sindarov yarim final oldidan his-tuyg‘ularini bayon qildi

Javohir Sindarov yarim final oldidan his-tuyg‘ularini bayon qildi

Jahon kubogining hal qiluvchi pallasi oldidan Javohir Sindarovning fikrlari nafaqat shaxmat ishqibozlarini, balki butun mamlakatni ruhlantirdi. Uning aytishicha, yarim finalda ikki nafar o‘zbek grossmeysterining ishtirok etishi — bu tasodif emas, balki yillar davomida yig‘ilgan mehnat, qo‘llab-quvvatlash va munosabatning natijasi.

Sindarov ta’kidlashicha, davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlar — rapid va blis jahon chempionatlari, Grand Sviss musobaqalari, kuchli davra tizimidagi turnirlar, kelasi yilgi Olimpiada kabi yirik startlar — o‘z samarasini bermoqda. Unga ko‘ra, mamlakatning shaxmatni strategik tarzda rivojlantirishi har bir shaxmatchining o‘zini alohida kuchli his qilishiga sabab bo‘lyapti.

U shunday deydi:

«Men o‘zbek bo‘lganimdan g‘ururlanaman. Har doim davlat ham, xalq ham yonimizda. Jamoadagi muhit juda kuchli, o‘zaro hurmat va birdamlik bor. Butun yurt biz uchun quvonyapti. Umid qilamanki, ikkalamiz ham Nomzodlar turniriga chiqamiz — bu eng katta marralardan biri».

Javohir Sindarov va Nodirbek Yakubboyev bugungi shaxmat avlodining ramziga aylanib ulgurgani haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, bir loyihada birga o‘sgan, bir murabbiy — Roman Vidonyak qo‘l ostida ter to‘kkan yigitlarning yarim finalda to‘qnash kelishi — o‘ziga xos baxt.

«Do‘stim Yakubboyevga qarshi o‘ynayotganimdan ham mamnunman. U bu yerda juda kuchli o‘yin ko‘rsatyapti. Murabbiyimiz uchun ham bu eng bibaho lahzalardan. Bizdan faxrlanishayotganini bilaman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Sindarovga ko‘ra, bugun 2700+ reytingga ega uch nafar o‘zbek grossmeysterining mavjudligi — butun shaxmat maktabining yuksalish belgisi. U buni mamlakatning haqiqatan ham «kuchli shaxmat davlati»ga aylanib borayotganining yorqin isboti sifatida baholadi.

Uzoq kutilgan yarim final 21-noyabr kuni start oladi. Millionlab o‘zbek muxlislari ekranlar oldida — ikki yulduzning navbatdagi katta qadamini intizorlik bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Javohir Sindarov yarim final oldidan his-tuyg‘ularini bayon qildi