Afrika Kubogi finali janjali: Senegal terma jamoasiga og‘ir jazo yaqin

Afrika millatlar kubogi finalida penalti belgilanganidan keyin yuzaga kelgan katta janjal Senegal terma jamoasi uchun juda qimmatga tushishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, maydonni tark etganlar orasida bosh murabbiy Pap Tyav, darvozabon Eduar Mendi, hujumchi Nikolas Jekson, shuningdek g‘alaba gol muallifi Papa Guye kabi bir qator futbolchilar va murabbiylar 4–6 o‘yinlik diskvalifikatsiya xavfi ostida turibdi.
Hammasi VAR qarori ortidan boshlandi
Bellashuvning asosiy vaqti nihoyasiga yetib borayotgan pallada hakam VAR’ni ko‘rib chiqib, penalti belgilashga qaror qildi. Shu qarordan qattiq g‘azablangan senegalliklar norozilik sifatida maydonni tark etishdi. Vaziyat shunchalik keskinlashdiki, Sadio Mane ham jamoadoshlarini qaytarish uchun aralashishga majbur bo‘lgani aytilmoqda.
Agar terma jamoa o‘sha zahoti maydonga qaytmaganida, Senegal katta musobaqalardan, xususan jahon chempionati siklidan butunlay chetlatilish xavfiga ham tushib qolishi mumkin edi. Endi esa boshqa xavf paydo bo‘ldi: Senegal keyingi o‘yinlarda muhim futbolchilarisiz qolishi ehtimoli kuchaymoqda.
Faqat diskvalifikatsiya emas: jarima va “bo‘sh tribuna” xavfi
Ma’lum qilinishicha, Senegal terma jamoasi muxlislarning xatti-harakati sababli ham jazodan qocholmasligi mumkin. Gap 50–100 ming yevro miqdorida jarima, shuningdek bo‘lajak uy uchrashuvlarini tomoshabinlarsiz o‘tkazish ehtimoli haqida ketmoqda. Bu esa nafaqat moliyaviy, balki ruhiy jihatdan ham jamoaga qattiq zarba bo‘lishi turgan gap.
Marokash esa orqaga chekinmayapti
Finaldan keyin Marokash tomoni ham keskin qadam tashlagani aytilmoqda. Mezbonlar FIFA va Afrika futbol konfederatsiyasidan o‘yindan keyingi holatlarni qayta ko‘rib chiqishni, hatto ehtimol finalni qayta o‘tkazish masalasini muhokama qilishni talab qilgan. Ular Senegalning maydonni tark etishi va o‘yindagi umumiy shov-shuv marokashlik futbolchilarga ruhiy ta’sir o‘tkazganini ta’kidlashmoqda.
Endilikda eng asosiy savol bitta: bu finaldan keyin “jazo paketi” qay darajada qattiq bo‘ladi? Agar 4–6 o‘yinlik diskvalifikatsiyalar tasdiqlansa, Senegal katta o‘yinlar ostonasida eng kerakli figuralaridan ayrilib qolishi mumkin. Bu esa chempionlikdan ham og‘irroq yo‘qotishga aylanib ketishi hech gap emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!