
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Barqaror energetika» konferensiyasida 2030 yilgacha mamlakatda minglab sanoat va infratuzilma obyektlari ishga tushirilishini ma’lum qildi. Ushbu loyihalarga jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar hajmi $150 milliarddan oshadi.
Bundan tashqari, «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 800 mingdan ziyod energiya tejamkor xonadonlar qurilishi rejalashtirilgan. Ammo bunday loyihalarni amalga oshirish uchun elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortadi.
2030 yilgacha aholi va sanoatni elektr bilan ta’minlash maqsadida quvvati 17 ming MVt bo‘lgan «yashil» energetika obyektlari ishga tushiriladi. Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishga imkoniyat beradi.
«Yashil» energetika sohasida katta qadam sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida quvvati 3,5 ming MVt bo‘lgan, qiymati $3,3 milliardlik loyihalarning boshlanishi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatda elektr energiyasini iste’molchilarga yetkazib berishda xususiy sheriklik tamoyili joriy etilgan.
Shu yilning o‘zida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi turkiyalik Aksa Elektrik boshqaruviga o‘tkaziladi. Bu yiliga $20 million iqtisod qilishga yordam beradi.
Investorga inshootlarni modernizatsiya qilish mas’uliyati ham yuklatiladi. Prezident «Qambarota-1» GESini moliyalashtirish kelgusi yildan boshlanishini hamda Xitoy tajribasiga asoslangan quyosh elektr stansiyalari qurilishini ham e’lon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.