Holand "Siti"ning mag‘lubiyatini tan oldi: “Bu sharmandalik, ayb menda”

UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 7-turida «Manchester Siti» Norvegiyada «Budyo-Glimt»ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgach, jamoa hujumchisi Erling Holand uchrashuvdan keyingi eng keskin va ochiq chiqishlardan birini qildi. Norvegiyalik to‘purar bu safar bahonalar izlamadi — aksincha, barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini qat’iy ta’kidladi.
Holandning aytishicha, bunday paytda nafaqat yoshlar, balki tajribali yetakchilar ham oldinga chiqib, javobgarlikni his qilishi shart. U Rodri, Janluiji Donnarumma va Tijani Reynders kabi o‘yinchilarni misol qilib keltirib, “jamoadagi har bir katta figura o‘z hissasini ochiq tan olishi kerak” degan mazmunda fikr bildirdi.
«Men butun javobgarlikni o‘z zimmamga olaman. Rodri, Jiji (Donnarumma), Tijani (Reynders) kabi tajribali futbolchilar ham shunday yo‘l tutishi kerak. Hech kimni ayblamoqchi emasman, ammo bu yetarli emas. Bizda mas’uliyat hissi kuchliroq bo‘lishi shart. Biz «Manchester Siti»miz — yutmasligimiz mumkin emas. Bu holat oddiy emas», — dedi Holand.
Eng ta’sirli jihati — u gol ura olmagani uchun alohida uzr so‘radi. Holandning so‘zlarida oddiy “uzr” emas, balki haqiqiy ichki og‘riq bor edi: Budyo shahriga kelib jamoani qo‘llab-quvvatlagan har bir muxlis oldida o‘zini qarzdor his qilgani sezildi. U bu natijani “sharmandalik” deya baholab, qanday so‘z topish ham qiyinlashganini yashirmadi.
«Menda tayyor javob yo‘q. Gol ura olmaganim uchun barcha aybni o‘z zimmamga olaman. «Siti»ning har bir muxlisidan, Budyogacha yetib kelib bizga muxlislik qilgan har bir insondan kechirim so‘rayman. Bu — uyat. Rostini aytsam, nima deyishni bilmayman, faqat uzr so‘rashim mumkin.
Hissiyotlarimni muhokama qilishni istamayman. Maydonga tushganimda har doim maksimumni beraman. O‘yinlar juda ko‘p, lekin bu — mening kasbim. Endi to‘rt kundan keyin yana bahs bor, demak xatolarni to‘g‘rilab, o‘zimizni qayta yig‘ishga urinamiz», — dedi Holand TNT Sportsga bergan intervyusida.
Bu so‘zlar «Siti» muxlislari uchun ham og‘ir, ham muhim signal: jamoa ichkarisida mag‘lubiyatni “tasodif” deb o‘tirish yo‘q. Endi eng qizig‘i — maydondagi javob. Chunki katta klublarda gap ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin muxlislar bir narsani kutgan: keyingi o‘yinda “Siti” haqiqatan ham o‘zini “normal holat”ga qaytarsin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!