
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Ilhom Haydarov Turkiya savdo vazirining o‘rinbosari Mustafa Tuzju bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini $5 milliardga yetkazish niyatini tasdiqlashdi. Bu haqda «Dune» axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi hozirda $2,4 milliardga yetib kelgan. Muzokaralar chog‘ida savdo hajmini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Ikki davlat eksport va import tuzilmasi o‘xshash bo‘lib, xalqaro bozorda yuqori raqobatbardoshlik ko‘rsatadi.
Mustafa Tuzju ikki davlat o‘rtasida imzolangan imtiyozli savdo bitimidan faolroq foydalanish muhimligini ta’kidladi. Uning aytishicha, mazkur mexanizm samarali amalga oshirilsa, savdo hajmini maqsadli ko‘rsatkichlarga olib chiqish mumkin.
Shuningdek, tomonlar o‘zbek eksportchilari duch kelayotgan tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, elektr texnika, tekstil va kabellar sohasidagi mahsulotlarga qo‘shimcha import bojlarini kamaytirish, ba’zi meva-sabzavot mahsulotlarini import qilishdagi cheklovlarni olib tashlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.